Baholash adolatli bo‘lishi kerak!
Baholash adolatli bo‘lishi kerak!
So‘nggi paytlarda ayrim xorijiy davlatlar, ayniqsa, Finlandiya ta’lim tizimi namuna sifatida ko‘p tilga olinmoqda. Ularning eng e’tiborli jihati, yutug‘i bolalarni fikrlashga o‘rgatishidir.
Sun’iy intellekt va mustaqil o‘qish, kutubxona imkoniyatlaridan keng foydalanish, bolalarni hayotga tayyorlash uchun ochiq havodagi darslar muhim ahamiyat kasb etadi. O‘qituvchilarning maktabda samarali ishlashi uchun erkinlik, kompetensiya, iqtidorli
pedagogik jamoa bo‘lishi darkor. Xorijiy ilg‘or ta’limda esa bu ta’minlangan. Tan olish kerak, bizning maktablarda yuqoridagi unsurlardan u yoki bunisi yetishmayapti.
Ikkinchidan, xorij ta’limida bola, avvalo, hayotga tayyorlanadi. Fikrlash va g‘oyalarni ilgari surish erkinlashtirilgan. Darsliklar ham asosan mustaqil fikrlarga chorlovchi mavzu va mantiqni charxlovchi g‘oyalar bilan to‘la. Shuningdek, xalqaro baholash tizimlarida birinchi navbatda hayotiy va mantiqiy masalalar beriladi. Darslik ham yagona va majburiy emas. Har bir bola biror loyiha bilan band. O‘qituvchi darsda yakka hokim emas, u ta’lim menejeriga aylangan. U kamida magistr ma’lumotiga ega bo‘lishi kerak. Bu misollardan kelib chiqib yaratilayotgan milliy ta’lim tizimi uchun quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:
Bola maktab, kollej, litsey yoki institutda bo‘ladimi, qandaydir loyiha bilan band bo‘lishi kerak. Shunda u yaxshi kuzatuvchiga aylanadi. Chunki ba’zida kuzatuvchanlik aql-zakovatdan ko‘ra yaxshiroq yordam berishi mumkin. Jarayon esa axborot texnologiyalaridan foydalanish, o‘z ustida ishlashga borib taqaladi.
O‘ylab ko‘raylik, bolalar oxirgi marta qachon teatr, muzey yoki planetariyga bordi? Oliy ta’limdagi ishlab chiqarish amaliyoti-chi? Ular ham ta’limning bir bo‘lagi axir! Insonda kasbga, ilm va ijodga motivatsiya yuqori bo‘lsagina samara bo‘ladi. Bu esa amaliyotda shakllanadi.
Qolaversa, amaliyot faqatgina a’lochilar yoki ko‘rik-tanlov g‘oliblarini emas, balki hammani qamrab olishi kerak. Boisi, har bir bolada nimagadir iqtidor bor. Uni ro‘yobga chiqarish zarur. Ko‘p tinglab, eshitib yurgan bolalarning quloqlari g‘oyalar antennasiga aylanadi. Odatda, aqlli bolalar kamgap bo‘ladi. Shuning uchun insonlarning taqdirini faqat testlar orqali aniqlash usuli nechog‘lik samarali ekanligini yana bir o‘ylab ko‘rish kerak. Balki inshoni kirish sinovlariga qaytarish kerakmikan?! Bu o‘z navbatida yoshlarda mantiqiy fikrlash va kitobxonlikka keng yo‘l ochib, savodxonlik, chiroyli husnixat ham shakllangan bo‘lar edi.
Tan olish kerakki, test tizimi sabab ko‘plab iqtidor egalari institutlarga kirolmay qoldi, ko‘plab ilmli pedagoglarning toifalari adolatsiz tushirildi. Attestatsiya masalasini ham faqat test bilan belgilash to‘g‘ri emas, nazarimda. Ijodkorlikni test bilan aniqlash xato. Endi xatolarimizni tan olib uni tuzatish yo‘liga o‘tishimiz kerak. Agar baholash maktablarda adolatli amalga oshirilsa, o‘quvchining so‘nggi olti yilgi bahosining o‘rtachasi hisobga olinishi va
keyingi bosqich kirish ballariga qo‘shilishi to‘g‘ri qaror bo‘ladi.
Yana bir masala. Xorijiy ta’limda erkin muloqot birinchi o‘rinda turadi. Barcha g‘oyalar hurmat qilinadi. Fikr erkinligi bor joyda esa yangi g‘oyalar paydo bo‘laveradi. Bolalarga o‘z fikr-mulohazalarini yozib borishini maktabdanoq o‘rgatish kerak. Bu mitti g‘oyalar keyin innovatsiyalarga aylanadi. Shuningdek, har bir bolada maktabdanoq tanqidiy fikrlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish kerak. Buning uchun darslar mavzusidan kelib chiqib ochiq havoda, IT parklar, korxonalar, ilmiy laboratoriyalarda o‘tilishi yaxshi samara beradi. Botanika, zoologiya, umuman, tabiiy fanlarning amaliy qismini ochiq osmon ostida bog‘larda o‘tishni tavsiya qilish mumkin.
Butunjahon iqtisodiy forumining ma’lumotiga ko‘ra, yangi texnologiyalarning tatbiq etilayotgani 2025-yilga kelib xodimlarning 50% ini qayta tayyorlashni taqozo qiladi. Shu o‘zgarish jarayonlarini ham hisobga olish kerak. Bugungi bitiruvchi murakkab masalalarni hal qila olmasa, boradigan ish joyida muammolar girdobida qoladi.
Yangi darslik mualliflari samarali o‘qitish usullarini xorijiy tajribalardan o‘rganishi lozim. Milliy o‘quv dasturi asosida joriy qilinayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari darsliklarida o‘quvchilarda tanqidiy va ijodiy fikrlash, masalaga yechim topish, texnologik dizayn va dasturlash, 21-asrning boshqa ko‘nikmalarini rivojlantirish hisobga olinishi lozim. Shunda ruhiyati kuchli, stressga chidamli, moslashuvchan, mulohazali va, eng muhimi, fikr yurituvchi yoshlarni tarbiyalagan bo‘lamiz.
Baxtiyor KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi xalq
o‘qituvchisi