Baholash tizimini isloh qilish vaqti kelmadimi?
Baholash tizimini isloh qilish vaqti kelmadimi?
Maktabda o‘quvchilarni baholash ta’lim jarayonining muayyan bosqichida o‘quv maqsadlariga erishganlik darajasini oldindan belgilangan mezonlar asosida o‘lchash, natijalarini aniqlash va tahlil qilishdan iborat jarayondir. Birinchi navbatda, baholash orqali Davlat ta’lim standartlarining bajarilish darajasi aniqlanadi.
Keyingilari: o‘quvchining o‘zlashtirishi o‘rganiladi, o‘rganish vaqtida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar
uchun eslatma vazifasi bajariladi, ya’ni ko‘proq o‘qish, izlanish talab etiladi, shuningdek, ota-onalar farzandlarining bilim darajasi haqida ma’lumotga ega bo‘lib boradi. Baholash o‘quvchilarni sinfdan sinfga ko‘chirishga asos bo‘ladi. Maktab ta’limida mezonga asoslangan(yoki maqsadli) va qiyoslashga asoslangan(nisbiy) baholash shakllari mavjud.
Mezonga asoslangan(yoki maqsadli) baholash – bilim, ko‘nikma va malakalarni, o‘quv maqsadlarini hisobga olib, oldindan belgilangan va hamma uchun bir bo‘lgan mezonlar asosida baholashdir.
Me’yorga asoslangan(nisbiy) baholash – bilim oluvchilarning erishgan natijalarini o‘zaro taqqoslash orqali baholashdir.
O‘quvchi bilimi va o‘zlashtirish darajasi joriy(kundalik, davriy), oraliq va yakuniy nazoratlarda besh ballik usulda butun sonlar yordamida baholanadi: 1, 2, 3, 4, 5.
Savol tug‘iladi: ushbu baholash tizimi o‘quvchi bilimini shaffof baholashga xizmat qilyaptimi?
Bu savolimizga javob kichik tahlil o‘tkazishni talab etadi. Yuqorida qayd etib o‘tgan nazorat turlariga batafsil ta’rif bersak. Chunki o‘quvchining o‘zlashtirayotgan bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalari ushbu nazorat turlarida baholanadi.
Joriy nazorat – bu ta’lim jarayonida o‘quvchilar tomonidan o‘quv dasturida belgilangan muayyan mavzularning o‘zlashtirilishi, bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalari darajasini aniqlash, baholash shakli. Bu nazorat o‘qituvchi tomonidan o‘tkazilib, o‘quvchilarning bilim darajasini aniqlash fanning har bir mavzusi bo‘yicha kundalik ballar qo‘yib borishni nazarda tutadi.
Oraliq nazorat – o‘quvchilar tomonidan o‘quv materialining muayyan bob yoki bo‘limlari bo‘yicha o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalari darajasini aniqlash, baholash shakli.
Yakuniy nazorat – ta’lim oluvchilarning chorak yoki yarim yillik uchun belgilangan o‘quv materiallari bo‘yicha o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalari darajasini aniqlash, baholash shakli bo‘lib, o‘rganilgan mavzular bo‘yicha yozma, og‘zaki, test shaklida o‘tkaziladi.
Misol tariqasida, chorak davomida o‘quvchiga qo‘yiladigan baholar xususida to‘xtalsak. 5-sinfda ona tili darsi
I chorakda 36 soat o‘tiladi. Shundan,
3 soat oraliq nazorat ishlari: bayon, diktant (2 ta), va 1 soat chorak yakuni uchun yakuniy nazorat – test sinoviga ajratiladi va mezonga asoslangan baholash tizimi bilan o‘zlashtirish darajasi belgilanadi. Qolgan soatlar esa, ya’ni 32 soat yangi mavzu va amaliy mashg‘ulotlarga ajratilgan. Bunda, asosan, o‘quvchilar bilimi va maqsadga erishganlik darajasi joriy nazorat ishlarida me’yorga asoslangan baholash tizimi bilan belgilanadi.
Ko‘rinib turibdiki, o‘quvchining umumiy balini hisoblashda joriy nazorat ishlarini baholash ustunlik qilyapti.
Xo‘sh, ayting-chi, mezonga asoslangan oraliq va yakuniy nazorat ishlarining baholari emasmi, aslida, o‘quvchi bilimini darajalash. Hisoblashda yozma ishlar va kundalik so‘rovlar natijalarini bir-biridan ajratib turadigan jihat nimada? O‘quvchining shakllantirilgan ko‘nikma va malakasini baholashda oraliq va yakuniy nazorat ishlari asosiy omil emasmi? Yanayam aniqroq qilib aytganda, mezonga asoslangan baholash va nisbiy(taqqoslash) baholashning umumiy hisoblashda bir-biridan ajratib turadigan ahamiyati nimada? Faraz qilaylik, Azizbek ona tili darsida juda faol o‘quvchi. Og‘zaki nutqi ravon. O‘tgan mavzular o‘rganilganligi tekshirilganda ham a’lo baholarga javob beradi. Individual so‘ralganda ham, jamoa tarkibida ham yaxshi javob beradi. Shuning uchun kundalik baholari 4,5,5,4,5,5,…5. Ammo matn yaratish, bayon, diktant yozganda – yozma nutqida no‘noqlik yaqqol seziladi. Imloviy xatoliklari, husnixatining talab darajasida emasligi, o‘rni kelganda har kuni tekshirilgan bilimining ham nazoratda susayganligi kuzatilishi Azizbekning oraliq va yakuniy nazorat baholarini pasaytiradi: 3, 3,..3. Aksincha, Feruzbekni joriy nazoratlarga jalb etish qiyin. Bilib turgan javobini ham aytgisi yo‘q, shaxsiy xarakter-da(shunda o‘qituvchi mahorati juda katta rol o‘ynaydi). Yozma nutqi esa chiroyli! Fikrlarini, mavzuga, muammoga mustaqil yondashuvini ko‘rsangiz havas qilasiz. Lekin og‘zaki nutqida bularni aks ettirmaydi. Butun sinf oldida baholanadigan joriy nazorat baholari: 4, 4, 3, 4, 4, 3, …..4. Oraliq nazorat va yakuniy baholari: 5, 5, …5. Ikkala o‘quvchiga ham joriy baholar nisbiy qo‘yiladi. Shaxsiy fazilatlari, fanga qiziqishi, harakati, sinf o‘quvchilariga nisbatan darajalanadi. Sinfda 25–30 nafar o‘quvchi ta’lim olsa, har biriga qo‘yilgan baholar qaysi me’yorga va mezonga asoslanganligini dalillar bilan keltirish mumkin. Keling, qisqa qilib, ikki o‘quvchining baholarini umumlashtiramiz:
Azizbek — kundalik baholari: 4+5+5+4+5+5+5+; nazorat ishlari: 3+3+3=42/10=4,2=4.
Feruz — kundalik baholari: 4+4+3+4+4+3+4+; nazorat ishlari: 5+5+5=41/10=4, 1=4.
Ushbu umumiy ball o‘quvchining fanni bilish darajasini to‘g‘ri belgilay oldimi?
Ota-onalar ham haqli savol berib qolishadi: “Nega farzandimning daftarida faqat besh-u, kundaligida uch, to‘rt ham bor?”. Rostan ham nega oraliq va yakuniy nazorat ishlarida nuqul besh oladigan o‘quvchining chorakligi to‘rt? Kundalik baholash ham katta ahamiyatga ega jarayon. Ammo haqiqiy bilimni tekshirishda biroz “xalaqit” berayotgani ham yolg‘on emas-da. (Go‘yo aldamchi bahoga o‘xshaydi). Tashqi monitoring kelganda, hech qanday rol o‘ynamay qoladi-da, bu og‘zaki so‘rovlar-u
seminarlar! Balki joriy nazoratni alohidalagan ma’qulmikan? Balki kundalik baholarni jurnalga qayd etishdan kechish afzalmikan? Bunga qat’iy hukm berishga ojizmiz.
Xullas, fikrimcha baholash tizimini isloh qilish kerak. Shunday
isloh qilinsinki, faqat mezonga asoslansin, bilimni tekshiruvchi oraliq va yakuniy nazorat ishlari baholari “tarozida tosh bossin”.
Siz-chi? Ushbu jarayonga siz qanday munosabatdasiz, aziz hamkasb?
Dildor NURMUHAMMEDOVA,
Termiz shahridagi
23-maktab o‘qituvchisi