Bahorning ilk kuni
Bahorning ilk kunida…
Dunyoning tund chehrasi ochiladi, dimoqni qitiqlovchi, ko‘ngilni yashnatuvchi, seni shirin xotiralar sari yetaklovchi iforlar sochiladi bahorning ilk kunida. Yelkangdagi yag‘ir chiqqan qishni mixga ilib, tashqariga shoshilasan. Oftobning iliq nurlariga to‘ladi dunyo, yuraging hapqiradi bahorning ilk kunida… Sochlari mayda o‘rilgan qizlar Zulfiyaxonimning she’rlari bilan kutib oladi ko‘klamni. Balki shundandir, Zulfiyaxonim deganda bahor, bahorni eslaganda Zulfiyaxonim ko‘z oldimizga kelaveradi.
Bugun yurtimizda Zulfiyaxonimning tavallud kuni katta xursandchilik bilan nishonlanmoqda. Xususan, Yangihayot tumanidagi 331-maktabda ham “Zulfiyaxonim izdoshlari” deb nomlangan tadbir tashkil etildi. Unda o‘qituvchi va o‘quvchilar, ota-onalar hamda “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindori, taniqli shoira Guljamol Asqarova ishtirok etdi.
Dastlab o‘quvchilar Zulfiyaxonimning hayoti va faoliyati haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berishdi. Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Ayniqsa, 5-6-sinf o‘quvchilarining shirin tillaridan yangragan she’rlar yig‘ilganlarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Guljamol Asqarova Zulfiyaxonim ijodi, uning jasoratga to‘la umr yo‘li haqida gapirib, o‘z ijodidan namunalar o‘qidi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Sahna chinakamiga iste’dodlar maydoniga aylandi. O‘quvchilar ijod, sport, raqs, musiqa sohasidagi iqtidorlarini ko‘rsatib, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning haqiqiy izdoshlari ekanligini namoyish etishdi:
Hamon e’tiqodim haqiqat, haqdir,
So‘zlayman yuzimni tutib Ka’baga.
Yemira olmaydi o‘tkinchi taqdir
Osuda ketadi ruhim abadga.