Barcha bitiruvchilar talaba bo‘ldi
Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning tashkil topganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.
Bu yil maktabimizning ilk qaldirg‘ochlari mustaqil hayot sari qadam tashladilar. 27 nafar bitiruvchi o‘g‘il-qizlarning 10 nafari grant, 15 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida nufuzli oliy ta'lim muassasalariga, 2 nafari muddatidan avval Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga qabul qilindi.
E’tiborlisi, Prezident ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimidagi ijod maktablarining bitiruvchilariga ixtisoslik yo‘nalishlaridan kelib chiqib, davlat oliy ta’lim muassasalarining tilshunoslik, adabiyot, pedagogika, tarjimonlik, jurnalistika sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to‘lov kontrakt asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga kirish huquqi berilgan bo‘lsa-da, o‘quvchilar bu imtiyozdan foydalanishmadi. Ular o‘z bilimiga tayangan holda OTMga yuz foiz ko‘rsatkich bilan o‘qishga kirishdi.
Bu yutuqlar zamirida maktabda yaratilgan shart-sharoit, hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlikning ahamiyati katta. Bu yerdagi shinam va yorug‘ o‘quv xonalari, zamonaviy kompyuter sinflari, yuqori malakali pedagog va tarbiyachilar, ijod bog‘i, sport maydonlari o‘quvchilar ixtiyorida. Maktab o‘quvchilarining turli ijod namunalari ommaviy axborot vositalarida chop etib kelinmoqda. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan o‘quvchilarning she’rlari jamlangan “Ikki qalb izdoshlari” to‘plami nashrdan chiqarildi. Bundan tashqari, o‘quvchilar respublika miqyosidagi turli ko‘rik-tanlov, tadbir va festivallarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Ushbu natijalarga erishishda N.Xolmatova, Sh.Mavlonova, N.Abirqulova, Z.Ashurova, B.Muxtorov kabi o‘qituvchilarning hissasi katta.
Dilafro‘z HAMDAMOVA,
Hamid Olimjon va Zulfiya
nomidagi ijod maktabi direktori