Baxtiyor Saidov – vazirlikning maxsus jamg‘armasi o‘qituvchilarga o‘ziga xos motivasiya beradi
Joriy yilning 28 yanvar kuni Davlatimiz Rahbari maktab ta’limini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan mamlakatimiz kelajagi uchun yuksak ahamiyatga molik yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda muhim qarorlar qabul qilingani va ko‘plab vazifalar belgilab berilgani bugun xalq ta’lim tizimining davlat siyosati darajasidagi asosiy masalalaridan biri ekanligini ifodaladi. Qayd etish joizki, maktablar infratuzilmasini yaxshilash, qurilish ishlarini olib borish Xalq ta’limi vazirligi zimmasidan hokimliklar tasarrufiga o‘tkazilgani bizga barcha e’tiborni ta’lim-tarbiyaga, maktabda ta’lim sifatini oshirishga qaratish uchun yana bir imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Zero, kelajak avlodning ta’lim-tarbiyasi poydevori aynan maktab sanaladi.
Ta’lim sifatini yuksaltirishda ikkita asosiy yo‘nalish mavjud. Birinchisi, o‘qituvchilarning bilim saviyasi, kasb mahoratini oshirish. Davlatimiz Rahbari endilikda yuqori malakali, o‘z ustida doimiy ishlaydigan muallimlar faoliyatini yangi yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash, mahoratli pedagoglar tajribasidan samarali foydalanib, ularning o‘qitish metodikasini ommalashtirish kabi vazifalarni ilgari surdi. Prezidentimiz o‘qituvchi bilimli bo‘lmasa kelajak avlodga hech narsa bera olmasligini kuyunib qayd etar ekan, bugun ayrim pedagoglar sifatli dars o‘tishga emas, ko‘proq soat olishga intilishini alohida qayd etib o‘tdi. Darhaqiqat, shunday, afsuski, bugun o‘qituvchilarni bolalarning ta’lim olishi emas, ko‘proq o‘z manfaati qayg‘uga soladi, go‘yo. Shu sababli, har birimizga ta’limga bo‘lgan yondashuvni qayta ko‘rib chiqish vazifasi topshirildi. Shu bilan birga xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga barcha vazirlik va idoralar birdek mas’ulligi alohida ta’kidlandi. Endilikda maktab ta’limini isloh qilish kengashlari tuzilishi va ularga shaxsan Prezidentimizning o‘zlari rahbarlik qilishlari sohada keskin burilish kutilayotganidan darak beradi.
Davlatimiz Rahbari topshirig‘iga ko‘ra, boy tajribaga ega pedagoglar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan Xalq ta’limi vazirining maxsus jamg‘armasi o‘qituvchilarning ish faoliyatini yanada rivojlantirish uchun o‘ziga xos motivasiya beradi.
Ikkinchi asosiy yo‘nalish bu o‘quvchilar uchun zamonaviy darsliklar yaratish. Davlatimiz Rahbari tomonidan yana bir muhim topshiriq bo‘ldi-ki, unda darsliklarni yangilash kerakligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Ayni vaqtda yangi avlod darsliklarini ilg‘or tajribalar asosida to‘liq yangilash uchun Angliya, Fransiya, Germaniya kabi davlatlardan qirqqa yaqin xalqaro ekspertlar jalb qilingan. Mazkur darsliklar o‘quvchilarning nazariy bilimlarini oshirib, fikrlashga chorlaydigan metodikalar sirasiga kiradi.
Kelgusi besh yilda 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratilishi yuzasidan berilgan topshiriq ham ta’limda amalga oshirilishi kutilayotgan tub islohotlardan biri. Nimaga aynan 1 mln. 200 nafar o‘quvchi o‘rni? Bu degani yaqin besh yillikda aholi soni o‘sishi bilan bir qatorda maktab o‘quvchilarining soni ham o‘sadi. 2025 yilga borib, o‘quvchi soni 7 mln.dan ko‘proqni tashkil etadi. Tabiiyki, maktablarda shuncha o‘quvchi o‘rni ham bo‘lishi kerak. Shularni inobatga olgan holda hurmatli Prezidentimiz 2022 yilning o‘zida 527 ta yangi va ta’mirtalab maktablarni rekonstruksiya qilish yo‘li bilan kerakli o‘quvchi o‘rni yaratilishini rejaga kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bir so‘z bilan aytganda, maktab ta’limini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish uchun ulkan islohotlar sari dadil qadam qo‘yildi. Galdagi marra ushbu qadamlarni jadal suratlarda bosib o‘tish! Zero, Davlatimiz Rahbarining ta’biri bilan aytganda, ushbu islohotlar Vatanimiz kelajagi va bu yo‘lda shoshqaloqlik qilish yaramaydi. Shunday ekan, mazkur mas’uliyatli yo‘lda barchamiz strategik maqsadlarni to‘g‘ri belgilab olishimiz lozim.