Bir darsda butun tarix mujassam
Maktab hayoti
Bir darsda butun tarix mujassam
Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi 10 - maktabining tarix fani o‘qituvchisi Gulnozaxon Roiziqova dars mashg‘ulotlarini ko‘p yillik pedagogik tajribasiga tayanib olib boradi. Tarix fani o‘qituvchisi sifatida dastlabki ish faoliyatini boshlaganiga ham fariyb 20 yil bo‘layotgan muallima ayni qaynoq mehnat pallasida. U dars mashg‘ulotlarini o‘quvchilar yoshiga mos tushuntirishga harakat qiladi. O‘quv rejasi asosidagi belgilangan mavzularni o‘quvchilarga yanada tushunarli yetkazish maqsadida oddiy kundalik hayotimizda uchrab turadigan hayotiy misollarni tarixiy voqea-hodisalarga bog‘liq tomonlarini ochib beradi. Pedagogning dars mavzularini bu kabi sodda, hayotiy misollar bilan tushuntirishlari natijasida esa o‘quvchi yoshlar faolligi yanada oshib boradi. Shu bois uning o‘quvchilari nafaqat tuman, balki viloyat miqyosidagi fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli qatnashib faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Joriy yilda ham uning o‘quvchilaridan biri ya’ni 10 umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Shohruhbek Tursunov umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan viloyat olimpiadasida tarix fani bo‘yicha viloyatda 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bu esa o‘qituvchi Gulnozaxon Roziqovani yangi marralar sari ruhlantirib yubordi.
— Tarix fani dunyo xalqlarining tarixi, turmush tarzi, urf-odatlaridan darak beruvchi yagona fan bo‘lib, murakkab bo‘lishiga qaramasdan barchamiz uchun qiziqarlidir, — deydi Gulnozaxon Roziqova.
Muallimaning aytganicha bor, tarix fani biroz murakkab, ammo juda qiziqarli fandir. Shu bois tarix fani dars mashg‘ulotlari orqali o‘quvchi yoshlar bolalikdanoq ona vatan tarixiga nazar tashlarkanlar, o‘tmishimiz zarvaraqlariga bitilgan turli davrlarga xos voqea va hodisalar, moziy davr odamlarining turmush-tarzi, urf-odatlari kabi hayotiy muhim omillar ularni sehirlab qo‘yadi go‘yo. Huddi, bir darsda butun tarix mujassamdek.
Bugungi kunda mamlakatimizda barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-sinf o‘quvchilari uchun “Tarixdan hikoyalar” darslik kitobi o‘quv dasturiga kiritilgan bo‘lib, bu darslikda yosh o‘quvchilarning dastlabki tarix fani haqidagi bilimlarini boyitish maqsadida biroz soddaroq tarixiy hikoyalar asosida mavzular keng yoritilgan. Bu esa o‘quvchilarning tarix faniga qiziqishlarini oshirishda muhim omil hisoblanadi. Ana shu kabi bilimga chanqoq yoshlar ustoz va muallimlar yordamida bosqichma-bosqich tarzda nafaqat ona vatanimiz, balki dunyo tarixi bo‘yicha bilimlarini mustahkamlab boradilar. Bir so‘z bilan aytganda maktab o‘quvchilarining tarix faniga bo‘lgan qiziqishlarini oshishida maqolamiz qahramoni Gulnozaxon Roziqova kabi tajribali pedagoglarning o‘rni beqiyosdir.
Nodiraxon MATXOLIQOVA,
shu maktab o‘qituvchisi