Bir haftalik kurs o‘qituvchi malakasini haqiqatan oshirarmikan?
Bir haftalik kurs o‘qituvchi malakasini haqiqatan oshirarmikan?
A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqarishdan ajralgan holda malaka oshirish kursi uchun ishchi o‘quv reja va dasturi bir haftaga mo‘ljallangan bo‘lib, 36 soatni tashkil qiladi. Undan 18 soati “Fandagi yangiliklar, fanni o‘qitishning dolzarb masalalari”dan iborat.
Bir haftalik kurslar uchun barcha fanlardan tuzilgan ishchi o‘quv rejalar bir qolipga solib qo‘yilgan. Ishchi o‘quv reja va dastur tuzishda har bir fanning mazmuni, maqsad, vazifalari, nazariy masalalari va metodikasiga e’tibor
berilmagan.
Malaka oshirish tizimida toifalar bo‘yicha tabaqalashtirib o‘qitishga
(tabaqalashtirilgan ta’lim muammolari ko‘p yillardan beri dunyo pedagogika fanida o‘rganib kelingan hamda bu borada bir qator ilmiy va amaliy ishlar mavjud) amal qilish kerak edi:
1. Mutaxassis va ikkinchi toifadagilar. Bularga asosan fanning metodikasidan darslar o‘tiladi. Darsda o‘qitish (barcha sinflar kesimida) metodikasining ilmiy-metodik tahlillari berilishi lozim. Shuningdek, fanni o‘qitishda didaktik materiallarni qo‘llash, masalalar yechish algoritmlari metodikasi, o‘qitishda fanlararo bog‘lanishning ta’limiy ahamiyatiga e’tibor berilishi zarur.
2. Birinchi va oliy toifadagilar. Bularga fanni o‘qitishni takomillashtirishning politexnik imkoniyatlari, o‘qitishni takomillashtirish omillari, ta’limda integrativ bilimlarning mazmuni (jahon tajribasi asosida) va uni o‘qitish metodikasi berilishi maqsadga muvofiq.
Barcha fanlar kabi fizika fani bo‘yicha materiallar ishchi o‘quv rejaning
9-bandida joylashtirilgan. Mavzularni rejalashtirish chog‘ida hajm jihatdan katta materiallar berilib, xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Chunonchi, fizika fani o‘quv rejasining 6.1-bandida fizika fanini o‘qitishda fandagi yangiliklar, kashfiyot va ixtirolar. Fanning ilmiy-nazariy asoslari bo‘yicha dolzarb muammolar, yangiliklar, ilmiy izlanishlar, dissertatsiyalar, ilmiy, ilmiy-metodik maqolalar, anjumanlar materiallaridan fanni o‘qitishda foydalanish kabi mavzular keltirilgan. Mazkur mavzular tarkibida fanning ilmiy-nazariy asoslari bo‘yicha dolzarb muammolar haqida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi(2020-yil 29-dekabr)ga tayaniladi. Murojaatnomada, avvalo, o‘quv dasturlari, o‘qituvchi va domlalar uchun metodik qo‘llanmalarni ilg‘or xalqaro mezonlarga moslashtirish lozimligi aytilgan. Shuningdek, bolalarning tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish uchun ularga sermazmun va tushunarli darsliklar yaratish zarurligi keltirilgan. Bu borada kelgusi o‘quv
yilida boshlang‘ich sinflarda davlat ta’lim standarti o‘rniga, ilg‘or xorijiy tajriba asosida, ortiqcha yuklama bermaydigan Milliy o‘quv dasturi joriy etilishi ta’kidlangan.
Murojaatnomaga ko‘ra ta’lim tizimida ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llashga ahamiyat berilishi aytilgan. Shu o‘rinda keltirish mumkinki, xorijiy davlatlarda fanlarni integratsiyaviy o‘qitishga qat’iy amal qilinadi. Masalan, Janubiy Koreya, Germaniya, Gollandiya, Shvetsiya, Amerika Qo‘shma Shtatlarida turdosh fanlar – fizika, kimyo, biologiya, geografiya fanlari omixtalashtirib tabiatshunoslik fani sifatida integratsiyaviy o‘qitiladi.
6.1-band tarkibidagi dissertatsiyalar tahliliga to‘xtalaylik. Masalan, “Maktab o‘qituvchisining ijodiy kompetentligini rivojlantirish texnologiyalari” mavzusidagi dissertatsiya berilgan bo‘lsin.
Dissertatsiyalarda, avvalo, ilmiytadqiqot ishining dolzarbligi ko‘rsatiladi. Masalan, biz tahlil qilayotgan
ilmiy-tadqiqot ishining dolzarbligi dunyoda uzluksiz ta’lim tizimining samaradorligi, didaktik yo‘nalishlar markaziga aylangan insoniy g‘oyalar(personal ideas) o‘qituvchilarning kasbiy ijodiy kompetentligini rivojlantirishni to‘liq namoyon etish uchun didaktik muhit yaratish bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu nuqtayi nazardan ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, kreativlikni baholash mezonlarini takomillashtirishning nazariy-metodik ta’minotini yaratish talab etiladi. Buning zamirida o‘qituvchi tahsil berayotgan va tarbiyalayotgan shaxslarning har tomonlama kamol topishi, ularning intellektual, jismoniy, estetik, axloqiy jihatdan voyaga yetishi uchun zamin tayyorlashga bo‘lgan ehtiyoj sezilishi ta’kidlanadi.
Keyingi o‘rinda muammoning o‘rganilganlik darajasi, maqsadi va vazifalari, obyekti, predmeti, tadqiqot usullari, ilmiy yangiligi, tadqiqotning amaliy natijalari, ishonchliligi, ilmiy va amaliy ahamiyati, tadqiqot natijalarining joriy qilinishi, aprobatsiyasi, tadqiqot natijalarining e’lon qilinganligi bo‘yicha tinglovchilarga tushuncha beriladi. Shuningdek, dissertatsiyaning asosiy mazmuni (uch bob, besh paragraf) tahlil qilinadi. Yana o‘quv rejasining 6.1-bandi tarkibidagi fizika fanini o‘qitishda fandagi yangiliklar, kashfiyot va ixtirolar, yangiliklar, ilmiy izlanishlar, ilmiy, ilmiy-metodik maqolalar, anjumanlar materiallari tinglovchilarga singdirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuncha materiallarning bir juftlikda (80 minut) bayon qilinishi mushkuldir.
Yana bir misol, 6.2-bandda Fizika fanini o‘qitishda fanning yangi tahrirdagi DTS, modernizatsiya qilingan o‘quv dasturlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalari va ularning tahlili berilgan. DTS ta’limning tayanch nuqtasi. Ta’limda majburiy
minimal talab bajariladi. DTS o‘quv dastur, rejalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar va darsliklar yaratilishida asos hisoblanadi.
6.5-bandda Fizika fanini o‘qitishda ayrim murakkab mavzularni o‘qitish samaradorligini oshirish omillari. Fan bo‘yicha ma’ruza, seminar, amaliyot, laboratoriya ishi, trening, ochiq mashg‘ulot va boshqa mashg‘ulotlarni tayyorlash, kuzatish va tahlil qilish mavzulari keltirilgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, ushbu banddagi materiallar ham bir juftlik dars uchun ko‘plik qiladi.
Agar umumiy o‘rta maktab 6-11-sinflari bo‘yicha fizika kursi darsliklarida keltirilgan amaliy tajribalar (10-sinfda 86 ta, 11-sinfda 83 ta) va yalpi laboratoriya ishlari(34 ta)ni hisobga olsak, shularning o‘zi kamida 2 soat o‘tilishi lozim bo‘ladi.
Hozirgi davrda o‘quv jarayonida kompyuter texnologiyalarini qo‘llashga katta ahamiyat berilmoqda(rejada 2 soat amaliy). Ma’lumki, rejada berilgan materiallar tinglovchilarning ilmiy-metodik dunyoqarashlarini shakllantirishi mumkin. Ilmiy-metodik adabiyotlar, dissertatsiyalarning tahlillari ularning ilmiy-metodik tasavvurlarini kengaytiradi. Ammo ish faoliyatlarida darslarni takomillashtirish uchun bular yetarli emas. Bundan tashqari tinglovchilar kursdan-kursgacha bo‘lgan davrdagi to‘plangan muammolarni malaka
oshirish chog‘ida bartaraf qilish imkoniyatlariga ega bo‘lmaydilar.
Psixologlarning fikriga ko‘ra, bilim olishi uchun o‘quvchilarning sezgi organlari(ko‘rish, eshitish, hid bilish, qo‘l bilan ushlash) qancha ko‘p ishtirok etsa, olingan bilim shuncha puxta va uzoq vaqt esda qoladi. Agar dars ma’ruza tarzida o‘tilsa, o‘quvchilarning 5 foizi o‘zlashtiradi, xolos. Kompyuter vositalari va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali darslar o‘tilsa, o‘quvchilarning 75–90 foizi o‘zlashtirar ekan(professor J.G‘.Yo‘ldoshev “O‘qitish piramidasi”).
Malaka oshirish jarayonida tinglovchilarning kompyuter savodxonligini oshirish, elektron darsliklarni mustaqil yaratish kabi malakalarini rivojlantirish shu kunning talabidir.
Malaka oshirish bir haftalik kursi uchun ishchi o‘quv reja va dasturda 28 nomdagi mavzular qamrab olingan. Yuqorida keltirganimizdek, bularning hammasini berilgan o‘quv soati davomida bajarish qiyin.
Xulosa shuki, amaliy mashg‘ulot va laboratoriya ishlari bo‘lgan fizika, kimyo, biologiya, geografiya singari tabiiy fanlar mashg‘ulotlari uchun bir haftalik kurslar unchalik asqotmaydi, deb o‘ylaymiz. Shu xususida hududiy markazlarda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning fikrlari qanday ekan?
Xayrulla INATOV,
Jizzax viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash
va ularning malakasini oshirish hududiy markazi
“Aniq va tabiiy fanlar metodikasi” kafedrasi dotsenti,
pedagogika fanlari nomzodi