Bir maktabdan o‘n uch g‘olib
Maktabda sport
Bir maktabdan o‘n uch g ‘olib
Bugun nafaqat poytaxtimiz yoyoki viloyat markazlaridagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarida balki, chekka-chekka tuman va qishloqlardagi umumta’lim maktablarida ham sportning har bir turi bo‘yicha bo‘lajak chempionlar tarbiyalanmoqda. Xususan, Zangiota tumani 16-umumta’lim maktabida tashkil etilgan Boks to‘garagida ham jismonan chiniqib, ham ta’lim-tarbiya olayotgan to‘garak a’zolari orasida bo‘lajak chempionlar bor, desak ishonavering. Boisi, yosh sportchilarning ko‘ksidagi shijoat, g‘ayrat va aniq maqsadning borligi ularni yuqori marralar tomon yetaklaydi. Maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Burgutali Mahmadiyorov har bir boks mashg‘ulotini tashkil etishdan avval 5-10 daqiqani sportchining tarbiyasi, madaniyati, ringni, raqibni hurmat qilish lozimligi va boshqa tarbiyaviy mavzularda gapiradi. Ayniqsa, bokschilar uchun eng muhimi jahlni jilovlash, har qanday vaziyatda ham bosiqlik, sabr bilan yondashish kerakligi uqtirib boriladi. Bugunga qadar bir qancha boks musobaqalarida qatnashib, ustozlarining aytganlarini dastrul-amal qilib muvaffaqiyat qozonib kelayotgan Sherdiyor Omonov, Behruz Sulaymonov, Behzod Hafizov, Saidmurod Ismoilov, Jahongir Nematullayev, Doston Asanov, Mujohiddin Fazliddinovlar Yangiyo‘l tuman ochiq birinchiligida o‘z vazn toifasida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Shaxriyor Omonov va Aziz Turg‘unov 2-o‘rin, Bekzod Ergashaliyev, Jasur Bobojonov, Islom Abduhakimovlar 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Yurtimizning bo‘lajak chepmionlari tarbiyalanayotgan ushbu maktabning sport zalida mashg‘ulot o‘tkazayotgan yosh sportchilar joriy yilning dekabr oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan xotira turnirida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mashg‘ulotlarga esa maktab direktori bosh-qosh. Quvonarlisi bir musobaqada tumanning chekkaroq hududida joylashgan maktabning 13 nafar o‘quvchisi g‘olib deb topilgani bu maktabda nafaqat sport balki o‘quv-tarbiyaviy ishlar ham samarali tashkil etilayotganini ko‘rish mumkin. Bunday jarayonda esa Gulsina Xayrova, Gulchehra Kaunboyeva, Gulnora Ahmedova, Ra’no Dostonova, Olima Hamidova, Nargiza Xalyarova, Lobar Kaunboyeva, Nasiba Nusratova kabi fidoyi pedagoglarning mehnatini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Shuningdek, ustozlaridan o‘rnak olib o‘qituvchilik kasbining sir-asrorlarini o‘rganib, shijoat bilan faoliyat yuritayotgan yosh o‘qituvchilar ham talaygina.
Mazkur maktabning sport zalini tark etish asnosida Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, vatani bayrog‘ini baland ko‘tarishni maqsad qilgan bu yoshlar bilan — “faqat olg‘a bo‘lajak jahon chempionlari” deya xayrlashdik.
M.KARIMOVA
jurnalist