Bitiruvchilarning rejalari aniqmi?
Bitiruvchilarning rejalari aniqmi?
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, aholisi 35 milliondan ortiq bo‘lgan O‘zbekistonning 1,6 millionga yaqin aholisi respublikadan tashqarida ishlaydi.
Mehnat muhojirlarining katta qismi Rossiya Federatsiyasida ish faoliyatini olib boradi. Bundan tashqari, 2021-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistondan
3 354 nafar fuqaro Qozog‘istonga, 1 123 nafari Turkiyaga, 826 nafari Janubiy Koreyaga, yana 1 574 nafari boshqa mamlakatlarga ish uchun chiqib ketgan.
Bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktab bitiruvchilari soni 390 mingga yaqin. 1-sinf o‘quvchilari esa 585 000 nafarni tashkil etadi.
Bu esa o‘z navbatida 10 yildan so‘ng bitiruvchilar soni 1,5 barobarga ortishini bildiradi.
2020-2021-o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 437,3 ming nafar 11-sinf bitiruvchilaridan 109,3 ming (25%) nafari OTMga kirgan bo‘lsa, OTMga kirmagan bitiruvchilar soni 328,0 mingni (75%) tashkil etdi.
Mamlakatimizda bitiruvchi yoshlarning kasb tanlashi borasidagi qarorlarini o‘rganish uchun xalq ta’limi vazirligi ishchi guruhi bevosita 900 ta maktabga borib pedagoglar, yoshlar bilan suhbatlashdi.
Bitiruvchilar bilan suhbat chog‘ida ularning qaysi yo‘nalish bo‘yicha o‘qishni davom ettirishi va qaysi kasbni tanlashi bilan qiziqib, kasblarni bilish va tanlash borasidagi fikrlari tahlil qilindi.
Bundan tashqari ilmiy yondashuv asosida, Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan telegramdagi rasmiy kanali orqali (https://t.me/avloniyuz va https://t.me/raqamli_pedagogik_xizmatlar) “Bitiruvchilarning rejalari aniq(mi)?” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazilib, tadqiqot olib borildi. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari tahlil qilinib, statistik raqamlar bilan e’lon qilindi.
Har ikkala yondashuv asosida – borib ko‘rganda ham, so‘rovnoma o‘tkazilganda ham xulosalar bir xil bo‘ldi.
So‘rovnomada “Agar siz xorijda mehnat qilishga ketishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, nima sababdan ketmoqchisiz?” deb so‘ralganda, ularning 37 foizi o‘qishga qiziqishi borligi, ammo moddiy imkoniyati yo‘qligi sababli ketmoqchiligini aytgan. 9 foiz bitiruvchilarning o‘qishga qiziqishi yo‘qligi sababli ketmoqchiligi ma’lum bo‘ldi. Respondentlarning 33 foizi esa bu savolga aniq javob bera olmagan.
So‘rovnoma va olib borilgan tadqiqotdan ma’lum bo‘ldiki, mamlakatimizda yuzdan ortiq kasb mavjud bo‘lsa-da, bitiruvchilar bor-yo‘g‘i 20 ga yaqin kasb haqida tasavvurga ega.
Eng achinarlisi, 18 ta fan o‘qituvchilari bilan suhbatlashilganda, ularning o‘z sohasi bo‘yicha bitiruvchilarga beradigan tavsiyasi eng ko‘pi bilan 5-6 ta kasbni tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun: Manpower Group bandlik so‘roviga ko‘ra, dunyo bo‘ylab eng ko‘p talab qilinadigan 5 ta – “IT dasturiy ta’minot muhandisi”, “Savdo va marketing”, “Operatsiyalar va logistika”, “Ishlab chiqarish (tarmoqlar bo‘yicha)”, “Ofisda mijozlar bilan ishlash” kabi kasblar aniqlandi.
Tadqiqot natijasida 20,9 foiz bitiruvchilar pedagogika va psixologiya kasbini tanlashini aytgan, bu jami bitiruvchilarning 81 500 nafarini tashkil etmoqda. Eng quyi ko‘rsatkich ijodiy sohalarda ekanligi qayd etilgan, ya’ni 1,4 foiz. Hunarlar ichida eng baland ko‘rsatkich ijtimoiy xizmat sohalari (sartarosh, tikuvchi, kosmetolog va boshqalar)da (3,7%), eng quyi natija esa fermerlik, dehqonchilik, hunarmandchilik va ustachilikda (0,9%) ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda respublika maktablarida fanlar (23 ta) bo‘yicha pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 6 200 nafarga yaqin.
Bitiruvchilarning 57 foizi “O‘z istagiga ko‘ra” kasb tanlayotganliklarini inobatga olib, ularga yuzdan ortiq mavjud kasblar haqida batafsil yo‘nalishlar, videoroliklar, yoshlar faol bo‘lgan saytlar, kanallarda ma’lumotlar taqdim etilsa, ularning qiziqishlari ortadi.
Natijada respublikamizda yangi tashkil etilgan, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarga chet elliklarni jalb qilish va unga bir necha barobar yuqori maosh to‘lashga sabab qolmas edi.
Natijalar 2021–2022-o‘quv yilini tamomlayotgan 11-sinf bitiruvchilarining 67 foizi “Sizning bu yil 11-sinfni bitirgandan keyingi rejalaringiz?” degan savolga allaqachon kasb(soha)larini tanlab qo‘yganini ko‘rsatmoqda. Ammo, kelajagi haqida aniq tasavvurga ega, deb hisoblangan bitiruvchilarning ko‘pi kasb-hunarlar haqida yetarlicha ma’lumotlarga ega emas. Hatto, juda ko‘p kasblarni bilishmaydi, ya’ni mehnat bozorida qaysi kasbga talab yuqori, qaysi kasbdan
qancha daromad olish mumkinligiga qiziqishmagan. 6 foiz bitiruvchilar kelajakni hozirdan rejalashtirishga hali erta deb hisoblashini hamda shaxsiy
hayot, oila qurishni rejalashtirayotganini ta’kidlagan.
Buning natijasida mehnat bozorida nomutanosiblik yuzaga kelayotir. Shu sababli maktab dasturlariga kasblar haqida mavzular, ma’lumotlar kiritish, yuqori sinf o‘quvchilarini kasblarga o‘qitish ishlarini jadallashtirish talab etiladi.
So‘rovnoma tahlil qilinganda, “Kirish imtihonlariga qay darajada tayyorgarlik ko‘rdingiz?” degan savolga bitiruvchilarning 44 foizi kirish imtihonlariga repetitorga bormasdan o‘zlari mustaqil tayyorgarlik ko‘rgani, 7 foizi esa o‘qish niyati yo‘qligini ma’lum qilgan.
“Siz kasb tanlashda nimaga ahamiyat berdingiz?” savoliga 57 foiz bitiruvchilar o‘z istagiga ko‘ra kasb tanlayotganligi aniqlandi. 6 foiz yoshlar o‘zlarini to‘g‘ri kelgan kasb(soha)da sinab ko‘rmoqchiligini ma’lum qilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilari haqidagi tadqiqotlar davom etmoqda.
Ayubxon RAJIYEV,
А bdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni
kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga
o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti direktori