Bo‘g‘iz undoshi deb bo‘g‘ildim
Bolaligimizdan boshlang‘ich sinf ustozlarimiz, keyin esa ona tili ustozlarimiz rosa qulog‘imizga quyardi:
— “Hamdam”da yumshoq “h”, “Maxsus”da qattiq “x”.
Yillar o‘tib, ona tilini o‘qib, o‘rgandim va hammaga o‘rgatadigan ustoz bo‘lib ishlay boshladim. Endi “Hamdam”dagi “h”ni “bo‘g‘iz” undoshi, “maxsus” so‘zidagi “x”ni til undoshi deb o‘qib-o‘rgatadigan, “yumshoq”, “qattiq”larga nisbatan ayovsiz kurashadigan mutaxassisga aylanganmiz. Lekin bu kurash oson kechmaydi. Deyarli barcha boshlang‘ichdan katta sinfga o‘tganlar miyasiga bu atamani singdiraman deguncha jonim bo‘g‘zimga keladi. Doimo imloda eng ko‘p xato shu harflarda ketadi. Diktant olayotsam biri bo‘lmasa, biri so‘rab qoladi:
– Ustoz, “istirohat”da yumshoq “h”mi, “qattiq”mi?
– Bo‘g‘iz undoshi!
– “Mutaxassis”da qattiqmi?
– Til undoshi!
Vaholanki darslarda doskaga odam suratini chizib, nutq a’zolarini yozib, bu tovushlarni talaffuz qilganda, bolalarning bo‘yniga qo‘lini olib borib, tomog‘ini sal bo‘g‘ib talaffuz qilishlarini iltimos qilib o‘rgatganman. Sekin-sekin singdirib, “yumshoq”, “qattiq” atamasidan forig‘ bo‘la boshlaymiz. Ancha-muncha shumliklarga ham o‘rganib qolamiz. Komissiya tez-tez keladi. O‘zlari orqada o‘tirib, notanish matnni qo‘limga tutqazishadi. Bu harflar qatnashgan so‘zlarda qiynalayotgan o‘quvchilarning jovdiragan ko‘zidan sezib qolaman-u, sekingina qo‘lim bilan bo‘g‘zimga ishora qilib ketaman yoki bilinar-bilinmas tilimga imo qilaman (voy, yana taftishchi oshnalaringiz bo‘lsa sirimni sotib qo‘ymang-a, iltimos).
Mayli, bular-ku, bola. Ustozlarga kelganda, jig‘ibiyron bo‘laman. Hatto boshlang‘ich sinf ustozlariga ham bo‘g‘iz undoshi nima, til undoshi nima − o‘rgatishga to‘g‘ri keladi. Nomutaxassis o‘qituvchilar ham ko‘p yanglishadi, ularni tushunaman va aybsitmayman. Hikoya qilmoqchi bo‘lgan hangomam esa ona tili va adabiyot o‘qituvchilari attestatsiyasida ro‘y berdi.
Kompyuterda test yechyapmiz, qarshimizda kamera, tevaragimizda nazoratchilar aylanib turibdi. Yonma-yon o‘tirgan ko‘ztanish ustoz shivirlab so‘rab qoldi:
– “Hudud”da yumshoq “h”mi, qattiqmi?
Kompyuterdan ko‘z uzmagan holda, bo‘g‘zimga ishora qildim. Sal o‘tib nazoratchi nariroq ketgach, yana so‘radi.
– Bo‘g‘iz, − dedim sekin.
– “Mahsulot”da qattiq edi-a?
Yana bo‘g‘zimga ishora qildim.
Bir payt tashqariga chiqdim. Xursandman. Yuqori ball bilan oliy toifaga o‘tganman. Atrofimni duvva o‘rab olgan ustozlarga tushgan savollarni aytib tushuntiryapman. Kim shoshapisha yozib olgan, kim xursandchiligimga sherik bo‘lib tabriklagan.
Odamlar orasida xafa bo‘lib turgan haligi ko‘ztanish ustoz menga yaqinlashdi:
– Xafaman sizdan, − dedi shartta. − Hech insofingiz yo‘q ekan! Necha savol so‘radim, javob bermadingiz. Juda past ball olib yiqildim.
– Iye, yordam berdim-ku!
– Qachon? − Ko‘zi olaydi. − Yo indamaysiz, yo bir narsa deb ming‘irlaysiz, – iddao qiladi u.
Bo‘g‘zimga ishora qildim, “bo‘g‘iz” deb aytdim ham!
– Nima u “bo‘g‘iz”?
Tilim lol.
Ma’lum bo‘lishicha, mutaxassis sanalmish bu ustoz ham haligacha “yumshoq”, “qattiq”lab yurgan ekan.
Salomat ESHIMBETOVA,
Beruniy tumanidagi
— 47-maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchisi