Bola maktabga moslashishga qiynalmasin desangiz...
Bola maktabga moslashishga qiynalmasin desangiz...
Maktabga moslashuv haqida gap ketganda ko‘pincha birinchi sinf o‘quvchisining maktabga moslashishi nazarda tutilgan bo‘ladi. Vaholanki, endigina maktabga chiqqan o‘quvchi emas, sinfdan-sinfga ko‘chgan o‘quvchida ham moslashuv jarayoni kechadi. Ayniqsa boshlang‘ich sinfni bitirgan o‘quvchining yuqori sinfga ya’ni 4 sinfdan 5 sinfga o‘tish jarayoni ham biroz qiyin kechadi. Shu boisdan ham, juda ko‘p o‘quvchilarda yig‘loqilik, qaysarlik, qo‘rslik yoki “ ichimdagini top” deydigan odamga aylanib qoladi. Keling shu o‘rinda birinchi sinfga moslashuv jarayonining yengil kechishi uchun muhim bo‘lgan quyidagi jihatlarga e’tibor bersak.
Birinchi o‘qituvchi va sinfdoshlar bilan uchrashish uzoq vaqt esda qoladigan ta’sirli daqiqalardir. Shu bilan birga, bolalar maktabga moslashish davrida juda ko‘p stressni boshdan kechiradi. Ana shu jarayonda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va maktab psixologining vazifasi juda muhim. Xo‘sh, birinchi sinf o‘quvchilari qanday qiyinchiliklarga duch kelishadi?
Birinchi sinf o‘quvchilarida ko‘pincha kayfiyatning kuchayishi, asabiylashish va charchoqqa moyillikdir. Buning ajablanarli joyi yo‘q - mashg‘ulot boshlanishi bilan bolaga ko‘nikmagan katta mas’uliyat yuklanadi. Yangi rol yangi mas’uliyatni o‘z ichiga oladi. Maktab chiqqungacha bo‘lgan davrda bola bog‘chada yoki uyda erkin rejimda o‘ynagan yoki biror mashg‘ulotni bajargan bo‘lsa, endilikda u 45 daqiqa bittajoyda o‘tirishi kerak. Yoki qachon qorni ochsa shu paytda ovqatlanishi kerak. Maktabda esa belgilangan vaqtda ya’ni tanaffusda. Oldingi betashvish hayot bilan solishtirganda, bu og‘ir mehnatga o‘xshaydi. Bu borada ham tajribali o‘qituvchilar bolani moslashishi osonroq bo‘lishi uchun ota-onalar bilan muntazam muloqot olib boradi. Bu muloqot davomida har ikki tomon ham boladagi o‘zgarishlardan bir-birini xabardor qilib turadi. Shuningdek, o‘qituvchi har tanaffusda o‘quvchilariga yengil tamaddi qilib olishlariga sharoit yaratadi.Bundan tashqari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va maktab psixologining hamkorligi ham juda muhim. Moslashuv jarayonida maktab psixologi nafaqat birinchi sinf balki V-sinfo‘quvchilari bilan ham psixologik metodlar yordamida ishlashi kerak.
Umuman ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida oila, tarbiya, muassasalari, ishlab chiqarish korxonasi va jamoat tashkilotlarida pedagogik psixologiyadan foydalanish ta’lim va tarbiyaning shaxslararo ijobiy munosabatlar o‘rnatishning, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning garovidir. Ta’lim jarayoni orqali o‘quvchining o‘z kelajagini yorqin tasavvur qila oladigan, bu borada o‘z taqdiri va o‘z shaxsiga ongli munosabatda bo‘lib, turli faoliyatlarda o‘z-o‘zini rivojlantira oladigan erkin, faol va mustaqil shaxsni shakllantirishni ko‘zda tutadi.
Mamlakatimizdagi mavjud barcha o‘quv yurtlari ta’lim-tarbiyani to‘g‘ri, ilmiy asosda tashkil etishlari uchun bu jarayonning o‘ziga xos psixologik qonuniyatlarini, uning mexanizmlarini, shuningdek, faol, mustaqil hamda ijodiy tafakkur jarayonini zamonaviy bilimlar asosida tashkil etishning samarali usullarini bilishi lozim bo‘ladi. Bu borada pedagogik psixologiya — hozirgi zamon psixologiya fanining rivojlangan sohalaridan bo‘lib, bu o‘rinda muhim o‘rin egallaydi, zero u inson ruhiy olamining tabiati va uning qonuniyatlarini o‘rganuvchi sohadir. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, maktabga moslashuv davrida o‘qituvchi — psixolog — ota-ona hamkorligi eng muhim omildir. Bu hamkorlik ishtirokisiz moslashgan bola darslarni o‘zlashtirishda ham, sinfdoshlari bilan munosabatga kirishishda ham muammolarga duch keladi.
Gulnora Alimbekovna
291-son GSOSH boshlang'ich sinf o'qituvchisi
Toshkent shahri, Bektemir tumani