Bola nega oʻgʻirlik qiladi?
Balogʻatga yetmaganlar orasidagi jinoyatning sabablari orasida ruhiy va ijtimoiy omillarni hisobga olish kerak. Koʻpincha bu yosh kategoriyasidagi shaxslar quyidagi sabablar tufayli jinoyatga qoʻl uradi:
1. Ilgari bilmagan, noodatiy ishni qilib koʻrishga nisbatan qiziqish. Baʼzida shu noodatiy ish oʻgʻrilik boʻlishi mumkin
2. Boshqalardan ajralib turishga intilish. Bu ayniqsa oʻziga nisbatan ishonchi past boʻlgan oʻsmirlarda kuzatiladi. Ular bu yoʻl orqali tez tanilish va obroʻ orttirishni koʻzlaydilar.
3. Eʼtiborni qaratish. Oilasida nosogʻlom muhit hukmronlik qilayotgan oilalarda oʻsmir shu yoʻl orqali omma eʼtiborini oilasiga, oilasidagilar eʼtiborini oʻziga qaratmoqchi boʻladi.
4. Qulay muhit izlash. Oʻsmir oʻzini qulay, erkin, ozod his qiladigan muhit qidiradi. Agar oila bunday muhit yarata olmasa, u guruhlar taʼsiriga tushib qolishi mumkin. Guruhlar bir qarashda oʻsmir uchun qulay hududdek koʻrinsa-da, lekin u yerda ham erkinlik cheklanadi. Yaʼni guruh aʼzolari bir gʻoya ustida birlashganlari uchun, mana shu gʻoya yoʻlida harakat qilishadi. Masalan, bu guruhni gʻoyasi oʻgʻrilik qilish boʻlsa, albatta oʻsmir ham bu ishni bajaradi.
5. Kattaroq shaxslar tomonidan taʼsir yoki bosim ostida jinoyatga qoʻl urish.
Albatta bunday shasxlar bilan ruhshunoslar (psixolog) ishlaydi.
Bunday holatlar oldini olish uchun nimalar qilish kerak?
1. Oilada bola uchun ishonarli muhit yaratish kerak. Ota-ona ruhan sogʻlom boʻlishi kerak.
2. Bolada balogʻat yoshiga yetgunicha bir nechta inqirozli davrlardan oʻtadi. Muhimi mana shu inqirozli davrlarda bolani tushunish kerak. Bu davrlarda bola noodatiy, asabiy, qaysar boʻlishi mumkin.
3. Bolaning oʻziga nisbatan ishonchini mustahkamlash kerak. Buning uchun bolani har qanday vaziyatda ham ijobiy qabul qilish kerak. Yaʼni bola biron nojoʻya qish qilib qoʻysa, uni darrov jazolash kerak emas. U bilan bu vaziyatni baholash kerak.
4. Bola oʻzi salbiy hissiyotlarini ota-onaga aytish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Ota-onaning qattiqqoʻlligidan qoʻrqib, fikrini bildirmaydigan oʻsmir jinoyatga qoʻl urishi mumkin
5. Bolani maqsad sari yoʻnaltirish kerak. Lekin bu maqsadni bolaga shunday yetkazish kerakki, u bu maqsadni boshqalar menga singdiryapti deb oʻylamasin. Oʻzi ongli ravishda maqsadni qabul qilsin.