Bolalarni 1-sinfga qabul qilish tartibi maʼlum qilindi
Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston va viloyatlarning markazidagi umumtaʼlim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari tajriba-sinov tariqasida elektron shaklda amalga oshiriladi.
Qabul jarayonlari 2 bosqichda boʻladi:
1-bosqichda ota-onalar 2021-yilning 15-iyunidan 5-iyuliga qadar my.maktab.uz elektron plaftormasi orqali roʻyxatdan oʻtib, farzandlari 1-sinfga chiqadigan maktablarni tanlaydilar. Bunda 3 ta maktabni tanlash imkoniyati beriladi.
Birinchi maktab — ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan mikrohududdagi maktab;
Ikkinchi va uchinchi maktablar — ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarini qatnashi uchun qulay boʻlgan maktablar.
2-bosqichda 2021-yilning 6-iyulidan 31-iyulga qadar ota-onalar elektron plaftorma orqali tanlagan birinchi maktabga, yaʼni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradilar, bunda hujjatlarni topshirish toʻliq elektron shaklda amalga oshiriladi.
Agar ota-onalar mikrohudduddagi maktabni emas, boshqa maktablarni tanlagan boʻlsa, yaʼni elektron roʻyxatdan oʻtish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida boʻsh oʻrinlar boʻlgan taqdirda 1-15-avgust kunlari hujjatlarini topshirishlari mumkin boʻladi.
Qolgan hududlarda 1-sinfga qabul anʼanaviy shaklda, yaʼni bevosita maktabda amalga oshiriladi.
Bunda ota-onalar 15-iyundan -15-iyulga qadar doimiy yashash manzili boʻyicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandlarini 1-sinfga joylashtrish uchun hujjatlarini bevosita topshirishlari mumkin.
Shuningdek, 16-iyuldan 15-avgustga qadar ota-onalarga ixtiyoriy tanlov asosida boshqa maktablarga, yaʼni mikrohududiga kirmasa ham boʻsh oʻrinlar boʻlsa, farzandlarini 1-sinfga qabul qilish uchun boshqa maktabga hujjatlarini topshirish imkoniyati beriladi.
Eslatib oʻtamiz, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonunga asosan bolalar 1-sinfga yetti yoshga toʻladigan yilda (2014-yil 1-yanvaridan 31-dekabrigacha tugʻilgan bolalar) qabul qilinadi.
Mazkur qonun talablari mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha taʼlim muassasalari uchun majburiydir.