“Bolani rus maktabga berish kerak!..”
“Bolani rus maktabga berish kerak!..”
Qo‘shni amakim o‘g‘lini rus maktabiga o‘tkazganini aytib: “O‘zbek maktablarining aksariyati o‘z mavqeyini saqlab qolgan. Qolganlari esa juda ayanchli ahvolda. Ayrim o‘qituvchilar yetarli tajribaga ega emas. O‘tgan yili kichkina qizimga yoshgina bir qiz ustozlik qilgandi. Tuppa-tuzuk o‘qib turgan qizim o‘zlashtirishda orqada qoldi. Uyda “Oyi, bu mavzuni yaxshi tushunmadim. Aka, matematikadan yordam bering”, deydigan bo‘ldi. Yordam berish, uyda shug‘ullanishdan qochmaymiz. Bu — burchimiz. Ammo maktab va o‘qituvchi bolaning shakllanishida alohida o‘rin tutadi. Hattoki, hali uchinchi sinfga o‘tmagan qizim bir safar “Dada, yangi ustozimizning darslariga tushunmayapman”, deya yozg‘irdi. Ha, mayli hali yosh ekan, deya boshqa sinfga o‘tkazdim. Biroq o‘zgarish bo‘lmadi. Oddiy maktab bo‘lsa ham mayli, IDUM-a.
Bir safar uyga vazifalarini o‘rgatib, daftarini varaqlab ko‘rib yoqa ushladim. Bajargan misol va mashqlariga katta-katta qilib besh qo‘yilgan. Hayron qoldim, rosti. Bajargan sinf ishi vazifalariga qarasam, ko‘p joylarida xato bor, hatto ba’zi masalalar oxirigacha ishlanmagan. Shunda ham bahosi besh. To‘g‘ri, baho nisbiy, ammo o‘qituvchi o‘quvchining xatosini to‘g‘irlashi kerak emasmi? Axir qo‘yilayotgan baho, o‘n birinchi sinfni bitirayotganda beriladigan shahodatnoma yoki attestat o‘quv rejadagi dasturda belgilangan vazifalarning “a’lo”, “yaxshi”, “qoniqarli” darajada bajarilganiga guvohlik tarzida berilmaydimi? O‘qituvchi pinakni buzmay yolg‘on guvohlik berib tursa, qolganlardan nima kutamiz? Demak, o‘qituvchisi vazifalarni tekshirmay ham baho qo‘yib beraveradi. Ertasi kuni unga uchrashdim. Aytishicha, qizim sinfning eng a’lochi o‘quvchilaridan ekan. Bo‘lgan voqeani direktorga aytsam, oliy ta’limni yaqinda bitirgan, tajribasi yetarli emas, deydi. Ensam qotdi. Axiyri, bir qarorga kelib, qizimni opalari o‘qigan rus maktabga o‘tkazdim. Biroq u yerda ham yosh o‘qituvchiga tushganiga ko‘nglim to‘lmagandi. Oradan besh oy o‘tdi. O‘zlashtirishi yana yaxshilandi. Bolani rus maktabga berish kerak ekan”, deydi. So‘zim avvalida ushbu voqeani bekorga keltirmadim. Ziyolilarimizning biridan eshitganim — bu mulohazalar tinchlik bermay, o‘ylantirib yurgandi.
O‘tgan yilning ikkinchi yarmidan buyon Toshkent shahridagi maktablarning birida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchiman. Bir safar maktab direktori o‘zaro muloqot chog‘i: “Murod, universitetni bitirib chiqayotgan ko‘pchilik talabada na amaliy tajriba bor, na bilim. Ishonsangiz, bir yilning o‘zida bir fandan besh-olti martagacha o‘qituvchi almashtirishga to‘g‘ri kelyapti. Ba’zilari hatto muomalani bilmaydi. To‘rt yil nima qilgan, hayronman. Biz o‘qigan vaqtlar tizim umuman boshqacha edi. Maktab reytingda orqada qolsa, ko‘p hollarda baho direktorga nisbatan beriladi. Ammo direktor sifatli kadrlar bilan ta’minlanmasa, maktabning reytingini qanday ushlab qolsin? Sifatli kadrlarim yo‘q deb yozg‘irsam, birgina mening maktabimda emas, deyarli barcha maktabda shu muammo bor ekan. O‘qituvchilarning obro‘si tushib, repetitorning bozori chaqqon bo‘lishiga ham ko‘p hollarda o‘zimiz aybdormiz”, deydi. O‘zim guvoh bo‘lgan voqealarga asoslanib: “Ta’lim tizimi va kadrlar xususida gapirdik. Mamlakatimizdagi rus maktablarining saviyasi va ta’lim berish sifati o‘zbek maktablarinikiga qaraganda baland. Buning sababi nimada? Rusiyzabon maktab o‘qituvchilariga ko‘proq maosh to‘lanadimi?”, deya so‘zim avvalida keltirgan voqealarni birma-bir so‘zlab berdim. “Yo‘q, rus maktablarida ham oylik deyarli biznikidek. Ammo ularning o‘qitish tizimi, saviyasi ancha baland. Chunki rus maktablar shahar yoki tuman markazida joylashgan bo‘ladi, ta’lim tizimida Rossiyada shakllangan va dunyoning keng hududlarida amalda bo‘lgan an’anasi mavjud, shuningdek, rus maktabi o‘qituvchilari rus maktabni bitirgan, shuning uchun umumiy saviyasi yaxshi. Shuning uchun, milliy ziyolilarning ham bolalari rus maktabga boradi”, deydi.
Haqiqatan ham, maktab direktorining mulohazalarida jon bor. Milliy ta’lim tizimi haqida gap ketsa, ko‘pincha olmon yoki Yaponiya ta’lim tizimini misol qilamiz. Haqiqatan ham, bu ikki diyorda ta’lim tizimi juda puxtalik bilan ishlab chiqilgan. Bilamizki, yaponlar ikkinchi jahon urushi vayronaligidan, milliy-ommaviy tanazzul davridan qisqa muddatda chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga ta’lim falsafasining bosh g‘oyasida o‘qituvchiga imperatorning obro‘si, bosh vazirning oyligi, diplomatning daxlsizligini berish amaliyoti yotgani sabab bo‘lgan, deyishadi. Shuningdek, ularda o‘qituvchiga erkin ijodkor sifatida qaraladi.
Qolaversa, ularda ham maktabda, ham repetitorda o‘qishga ehtiyoj yo‘q. Yaqinda Vengriyada o‘qiyotgan do‘stimdan Vengriya ta’lim tizimi va o‘qituvchilar saviyasi haqida so‘radim. Aytishicha, oliy ta’limni bitirayotgan talabalar ham amaliy, ham nazariy imtihon topshiradi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasasining mavqeyi kadrlariga qarab baholanadi. Kadrning ishga joylashishi, malaka oshirishi va umumiy saviyasini nazorat qilish ham universitet zimmasiga yuklatilgan ekan. Bu xususda churq etmasdan hukmni o‘quvchining muhokamasiga tashlab o‘taman.
O‘rni keldi, so‘zim oxirida Xalq ta’limi vazirligiga bir necha savol bilan murojaat qilmoqchiman:
Birinchidan, nega oliy ta’limni bitirib, biron-bir maktabga ishga joylashayotgan kadrlar saviyasi tekshirilmaydi?
Ikkinchidan, bakalavr bosqichining uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalarining amaliyot o‘tash jarayonida qat’iy nazorat yo‘q?
Uchinchidan, hozir o‘zbek maktablarining saviyasini Yaponiya va Germaniya maktablariga emas, avval o‘zimizdagi rus maktablari darajasiga ko‘tarishni o‘ylash vaqti yetmadimi?
Murodjon RAHMATOV