Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi musiqa madaniyatini biladimi?
Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi musiqa madaniy atini biladimi?
Maktabda hamma fanning o‘z o‘rni bor.
Ko‘pchilik ota-onalar farzandini aniq fanlarga jalb qilishni xohlaydi. Musiqa yo‘nalishi bo‘yicha esa oliy ta’limga topshiruvchilar soni kam, chunki bu yo‘nalish noyob iqtidor va iste’dodni talab qiladi. San’atga oshufta o‘quvchi ustozlarining nazariga tez tushadi. Qanday tadbir bo‘lmasin, albatta, iste’dodli o‘quvchilarsiz o‘tmaydi.
Afsuski, ayrim maktablarda musiqa madaniyati fanini boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari o‘tadi. Biroq u na kuylashni, na darslikda berilgan notalarni chalishni bilsa qanday qilib bolalarda musiqaga mehr uyg‘ota olsin?! Oqibatda ushbu fanga bo‘lgan qiziqish yo‘qolib boradi. Endilikda bu kabi muammolar o‘z yechimini topishiga umid uyg‘ondi. Boisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Xususan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasini chala olish mahorati o‘rgatiladi hamda bu haqda ularning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlari(shahodatnoma)ga tegishli qayd kiritiladi. Shuningdek, musiqa fani o‘qituvchilarining milliy cholg‘ulardan kamida bittasini, 2023–2024-o‘quv yilidan boshlab esa kamida uchtasini chala olish mahoratiga ega bo‘lishi majburiy hisoblanadi. Musiqa fani uchun ajratilgan o‘quv soatlari doirasida “Hayotimga hamrohdir cholg‘u” shiori ostida cholg‘u ijrochiligi dars mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yiladi. O‘quvchilarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ularning qiziqishlariga ko‘ra milliy musiqa cholg‘ularida kuy ijro etish mahorati, tasviriy va amaliy san’at, hunarmandchilik yo‘nalishlarida amaliy to‘garaklar tashkil etiladi.
“Agar milliy mumtoz musiqalarimizni xalq ta’limida asrab-avaylamas ekanmiz, ular yillar davomida yo‘q bo‘lib ketadi”, deb ta’kidladi Prezidentimiz joriy yilning 28-yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida.
Darhaqiqat, yosh avlodning milliy mumtoz musiqalarimizga bo‘lgan mehrini oshirishda musiqa mahorati fani o‘qituvchilarining o‘rni katta. U har bir kuyni, eng avvalo, o‘zi ijro qila olishi kerak. Shuningdek, o‘quvchilar bilan ovoz mashqlarini professional tarzda o‘tkazish lozim. Chunki 6-7-sinf o‘quvchilarda o‘tish davri – “mutatsiya”, ovoz o‘zgaradigan davr
hisoblanadi. O‘quvchi kuylaganda, past ovozdan boshlab o‘rta ovoz va yuqori ovozlarda kuylatish, uning toza nafis kuylashiga xizmat qiladi.
Anvarbek ABDULLAYEV,
Buloqboshi tumanidagi
18-maktabning musiqa madaniyati fani
o‘qituvchisi