“Bugungi yoshlarga oldingi metodlarni qo‘llamang!”
“Bugungi yoshlarga oldingi metodlarni qo‘llamang!”
“Umumta’lim maktab o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchilarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan choralar va rag‘batlantirish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Xalq ta’limi vazirligi mas’ul xodimlari, psixologlar, o‘qituvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarga nisbatan qo‘llanilgan choralar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Anjumanda mazkur holatlar yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
− Bugungi kun o‘quvchilariga oldingi tartib-intizom choralari va metodlarni qo‘llab bo‘lmaydi, − deydi Xalq ta’limi vazirligining Ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i Akbar Tagayev. − O‘quv yili boshida o‘qituvchi, ota-ona va o‘quvchilarga maktabning tartib-qoidalari, odob-axloq madaniyati, o‘zaro muloqot va boshqalar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi. Mazkur qoidalar qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarda ham belgilab qo‘yilgan. Avvalo, har bir pedagog o‘quvchi shaxsini hurmat qilishi lozim. Me’yorlarga zid ravishda qo‘pollik qilishi, kamsitish taqiqlanadi. Shu jumladan, maktabning ichki qoidalarini buzgan o‘quvchilarga ham intizomiy choralar mavjud. Masalan, o‘qituvchi qog‘o‘z yoki elektron kundalikka tanbeh yozishi, qoida buzilishi takrorlansa, o‘quvchini maktab ichki nazorat ro‘yxatiga olishi mumkin. Yakka tartibda va ota-ona bilan muammolarni hal qilish choralari ham mavjud. Maktabga ota-onalarni jalb qilish o‘qituvchiga bog‘liq. Ularga turli tashakkurnomalar yuborish, farzandi mavaffaqiyatini bo‘lishish bu borada muhimdir.
Shu kungacha ta’limda o‘quvchi psixologiyasiga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Oxirgi paytlarda maktabda ijtimoiy-psixologik munosabatlarni yaxshilashda nafaqat o‘quvchi, balki pedagoglar bilan ham ishlash zarurligi ayon bo‘lmoqda. Mana shu masalada Pedagogik-psixologik Respublika tashxis markazi bo‘lim boshlig‘i Limona Ahmedova quyidagilarni bayon qildi:
− Bilamiz kasbiy faoliyatda ruhiyatning o‘rni juda muhim. Hozirda pedagoglar bilan o‘quvchilar o‘rtasida yangi usulda munosabatlarni shakllantirish borasida tavsiyalar berayapmiz. Ya’ni o‘quvchilardagi konstruktiv xatti-harakatlarni baqirish, chaqirish, unga alohida urg‘u berish bilan emas, balki ko‘z bilan aloqa qilish, ma’qullash, tabassum orqali uqtirish kabilar muhim. Bu bo‘yicha “O‘qituvchilarning kasbiy stress va emotsional so‘nish holatlari profilaktikasi” yangi dastur lohiyasi ishlab chiqildi. Bunga mashhur psixolog Robufning “Kasbiy stress shkalasi” metodikasi asos qilindi. Ushbu asosga tayanib dastur yaratildi va uning 4 moduli belgilandi. Bular:
- Kasbiy stress;
- O‘zini anglash;
- Muvaffaqiyatga erishish sirlari;
Ijobiy psixologiya va jamoada ishlash.
Mazkur yo‘nalishlarda pedagoglar bilan ishlaymiz. Bugungi kunga qadar 402 ming 759 nafar o‘qituvchi bilan bu bo‘yicha trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Ularga kerakli maslahatlar berildi.
Tadbir davomida jurnalistlar tomonidan mavzuga doir savollarga javoblar berildi.
Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati boshlig‘i Laylo Rustamova bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi ishdan ozod etilmagan. Qisqa muddatda o‘zi dars berayotgan sinfda ishini davom ettiradi, Andijonda uzr so‘rashga majbur qilingan o‘qituvchilarga esa ma’naviy zarar uchun tovon to‘lanishi aytilmoqda.
Niginabonu SHUKUROVA