DARS TAQSIMOTI-2: yoxud yana an’anaviy avgust “jang”lari haqida
DARS TAQSIMOTI-2: yoxud yana an’anaviy avgust “jang”lari haqida
Ahdimdan qaytdim
O‘tgan o‘quv yili oxirlariga kelib, “Endi boshqa maqola yozmayman”, degan qat’iy qarorga kelgandim. Chunki yozgan maqolalarimda ko‘tarib chiqqan muammolar, fikr va takliflarim sababli ko‘p bora noqulay vaziyatlarga tushdim. “Yozib nima qilasiz?”, degan dashnomlarni eshitishimga to‘g‘ri keldi. Nihoyat may oyida Respublika miqyosidagi rahbar lavozimlardan birida ishlaydigan qadrdon o‘rtog‘im qat’iy dashnom berdi: “Siz yozganingiz bilan shu muammo hal bo‘lib yoki dunyo o‘zgarib qolarmidi? O‘zingizga dushman ko‘paytirib nima qilasiz? Sizdan boshqa hech kim shu muammolarni bilmaydi deysizmi? Shu sohaga mas’ul qanchadan qancha rahbarlar bor, qalami o‘tkir jurnalistlar bor. Ular yozishmaganda sizga qoldimi dunyoning tashvishi?
Yozing, o‘zingizga foydasi bo‘lsa, yozing”. Undan oldin ham bu mavzudagi suhbatlar anchagina bo‘lgandi...
2021-2022-o‘quv yili boshlanishi arafasida dars taqsimoti masalalariga bag‘ishlangan 3271-sonli nizom qabul qilindi. Mazkur nizom va dars taqsimotida ustuvorlik yo‘nalishlari belgilanishi, taqsimot masalasidagi an’anaviy tortishuv va bahslarga chek qo‘yishi mumkinligi haqidagi kichkinagina “DARS TAQSIMOTI yoxud an’anaviy avgust janglari haqida” nomli maqolam “Ma’rifat” gazetasining 2021-yil 13-oktabr sonida chop etildi. Qo‘shni tumanning nufuzli maktablaridan birida ilmiy bo‘lim mudiri bo‘lib ishlaydigan kursdoshim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Ko‘rishmaganimizga ancha bo‘lgandi. Ammo telefonda uning zardali, dag‘dag‘ali ovozini eshitib, hayron qoldim. Bir-birimizni taniganimizga salkam qirq yil bo‘lsa-da, u biror marta men bilan bu ohangda gaplashmagandi.
— Hu-uv, domla, nima, maktabni tashlab, qariganingda jurnalist bo‘lib ketdingmi?
— Yo‘g‘e-e, nimalar deyapsan? Tinchlikmi? Avval salom-alik deganday...
— Salom-alikka balo bormi? Qon bosimim oshib ketgan. Sen tufayli o‘lib qolsam, uvolim sening bo‘yningda, shuni bilib qo‘y deb telefon qildim.
— Nima deb valdirayapsan? Nega men tufayli o‘lasan?
— Jurnalist bo‘lmasang, indamay darsingni o‘tib yursang bo‘lmaydimi, jo‘rajon, maqola yozib nima qilasan?
— Qanaqa maqola? Tushuntirib gapirsang-chi?
— Oddiy maqola. Ammo sarlavhani boplabsan. “Avgust janglari”, boshqa nom qurib qolganmidi? Sarlavhasiga qiziqib mening o‘qituvchilarim ham o‘qishibdi. Ta’tilda boshim g‘alvadan chiqmay o‘tiribman. 20 yildan buyon ajratgan darsimga bir kishi norozi bo‘lmasdi. Hozir 10 nafar oliy toifali o‘qituvchim, “Yana 10 soatdan dars berasiz”, deb asabimni buzyapti.
— Maqolada unchalik ko‘p huquqiy tomoniga e’tibor qaratmagan edim-ku.
— Bittasi maqolangda ko‘rsatilgan 3271-sonli nizomni internetdan topib olibdi. Endi 30 soat dars berasan deb 10 tasi janjal qilyapti.
— Mening maqolam bo‘lmasa ham nizomni topib, janjal qilishardi-da. Shunga mendan xafa bo‘ldingmi?
— Maqolangni o‘qishmaganda, nizomni qidirib, topib o‘tirishmasdi. Bu janjallar ham yo‘q edi.
— Unda uzr, boshqa maqola yozmayman…
— Shunday qil, jo‘ra, tinchgina darsingni o‘tib yuraver...
Avvalroq viloyat hokimiyatida ishlaydigan shogirdlardan biri ham tanbeh bergan edi:
— Ustoz, shuncha yillik mehnatingiz, yutuqlaringiz bor. Biror rag‘batga taqdim qilmoqchi bo‘lsak, “ey, falonchimi?”
deyishadi. Yozmang, — degandi.
Nihoyat may oyida qat’iy qarorga keldim: “Bo‘ldi endi yozmayman. Yetar shuncha Don Kixotlik qilganim”. Ammo Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1-2-iyul kunlari ro‘y bergan voqealar yana qalam ushlashga majburlagan bo‘lsa, avgust oyi boshlanishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar o‘rtasida boshlangan dars taqsimoti masalasidagi turli bahs-munozaralar, tortishuvlar yana ahdimdan qaytishga majbur qildi va an’anaviy avgust janglari haqida ba’zi fikrlarimni qoralashga jazm etdim.
Avgust janglari
O‘qituvchilik nonini yeb, zahmatini totib, quvonchini tuyib yurganimga ham 38 yildan oshibdi. Ammo mehnat faoliyatim boshlanishidanoq avgust janglari ta’mini tuyganman. Kichkina jamoa edik. Men jamoaga 13-vakil bo‘lib qo‘shilgan edim. Dars boshlanishidan oldin, o‘qituvchilar xonasida suhbatlashib o‘tirgandik. Keksaroq hamkasblarimizdan biri darsining kamligini gapirib qoldi. Rahmatli ilmiy bo‘lim mudirimiz menga bir qarab oldi-da:
— Qarshiboy(jismoniy tarbiya fani ustozi)ni urib o‘ldirgulik. Shuncha iltimos qildik. Tarixni o‘t dedik, ko‘nmadi. Mana endi o‘zi ham bir stavkaga yetmay o‘tiribdi.
Men xijolat bo‘lib yerga qaradim. Mening holatimni sezgan yoshi ulug‘ ustozlardan biri tomoq qirib, men tomonga imlab qo‘ydi. Ilmiy bo‘lim mudirimiz menga burilib dedi:
— Sen xijolat bo‘lma. Bu sen kelishingdan oldin, avgust taqsimotida bo‘lgandi, domlang men tarix o‘tmayman, deb ko‘nmagandi, shundan so‘ng seni chaqirdik, — dedi.
Ha darvoqe, men maktabni bitirgan yilim, o‘qituvchi sifatida ishga qabul
qilingandim, aniqrog‘i majburan, iltimos qilib ishga olishgandi. Jamoadagi barcha o‘qituvchilar ustozlarim edi. Shu sababmi, yo tabiatimdagi tortinchoqlikdanmi hech qachon avgust janglarida dars talashmadim. Ammo dars taqsimoti davridagi tortishuvlar, ko‘ngilxiraliklar Amerikaning “Sug‘ur kuni” nomli kinosidagi sujet kabi yod bo‘lib ketgan. Ya’ni har avgustda takrorlanaveradi.
O‘tgan asrning saksoninchi yillari boshlarida yuqori sinflarda bir stavka dars 18 soat, boshlang‘ich sinflarda esa 20 soat edi. K.U.Chernenko hokimiyatga kelgach, yuqori sinflarda bir stavka dars 16 soatga, boshlang‘ich sinflarda esa 18 soatga keltirildi. Ish stajiga qarab yana qo‘shimcha to‘lov bor edi. Oliy ma’lumotli o‘qituvchiga bir stavka dars uchun 100 so‘m maosh to‘lanardi. Ya’ni bir soat dars o‘tgani uchun yuqori sinf o‘qituvchisi bir oyda 5 so‘m 55 tiyin, bir yilda esa 66 so‘m 66 tiyin maosh olardi. 70 so‘mgacha maoshdan kasaba uyushmasiga a’zolik badalidan boshqa ushlanma ushlanmas edi. Ammo o‘qituvchilarning maoshi odatda 70 so‘mdan ko‘p bo‘lardi va ular daromad solig‘i, farzandsizlik solig‘i, majburiy davlat sug‘urtasi kabi to‘lovlar to‘lashardi. Umuman aytganda, o‘qituvchi bir soatlik darsi uchun oyiga 5 so‘m, yiliga esa taxminan 60 so‘m maosh olardi (narxlar, ehtiyojlarni hisoblaganda hozir ham deyarli shu holat desak bo‘ladi). Ammo bu pulni olish uchun o‘qituvchi yil davomida 34 marta sinfga kirib dars o‘tishi, sinfdagi 25–30 nafar o‘quvchi bilan munosabatda bo‘lishi, ularga mavzu tushuntirishi, bilimini baholashi, kamida to‘rt marta yozma ish olishi, turli tekshir-tekshirlarga javob berishi kerak bo‘lardi (hozir ham shu holat). Ammo o‘sha bir soat dars uchun qanchadan qancha tortishuvlar, bahs-munozaralar, dilxiraliklar bo‘lardi.
Masalaning yana boshqa tomonlari ham bor. Bir soat dars uchun talashgan o‘qituvchilarning ko‘plari to‘laqonli dars o‘tishmaydi. Ko‘plari kasallik varaqasi ochirib olishadi, yoki tug‘ruq ta’tiliga ketib qolishadi.
O‘tgan yili yozgan maqolamda dars taqsimoti to‘g‘risidagi nizom dars taqsimotida inson omiliga, rahbariyatning to‘rachilik va o‘zboshimchaligiga, kattakonlarning aralashuviga chek qo‘yishi haqida gapirgandim. Ammo ayrim negativ tomonlari haqida ham to‘xtalgandim. Bundan tashqari insoniylik muammolari ham e’tibordan chetda qolgan ekan.
Ijtimoiy tarmoqlarning bir yaxshi tomoni ma’lumot almashuv ko‘p va tezligidir. Turli tarmoqlardagi guruhlarni, guruh a’zolarining fikr-mulohazalarini kuzatib, ularni qiynayotgan muammolar haqida ma’lumot to‘pladim. Muammolarning ko‘pchilligi avgust tortishuvlariga borib taqaladigan muammolar:
1. Maoshning kamligi.
2. Dars stavkasining og‘irligi, ya’ni yuqori sinflarda 20 soat, boshlang‘ich sinflarda esa 18 soat bo‘lib qolayotgani.
3. Dars soatlarining kamligi.
4. Nafaqadagi o‘qituvchilarning, sirtdan tahsil olayotgan, yuqori kurslarda tahsil olayotgan talabalarning dars o‘tishi masalasi.
5. Sertifikatlash va ayrim fanlarga yuqori darajadagi e’tibor, ayrim fanlarning esa ikkinchi darajali fanga aylanib borayotgani.
6. Attestatsiya muammolari (bu alohida masala).
Xo‘sh, bu muammolarning yechimini topsa bo‘ladimi? Agar bu muammolar qisman bo‘lsada hal etilsa, dars taqsimoti davridagi avgust oyidagi tortishuvlar kamayadimi? Quyida shu haqidagi ba’zi takliflarimni keltirib o‘tmoqchiman.
Maosh kamligi yoxud davlatning imkoniyati
O‘qituvchilarning maoshi masalasi so‘nggi yillarda eng ko‘p muhokama qilinib, bahs-munozaralar, tortishuvlarga mavzu bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tomonidan o‘qituvchilarning obro‘ va nufuzini oshirish, oylik maoshini 1000 dollar ekvivalentiga ko‘tarish masalasi qo‘yilgach, ochig‘i, bu mavzu qiziqchilar-u ko‘chagi g‘iybatchi xotinlarning ham ermagiga aylandi. Mamlakatimiz Prezidenti bu masalani ko‘tarishidan asosiy maqsadi, menimcha, XXI asr ilm-fan asri, yoki aniqrog‘i ilm-u fani rivojlangan mamlakatlar asri ekanligini, atrofdagi rahbar va mas’ullarga, qolaversa ta’lim xodimlariga ularning zimmasidagi mas’uliyatni, faqatgina ta’limni rivojlantirish orqaligina kelajakda Buyuk Davlatga aylana olishimizni anglatmoqchi edi. Ammo natija nima bo‘ldi?
Mazkur masalaga mas’ul rahbarlar mukammal ta’lim tizimini yaratish o‘rniga o‘zlarini yaxshi ko‘rsatish uchun, rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish bahonasida ta’lim tizimini tajriba-sinov maydonchasiga aylantirib yuborishdi. Mamlakatimizning moliyaviy imkoniyati mazkur mamlakat ta’lim tizimini joriy etishga yetadimi yoki yo‘q buni o‘ylab o‘tirmasdan, hali Finl’andiya, hali Yaponiya kabi mamlakatlarga borib, davlatning ta’lim uchun ajratgan pulini sovurish bilan shug‘ullanishdi. Katta-katta mablag‘lar evaziga xorijiy mutaxassislar taklif qilindi. Ular uchun bu mablag‘lar ta’lim uchun, mamlakat farzandlarining bilim olishi uchun ajratilgan mablag‘ ekanligi xayolining bir chetidan ham o‘tmasa kerak. Menimcha, ularning ongida “Davlatniki kamayib qolmaydi” degan aqida muhrlangan.
2022-yil 4-avgust kuni Parlament yuqori palatasida yalpi majlis bo‘lib, bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Senat tomonidan ma’qullangan qonunlar orasida “Davlat tashqi qarzi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ham bor. Men mazkur qonunning qaytarilishini umid bilan kutgandim. Sababi, mazkur qonunda Davlat tashqi qarzi uchun ruxsat etiladigan maksimal chegara anchagina yuqori miqdorda, ya’ni mamlakat yalpi milliy mahsulotining 60 foizi darajasida belgilangan. Bu degani Davlat tashqi qarzi hozirgi mavjud miqdorning yarmigacha oshirilishi mumkin. Mushtariylarimizda Davlat tashqi qarzining dars taqsimotiga qanday aloqasi bor degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Aloqasi bor. Chunki turli tajribalar bahona dunyoning turfa mamlakatlariga uchayotgan o‘sha amaldorlarning aviabiletlari, mehmonxona xarajatlari, restoranlarda to‘layotgan mablag‘lari, yoki maoshi kamligi uchun turli masxaralar nishoniga aylanib qolgan va xafa bo‘layotgan yarim millionli o‘qituvchilar armiyasining maoshlari ham asosan tashqi qarz hisobiga qoplanmoqda, sababi davlatimiz budjeti profitsit bilan emas, defitsit bilan ishlayotgan budjet. Bu degani daromadlarimizdan xarajatlarimiz ko‘proq. Maosh masalasini tun-u kun muhokama qiladigan hamkasblarimga aytadigan gapim, qachonlardir o‘sha ming dollarlik maosh oddiy holga aylanar, uch ming, besh ming dollar maosh to‘lanadigan davrlarga ham yetarmiz.
Ammo buning uchun bizdan bor bilimimiz, kuch va imkoniyatimizni ishga solib yoshlarga bilim berish, davlatdan esa korrupsiya botqog‘iga botgan, xalqini emas, halqumini o‘ylaydigan amaldorlarni yo‘qotib, o‘rniga halol, vijdonli, eng muhimi, bilimli va g‘ayratli xodimlarga ega, raqamlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etish talab etiladi, xolos. Har ikkala vazifani ham uddalasa bo‘ladi.
Boy tabiiy resurslarimiz va mehnatkash xalqimiz bor. Agar yuqoridagi talablar amalga oshsa, O‘zbekiston asr o‘rtalariga borib dunyoning iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlatlaridan biriga aylanadi, o‘qituvchilarning maoshi dunyo havas qiladigan darajaga yetadi. Ungacha esa davlatimiz o‘z imkoniyatidan kelib chiqib to‘layotgan maoshga sabr qilishimiz hamda asosiy e’tiborni ta’limga, yoshlarga bilim berishga qaratishimiz kerak.
Dars stavkasi muammosi
Ma’lumki, bu muammo, ya’ni bir stavka darsning miqdori qanchaligi, necha soatdan iborat bo‘lishi kerak, degan masala ham uzoq yillardan buyon ta’lim sohasi xodimlarining eng ko‘p muhokama qilib kelinayotgan muammolaridan. Ko‘plarning nazdida buni hal qilib bo‘lmaydi. Ammo menimcha bu muammoni osongina hal qilsa bo‘ladi. Xo‘sh, qanday qilib?
Muammo o‘qituvchilar tomonidan ko‘tarilgan bo‘lsa, uning ikkinchi qutbida Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi kabi muassasalar, oddiy aytganda, Davlat turibdi. Xo‘sh muammoning mohiyati nimada?
Ma’lumki, hozirda bir stavka dars miqdori yuqori sinflarda 20 soat, boshlang‘ich sinflarda esa 18 soatdan iborat. O‘qituvchilarning talabi va orzusi esa ana shu miqdorni tegishlicha 18 va 16 soatga tushirish. O‘rtadagi farq yuqori sinflarda 10 foizni, boshlang‘ich sinflarda esa 11,11 foizni tashkil etadi. Umumiy olganda 10.55 foizni, real olganda esa taxminan 10.3-10.4 foizni tashkil etadi. Sababi, boshlang‘ich sinflarga nisbatan yuqori sinflarning umumiy soni ko‘proq. Sirtdan qaralganda arzimas, osongina hal qilsa bo‘ladigan muammo. Ammo masalaning ildizi chuqur. Chunki arzimagan bo‘lib ko‘rinayotgan bu miqdor summaga aylantirilsa, butun respublika o‘qituvchilarining salkam bir yarim oylik maoshiga teng bo‘ladi. Xalq ta’limi
vazirligi bunga rozi bo‘lishi qiyin emas. Hatto bu talabni vazirlikning o‘zi ko‘tarib chiqishi mumkin. Ammo Moliya vazirligi hech qachon bunga rozi bo‘lmaydi. Sababi yuqorida aytganimiz davlat budjeti uchun katta bosim bo‘ladi. Xo‘sh, unda muammoni qanday hal qilsa bo‘ladi?
Yo‘li bor. Ya’ni har yili budjet tashkiloti xodimlarining maoshi bir-ikki bor oshiriladi Ana shunday maosh oshirilishlardan birida umumiy maosh oshirilish o‘rniga dars stavkasini tushirsa bo‘ladi. Na six kuyadi, na kabob. O‘qituvchining maoshi boshqa sohalardagi kabi ko‘tariladi, Davlat budjeti esa zarar ko‘rmaydi.
Dars soatlarining kamligi
Bu muammo avgust janglarining asosiy sababidir. Chunki ramziy avgust janglari deb atayotganimiz dars taqsimoti jarayoni dars talashish negiziga qurilgan. O‘tgan o‘quv yiliga qadar bu jarayon uchun aniq bir huquqiy yechim va qoidalar yo‘q edi. Shuning uchun ham bu jarayon turli adolatsizliklar, korrupsiogen holatlarga manba bo‘lib qolgan edi.
Qo‘shni qishloqlardan birida yashaydigan do‘stim bor. Kasbi cho‘pon. Ikki oycha qish faslida suruvi bilan qishloqqa keladi. Qolgan vaqt tog‘larda yuradi. Surxondaryo va Qashqadaryo o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari bilan aka-uka bo‘lib ketgan. O‘zining yuztacha qo‘yi bor. Haq evaziga odamlarning ham ikki yuzta qo‘yini boqadi. Uning xotini boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. Ba’zan uchrashib qolsak, o‘zicha maslahat beradi:
— Boshlang‘ich o‘qitsang bo‘lmaydimi? Oyligi ko‘p...
— Ha, endi boshlang‘ichda dars kam, o‘qituvchi ko‘pda, — deb chaynalaman.
— Ee-e, uning kori bitta qo‘yda. “Zavuch”gami, direktorgami bir qo‘y berib qo‘ysang, yaxshisi bir yil unisiga, bir yil bunisiga bergan ma’qul, bir-biriga yovqarash qilmaydi, yil o‘n ikki oy bir sinf seniki, komissiyani ham yaqiningga yo‘latmaydi. Men kelininga shunday qilaman. Sheriklari dars talashib bir-
birini yumdalab, haqoratlashib, janjal qilishsa ham ikki kishiga bir sinf tegarkan, kelininga esa har yili bir sinf tayyor — deydi, donishmandlardek.
— Ha, bu yil men ham shunday qilsammikan, — deyman suhbatni buzmaslik uchun.
— Shunday qil, jo‘ra, agar imkoning yetmasa bir qo‘y mendan. Topganingda berasan, bermasang ham roziman, ikkimiz bir qo‘ylik inson emasmiz-ku. Ham tinch, ham oyliging ko‘proq bo‘ladi. Bu sinovdan o‘tgan. Yutqazmaysan. Ochig‘i, bunday holatlar dars taqsimoti haqidagi 3271-sonli nizom qabul qilinguncha, deyarli ko‘pchillik maktablar uchun oddiy hol edi.
Mazkur nizomning qabul qilinishidan ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar kutgandim. Loaqal maktab rahbarlarining dars taqsimotidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishiga chek qo‘yadi deb o‘ylagandim. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi o‘qituvchilarning fikrlarini o‘qirkanman, xulosani sal erta chiqarganimga amin bo‘ldim. Ha, bu nizomning ayrim zo‘ravon maktab rahbarlari, ta’lim sohasidagi tuman mutasaddilari tomonidan tan olinishi, o‘qituvchilarning esa mazkur nizom asosida o‘z haq-huquqlarini talab qila oladigan darajaga yetishi uchun ancha qovun pishig‘i bor, shekilli...
Ba’zi maktab rahbarlari ortiqcha dars bo‘lishiga qaramasdan, mavjud darsni o‘qituvchilarga bir stavkani ta’rifdan o‘tkazib, qolgan 10 soat darsni esa vakant sifatida ajratmoqchi ekan. Ba’zi maktablarda esa nizom haqida eshitishni ham xohlamay, oldingidek o‘z bilganicha dars taqsimlashayotgan ekan. Eng kulgili va achinarli holatlardan biri esa maktab rahbarlari oldin o‘zlari uchun dars ajratib
olisharkan. To‘g‘ri, maktab rahbarlari ham dars o‘tishi mumkin. Ammo 3271-sonli nizomga ko‘ra, maktab rahbarlariga dars ajratish, eng oxirgi ustuvorlikda ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabda mazkur darslarni o‘tish uchun umuman o‘qituvchi, hatto o‘rindosh o‘qituvchi ham topilmasa, maktab rahbarlari o‘z mutaxassisliklari bo‘yilcha dars o‘tishlariga ruxsat etiladi. Boshqa hollarda esa, maktabda mutaxassis o‘qituvchi bor bo‘lsa, rahbar dars o‘tishi nizom talablariga ziddir. Ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvli xabarlar beradigan xulosa: maktab rahbarlari yoki mazkur nizomni tan olishni xohlashmaydi, yoki ko‘pchiligi nizomning qabul qilinganligi va amal qilayotganligini ham bilmaydi. Bu mulohazalarimiz nizomning buzilayotganligi yoki qo‘llanilmayotganligi haqida bo‘lsa, nizom qoidalariga to‘liq amal
qilish esa ba’zan insoniylik qoidalari chetga surib qo‘yilishiga sabab bo‘layotgan hollar ham uchrayotgan ekan. Bitta misol keltirib o‘taman.
Yaqinda telegramimga notanish raqamdan kattagina xabar keldi. Xabar muallifi bilan ijtimoiy tarmoqlarda bir guruhga a’zo ekanmiz. Ayrim qisqartirishlar bilan xabarni keltirib o‘tsam: “Ustoz, yordamingiz kerak. Yosh o‘qituvchiman. Ish stajim 4 yil. Maktabda bir fandan ikki mutaxassismiz, men va menga maktabda dars bergan, fan olimpiadalariga olib borgan, oliy o‘quv yurtiga kirishim uchun uyida bir necha oy tekinga tayyorlagan ustozim. Men oliy toifali, ustozim esa mutaxassis. Kecha, bunisi xomaki, hali o‘zgartirsak bo‘ladi, deyishib dars taqsimoti o‘tkazishdi. Maktabda fanimiz bo‘yicha 40 soat dars bor ekan. 30 soatini menga, 10 soatini esa ustozimga ajratishibdi. Ustozimning xijolat tortib turishini ko‘rib, garchand bir og‘iz gapirmagan bo‘lsa-da (chunki taqsimotdan oldin dars nizom asosida taqsimlangan, noroziliklar inobatga olinmaydi, deb ogohlantirilgan edik), yer yorilmadi, yerga kirmadim. Darhol maktab rahbarlarining oldiga kirib:
— 30 soat dars o‘tmayman, 15 soat yetadi, 25 soatini Ustozga berasizlar, — dedim.
— O‘tasan, uka, o‘tasan, — dedi direktorimiz jiddiy. — Dars kerak bo‘lsa ustozing ham oliy toifali bo‘lsin. Ana unda teng bo‘lib o‘tasizlar.
— Yo‘q. O‘tolmayman, o‘tmayman, — dedim.
— Unda o‘tmayman deb, sababini ko‘rsatib, ariza yozib keling, — dedi ilmiy bo‘lim mudirimiz.
— Ammo oshiqcha darsni ustozing o‘tmaydi, yangi o‘qituvchi olaman, — dedi direktorimiz.
Ustoz, nima qilishni bilmay boshim qotgan. Maslahat bering”.
Mazkur vaziyatda hech kimni ayblab bo‘lmaydi. Maktab rahbarlari qonuniy ish ko‘rgan. Ustoz o‘zidan o‘tganini o‘zi bilib jimgina o‘tiribdi. Shogird ikki o‘t orasida. Achchiq ustida darsdan voz kechsa, yangi o‘qituvchi kelsa, kelgusi yil ustozi shu 10 soat darsdan ham ayrilishi aniq. Maqolaning boshida eslatganim akademik do‘stimdan maslahat so‘radim:
— Taraqqiyot shunday qurbonlar evaziga bo‘ladi, — deb gapni qisqa qildi.
Chuqurroq o‘ylab qaralsa, haqiqatan ham mana shunday yo‘qotishlar, insoniylikdan chekinishlar talab qilinarkan. Umuman aytganda, mazkur nizom dars soatlarining kamligiga emas, mavjud dars soatlarining qonuniy taqsimlanishiga xizmat qiladi. An’anaviy avgust janglari esa o‘z-o‘zidan barham topadi. Chunki qonun ustuvor bo‘lgan joyda bahs-munozaralarga, janjallar, zo‘ravonliklarga o‘rin qolmaydi.
Nafaqadagilar dars o‘t(ma)sa...
Bu mavzu ham avgust oyidagina emas butun yil davomida doimiy muhokama markazida. Bundan tashqari sirtdan tahsil olayotgan talabalarning, qayta tayyorlovdan o‘tgan nopedagog mutaxassislar-
ning, xorijiy mamlakatlardagi OTMlar bitiruvchilarining dars o‘tishi ham doimiy muhokamadagi mavzulardan. Ularning saviyasi baribir haqiqiy mutaxassislarning saviyasi bilan teng-
lasha olmasligi oddiy aksioma. Ammo nafaqadagilarning dars o‘tishi yoki o‘tmasligi masalasi, bu ta’lim rivoji va sifatiga kuchli ta’sir qiladi. Chunki nafaqaga chiqib mehnat faoliyatini davom ettirayotgan o‘qituvchilarning aksariyati tajribali mutaxassislar. To‘g‘ri, ular orasida mablag‘ uchun ishlayotgan, ta’lim sifati umuman qiziqtirmaydiganlar ham bor. Ammo qachonlardir ular ham ishni to‘xtatishadi, sog‘lik sabab, oilasidagilar ishlashiga qarshi bo‘lishi mumkin, o‘zlari tengdoshlari kabi qarilik gashtini surishni xohlab qolishar... Shunda ayrim maktablarda avlodlar almashinuvi ta’lim sifatiga ta’sir qilishi mumkin. Ana shu nuqtayi nazardan va yoshlarga ko‘proq imkoniyat berish uchun nafaqadagi ustozlarning yuklamasini bir stavka qilib cheklansa yaxshi bo‘lsa kerak. Qolgan uch toifa “o‘qituvchilar”ning esa dars o‘tishiga faqatgina mutaxassis yetishmagan taqdirda tuman XTB mudirining buyrug‘i bilangina yo‘l qo‘yilishi kerak. Chunki ta’lim tizimi kimlarnidir ish bilan ta’minlashga emas, yoshlarga bilim berishga, mamlakat kelajagini yaratishga xizmat qiladigan muqaddas soha ekanligini unutmasligimiz kerak. Asosiy maqsadi yoshlarga bilim berish bo‘lmagan shaxslar, yaxshisi, rizqini boshqa joylardan tergani ma’qul.
So‘ngso‘z o‘rnida
Ma’lumki, mamlakatimizda yaqin oylarning ijtimoiy-siyosiy mazmunini, yirik ijtimoiy-siyosiy jarayon O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish uchun takliflar berish jarayoni belgiladi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ko‘plab takliflar berildi. Shunday takliflardan biri “Miranda qoidasi”ni Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yish haqida bo‘ldi va jamiyatda turli xil reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Ko‘pchillik bu qoidani Konstitutsiyaga kiritgan bilan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar unga hech qachon rioya qilmasligini, bu ularning mavqeyiga putur yetkazishini pisanda qilishdi.
Xo‘sh, “Miranda qoidasi” nima? Ikki og‘iz so‘z bilan aytganda, qamoqqa olinayotgan shaxsga uning nima uchun ushlanayotgani, qanday huquqlarga ega ekanligi tushuntiriladi. Bu deyarli ko‘pchillik mamlakatlarda oddiy hol, 100 foiz amal qilinadi. Munozaralarda bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan bildirilgan bir fikr menga yoqdi: “Qabul qilish kerak. Amal qilishmasa, o‘zlari huquqbuzarga aylanishadi”.
Men ham maqolani ta’lim tizimidagi rahbarlarga yuqoridagi satrlarni sal o‘zgartirib aytish bilan yakunlamoqchiman: Nizom qabul qilindi. U huquqiy norma. Amal qilmasangiz, huquqni buzgan bo‘lasiz.
Normamat ESHONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi
63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi