Dars retro emas!
Dars retro emas!
Vaqt yeldek shoshib ketmoqda. Olamning biz bilmagan sirlari ham ayonlashib, kishilarning dunyo haqidagi taassurotlari kengayib bormoqda. Ayniqsa, o‘quvchi yoshlarning fikrlashi “zambarakning o‘qiday”. Bugungi kun o‘quvchilariga bir asr avvalgi metodlarni qo‘llay olmaymiz. Agar zamon bilan hamnafas bo‘lmasak, bizni dog‘da qoldirib ketishlari hech gap emas. Nega hozirgi yoshlar kattalar eshitgan kuy-qo‘shiqlarni toqat bilan tinglay olmaydi. Keling, bir mulohaza qilib ko‘ramiz.
Davrimiz yoshlarining imkoniyatlari kengayib borayotir. Shunchaki telefonning tugmachalarini bosish ko‘plab muammolarga yechim topib, bilimlariga bilim qo‘sha oladi. Shunday ekan har qanday narsaning qadri tezda pasayib borishi turgan gap. Biz televizorda yangi yil arafasida berilishini kutadigan kinolarni bugun yoshlar kutmaydi, chunki istagan filmini istagan vaqti topib ko‘radi, hatto sevimli film, qo‘shiq degan atamalarning ham rangi o‘chib borayotgandek. Zero, biri ketidan biri yangilanib turishi oqibatida tanlov ishtiyoqi ham so‘nib boradi. Hamma sevimli narsalardan tezda zerikish kuchayadi. Shuning uchun ham yoshlarda mumtoz yoki retro qo‘shiqlarni tinglashga ishtiyoq yo‘q. Ular buni vaqtni behuda sarflash deb o‘ylashadi. Oldinga, faqat oldinga qaraydilar, salgina hayallash oqibatida nimanidir o‘tkazib yuborish, bir soat oldin YouTube tarmog‘ida premyera qilingan klipni ko‘rmay qolib tengdoshlari muhokamasiga qo‘shilolmay “zamondan orqada qolishi” mumkin. Bu minglab misollarning birgina ko‘rinishi xolos.
Shunday ekan, nega biz hanuzgacha eski metodlardan voz kecha olmayapmiz?! Yoki o‘tayotgan darslarimizni ham xuddi eski qo‘shiqlarni majburan eshittirish singari singdirishimiz natija beradimi? Bugungi davr pedagogi vaqtdan ham o‘zishi, ta’lim-tarbiya berishda yangi usullarni qo‘llab, o‘quvchilarning qiziqishini jalb qila olishi zarur. Ular, o‘zlari hech qayerdan ololmaydigan, qo‘lidagi telefon yoki pla shetdan izlab topolmaydigan bilimlarni o‘qituvchi bera olishiga ishonishi kerak.
Nilufar SUYUNOVA,
Pastdarg‘om tumanidagi
24-maktab o‘qituvchisi