Dars sifati – izlanish va yangiliklar bilan
Dars sifati – izlanish va yangiliklar bilan
Boshlang‘ich sinf ta’lim-tarbiyaning poydevori hisoblanadi. Hozir boshlang‘ich ta’lim sohasida o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlar olib borishiga imkoniyatlar kengaymoqda. Ta’limning bu jabhasini takomillashtirish uchun hali ko‘p metod va texnologiyalarni o‘rganish kerak.
Boshlang‘ich ta’lim bosqichidagi bolaning diqqat turg‘unligi, bo‘linuvchanligi va taqsimlanishi, ko‘chishi kabi xususiyatlar tez sur’atlar bilan rivojlanib, takomillashib boradi. O‘quvchilar diqqatini jamlash, ma’lum muddat bir maromda ushlab turishda o‘yinlar katta samara beradi, chunki ular kuchli ta’sir va jalb qilish xususiyatiga ega. Xususan, bunda didaktik o‘yinlar o‘quvchilar diqqatini rivojlantirishda muhim vosita hisoblanadi.
Bir necha yillik tajribamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, o‘quvchilar doim yangi va ilg‘or texnologiyalar bilan o‘tilgan darsda ko‘pgina bilimlarni o‘rganadilar.
Darsni boshlash jarayonida, avvalo, o‘quvchilarning diqqati aynan darsga jamlanganini kuzatish zarur. Diqqatni jamlash uchun “Bir nuqtaga qarash”, “She’rni ifodali aytish”, “Jimlik” “Qarsak” kabi metodlardan foydalanib ijobiy natijalarga erishish mumkin. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘quvchilarning diqqatini torta olmagan o‘qituvchi dars sifatini ta’minlay olmaydi. Diqqat nafaqat ruhiy jarayon, balki o‘qish sifatini oshiradigan, ta’lim olish va tarbiyalanish jarayonining mustahkamligini ta’minlab beradigan muhim omillardan biridir.
Robiya MAHKAMOVA,
“Ziyo-zukko umumta’lim maktabi” NTM
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi