Diniy ta’lim inson e’tiqodini mustahkamlaydimi?
Diniy ta’lim inson e’tiqodini mustahkamlaydimi ?
— Ha, — dey isha di o ta-onalar bu savolga! Ular o‘rtasida diniy ta’lim olish muhimmi, u bolaga nechog‘li kerak, bolaning keyingi taqdiri uning diniy ta’lim olishiga bog‘liqmi deb so‘rovnoma o‘tkazdik.
Farzand oila gultoji. Ota-onaning quvonchi va baxti. Go‘daklar tug‘ilar ekan oila ham o‘z-o‘zidan mustahkamlanib, qadriyatlar kamolga yetib boraveradi. Har bir ota-ona, bobo-buvining hayotining mazmuni ana shu tug‘ilgan va ulg‘ayayotgan norasida bo‘lib qoladi. Endi ota “o‘g‘lim yoki qizim mendan baxtli bo‘lsin, u men ko‘rmagan barcha yaxshiliklarni ko‘rsin” deb mehnat qiladi. Onaning dilidan va tilidan “bolam yaxshi inson bo‘lib ulg‘aysin, u elga madadkor, doimo sog‘-salomat bo‘lsin” degan duoyu tilaklar tushmaydi.
Bolaning otasi yoki onasi istaganidek inson bo‘lib voyaga yetishida eng birinchi navbatdagi oiladagi muhit, uning qanday usulda tarbiyalanishi, tarbiyaning o‘ziga xosliklari muhim o‘rin tutadi.
Ota-onalar eng avvalo, farzandiga go‘zal hulqdan ortiqroq hadya bera olmaydi, deyilgan gap bor. Darhaqiqat, avvalo ota-onaning bola oldidagi burchlari uchta deb belgilangan. Birinchisi unga chiroyli ism qo‘yish. Chunki u ulg‘aygach o‘z ismidan uyalmasligi kerak. Ikkinchisi yaxshi tarbiya, uchinchisi voyaga yetgach uni uylash yoki turmushga uzatish.
Har bir oilaning o‘z qadriyatlari, faqat o‘zigagina ma’qul keluvchi odatlari, tamoyillari mavjud. Kimdir bolasini erkalatib, shirin so‘zlab tarbiyalasa, kimdir qo‘rqitib, yo nimanidir ta’qiqlab voyaga yetkazadi.
Aholsining 90 foizdan ortig‘ini islom diniga e’tiqod qiluvchilar tashkil etadigan yurtimizda albatta bolalar islom aqidalari asosida o‘sib-ulg‘ayishadi. Dastlab “u ishni qilma yomon bo‘ladi, bunday qilma yomon bo‘ladi” deb bolaga nima yaxshiyu nima yomonligi o‘rgatilsa, yillar o‘ta boshlagach, “yomon bo‘ladilarga” izohlar ham beriladi.
Masalan, bola uyqudan uyg‘ongach, albatta yuz-qo‘lini yuvib so‘ngra dasturxonga o‘tirishi o‘rgatiladi. Lekin hech qaysi ota-ona buni nima uchun talab qilayotganligini aytib bera olmaydi. Balki kichik yoshdagi farzandlar uchun “tozalik sog‘liq garovi, agar yuz-qo‘lingini yuvmasang yomon bo‘ladi” deb aytish mumkindir, ammo katta yoshdagi bolalar uchun oilada diniy saboqlar berilsa, xuddi shu vaziyatda payg‘ambarimiz Muhammad (S.A.V)ning quyidagi hadislarini keltirib o‘tish mumkin. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday deganlar :“Birortangiz uyqusidan uyg‘onsa, qo‘lini uch marta yuvmasdan turib, uni idishga solmasin, chunki birortangiz ham qo‘lini qayerda tunaganini bilmaydi yoki qo‘li qayerda aylanganini bilmaydi” .
Maktabga chiqqan bola dunyoviy bilimlarni ola boshlaydi va o‘z navbatida uning savollari ham ko‘payadi. “Nega? Nima uchun? Qayerda? Qachon?” kabi savollarga javob berish o‘qituvchi va ota-onaning zimmasiga tushadi. Uyida qaysidir diniy aqidalar asosida tarbiyalanayotgan bolada maktabga kelib birdan uzilish bo‘lib qolishi mumkin. Bir sinfda turli millatli, turfa dinli o‘quvchilar o‘qiydi. Ularga o‘z dinidan kelib chiqib muomala qilish lozim.
To‘g‘ri, O‘zbekistonda davlat dindan ajratilgani bois maktablarda diniy ta’lim o‘rgatilmaydi. Va bu haqda O‘zbekiston Respu blikasining 1998-yil 16-mayda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar tuzish to‘g‘risida”gi qonunida ham so‘z boradi. Ya’ni qonunning 7-moddasi “ Ta’lim tizimi va din” deb nomlangan. “ O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi dindan ajratilgan. Ta’lim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi” deyilgan. Shuningdek “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dunyoviy ta’lim olish huquqi ularning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar ta’min etiladi” deya qayd etilgan.
Biz ota-onalar o‘rtasida “diniy ta’lim olish muhimmi?” “U bolaga nechog‘li kerak?”, “Bolaning keyingi taqdiri uni diniy ta’lim olishiga bog‘liqmi?” kabi so‘rovnoma o‘tkazdik va bir bir qancha javoblarni oldik.
So‘ralganlarning ko‘p qismi diniy bilim berilishi haqidagi savolimizga javob berishni istamadi.
Ba’zilari esa diniy ta’lim bola uchun zarurligini faqat u to‘g‘ri yo‘naltirilishi lozimligini aytishdi. Quyida onalarning birining javobi (savollar sinflarning telegramm guruhidan jo‘natilgan).
3-sinf o‘quvchisining onasining javobi: — Diniy ta’lim bola uchun zarur, faqat uni to‘g‘ri yo‘naltirish lozim. Chunki Qur’on o‘qigan bolaga uning qonun-qoidalarini, uning tafsirini sodda qilib tushuntirilsa, kelajakda o‘sha bola insonlarga yaxshilik qiladigan iymonli farzand bo‘ladi.
Yana bir ona shunday javob berdi: — Diniy ta’lim berilishi kerak deb o‘ylayman. Sababi butun dunyo taniydigan bobolarimiz ham avvalo Qur’onni o‘qishgan. Diniy ta’lim to‘g‘ri berilsa ya’ni fan sifatida o‘qitilsa keyinchalik bola noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketmaydi. Qolaversa, hech qaysi din yovuzlikni targ‘ib qilmaydi.
“Agar bolalarimiz diniy ta’lim olsa juda yaxshi bo‘lardi. Sababi ularda yoshligidanoq immunitet shakllanib, ezgu g‘oyalar bilan buzg‘unchi g‘oyalar nima ekanligini farqiga borib ulg‘ayardi” deb javob berdi yana bir ona.
Ota-onalarning aytishicha, agar o‘quvchida diniy bilim yetarli bo‘lsa, keyinchalik uning diniy ekstremizm g‘oyalariga osongina qul bo‘lishining oldi olinadi. Ya’ni ular soflik va ezgulik, halol va harom, to‘g‘rilik va egrilik haqida o‘z fikriga ega bo‘ladi. Noto‘g‘ri g‘oyalarga ergashib ketmaydi.
Ba’zi ota-onalar garchi ismi shariflari sir saqlanishi aytilsa ham, bu savollarga javob berolmasliklarini, zamon nozikligini, bolasining dunyoviy bilim olishining o‘zi katta imkoniyat ekanligini, ba’zi davlatlarda hatto o‘quvchilar maktabga bora olmayotganligini aytib, savollarimizga javob berishni istashmadi.
Yana bir toifa ota-onalar (shu yerda bir fikrni aytib o‘tib ketish kerak so‘rovnomada asosan onalar qatnashdi) maktabda zamonaviy bilimlarni egallash kerak. Asosan matematika, chet tillari, fizika, kimyo, biologiyani o‘rganish yetarli, diniy ta’limni bola uyda bobo-buvisidan yoki ota-onasidan ham o‘rgansa bo‘laveradi, deb hisoblashlarini bildirishdi.
Xulosa qilib aytganda, aksariyat kattalar diniy mavzularda gapirishdan cho‘chishar ekan. Ikkinchi bir xulosa hamma bolasining e’tiqodi butun shaxs bo‘lib voyaga yetishini istaydi, lekin maktablarda diniy ta’lim fan sifatida kiritilishiga ishonmaydi. So‘ralganlarning yana bir toifasi diniy ta’lim berilishi jamiyatning yaxshilanishiga katta yordam beradi deb hisoblaydi.
So‘zimiz yakunida har bir din vakili o‘z diniy qarashlarini farzandlari ham davom ettirishini istashini bilib olganimizni aytamiz.
Sharifa MADRAHIMOVA, jurnalist.