ENG YAXSHI SOVG‘A

Insonning ma’rifatli, ma’naviyatli, madaniyatli bo‘lishida kitobning roli benihoya katta. Bunday insonlardan hyech qachon yomonlik chiqmaydi. Ziyoli odam o‘zining bilimini, tajribasini, amaliy ko‘nikmalarini boshqalarga ham o‘rgatishga harakat qilib, o‘sha o‘rgangan insonning o‘zidan biron narsani o‘zlashtirganini ko‘rgan paytda uning quvonchi ichiga sig‘may ketadi. Mana shu shodlik, quvonch hislari faqat adabiyotdan, badiiy asarlardan bahramand bo‘lgan odamlar qalbida jo bo‘ladi...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev kitob va kitobxonlik, ma’naviyat xususida qayta va qayta ta’kidlayaptilar. Bu esa yurtdoshlarimiz qalbiga g‘urur bag‘ishlab, odamlarni kitobga bo‘lgan ishtiyoqini oshirayapti.
Qaysi oilada kitobxonlikka e’tibor qaratilgan bo‘lsa, o‘sha xonadonda kamol topayotgan farzandlar SO‘Zni, ilmni qadrlaydilar. Komil inson bo‘lishga intiladilar.
Bu yilgi yangi o‘quv yilining ilk kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi 14 –umumta’lim maktabining 34 nafar 7 – “F” sinf o‘quvchilari uchun bir umr esda qoladigan bo‘ldi. Sinf rahbari Adiba Ayizova padari buzrukvori – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va jurnalistlar uyushmasi a’zosi Abdulla Ayizovning “Yangi kitob” nashriyotida chop etilgan bolalarga bag‘ishlangan “O‘zimizning Beg‘amboy” qissasi hamda she’rlar, hikoyalardan iborat “Turfa odamlar” nomli to‘plamini hamda “O‘zbekiston” nashriyot – matbaa ijodiy uyi tomonidan qayta nashr qilingan “Polvon yig‘lagan tun” qissalar kitobini o‘quvchilarga sovg‘a qildi. Shunday qilib, o‘quvchilar yangi o‘quv yilini yangi kitoblar bilan qarshiladilar.
- O‘tgan yili ham shu sinfga rahbarlik qilgan edim. O‘quv yili yakunida eng a’lochi va namunali xulqqa ega bo‘lgan sanoqli o‘quvchilarga qiziqarli kitoblar sovg‘a qilib, ularni rag‘batlantirdim. Otam bu haqda eshitib, bir g‘oya aytdilar. “Yil davomida kim a’lochi bo‘larkin deb vaqtni o‘tkazgandan ko‘ra, o‘quv yili boshida barcha o‘quvchilarni kitob bilan kutib olsang yaxshi bo‘lardi. Shunda ijobiy natijani ko‘rasan, hamma o‘quvchi a’lochi bo‘ladi...” dedilar va Toshkentdan o‘zlarining yangi nashr etilgan kitoblaridan yubordilar. Kitoblarni maktabimizning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Xolmo‘min Zoyirov hamda tajribali o‘qituvchi Xurshida Ataullaeva bilan birgalikda o‘quvchilarga ulashdik.
Eng yaxshi sovg‘a – kitob olgan o‘g‘il – qizlar quvonchi har birining yuz – ko‘zlarida aks etdi. Zero, kitob bilan do‘st tutingan qalblarda hamisha ezgu maqsadlar mujassam bo‘ladi.
Sevin OCHILOV,
Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va
maktab ta’limi boshqarmasi metodisti.