Eng dolzarb vazifa
Eng dolzarb vazifa
Bugungi kunda ta’lim sifatini oshirish barcha pedagoglarning oldida turgan eng dolzarb vazifadir.
Ma’lumki, har qanday kasbni egallashda, avvalo, ustoz-muallimning o‘rni beqiyos. Shuning uchun ham barcha kasblar ichida o‘qituvchilik kasbi o‘ta sharafli va mas’uliyatli hisoblanadi. Bugungi kun o‘qituvchisiga qo‘yilayotgan asosiy talab chuqur bilimdonlik, zukkolik, asosiysi o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishdan iboratdir. Bejizga prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev 2023-yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb e’lon qilmadi.
O‘quvchilarning bilimini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, og‘zaki nutqini o‘stirishda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning o'rni beqiyos. Chunki tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish jarayonida pedagog o‘quvchilarni jamoa bo‘lib ishlashga, mustaqil fikrlashga, o‘z fikrini bayon qila olishga o‘rgatadi.
Farg‘ona viloyati Beshariq tumani 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham shunday tadbirlar o‘tkazib boriladi. Oila, mahalla, maktab hamkorligi doirasida “Eng kitobxon oila”, “Eng kitobxon o‘quvchi”, “Matematika bilimdonlari” kabi tadbirlarda o‘quvchilar bilan birga ota-onalar, bobo va buvijonlar ham faol ishtirok etadilar.
Men rahbarlik qilayotgan 3-“B”sinfda ham “Matematika bilimdonlari” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qildik. Bunda sinf o‘quvchilari 2 guruhga bo‘linib 5 ta shart bo‘yicha bellashdilar.
“Al-Xorazmiy izdoshlari” va “Mirzo Ulug‘bek shogirdlari” nomli guruh o‘quvchilari matematika faniga oid mantiqiy savollarga, tezkor savollarga javob berdilar, misol va masalalar, boshqotirmalar yechdilar.
O‘quvchilar tadbirda juda faol qatnashishdi. Bellashuvni ota-onalar, ustozlar qiziqish bilan kuzatib, kuy, qo‘shiq va raqslardan bahramand bo‘lishdi, farzandlarining matematika faniga bo‘lgan qiziqishlari, tezkorlik bilan bir-birlarini qo‘llab harakat qilishlari ota-onalarga juda yoqdi. Tadbir ishtirokchilari munosib taqdirlanishdi.
Manzura G‘ANIYEVA,
Beshariq tumanidagi 3-maktabning
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi