Eng katta ustozim — ota-onam!
Faxr
Eng katta ustozim — ota-onam!
El orasida “o‘qituvchi farzandi” degan ibora bor. Bu ikki so‘z ma’nosida qanchalar mas’uliyat, iftixor va orzu-istak mujassam ekanini men his etaman. Boisi otam Ma’murxo‘ja Tojiyev Uchko‘prik tumanidagi bir nechta maktablarda biologiya, kimyo fanidan o‘quvchilarga bilim va tarbiya berib keldi. Ko‘p yillar 3-maktabda direktor bo‘lib ishladi. Onam Mavludaxon Abdullayeva ham Farg‘ona davlat universitetining biologiya fakultetini tugatib, maktabda o‘qituvchi, so‘ng tumandagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida rahbarlik qilib, o‘quvchilarning iqtidori va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga katta yordam bergan.
Bilamanki, onamga oson bo‘lmagan. O‘sha paytlari qog‘ozbozlik, o‘qituvchi hamma uchun “beminnat yordamchi” bo‘lgan yillarda ayol boshi bilan rahbarlik qilib, ham oilani, ham ishni eplashni fidoyilik degan bo‘lardim. U kishining mehnatlari bir necha bor e’tirof etilgan. Ota-onam Uchko‘prikda xalq ta’limini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan insonlar deb bemalol ayta olaman. Nafaqat ota-onam balki amakimlar, ammamlar, xolalarim, tog‘alarim ham o‘qituvchilardir. “Sizlarday bo‘lgim keladi, bobojon, buvijon” deya qizim Nilufar ham bu yil tumandagi 29-maktabni oltin medalga tamomladi. Va ikkilanmay hujjatlarini o‘qituvchilik yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlariga topshirdi. U Qo‘qon davlat pedagogika institutining biologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdi.
Hozirda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. Hozirgi kunda tumanimizda yangi tashkil etilgan 56-maktabda 3-sinflarga dars beryapman. O‘qituvchilikning halol nonini yeb ulg‘aydim, hozirgi kunda ham farzandlarimni shu kasb orqasidan katta qilyapman, kelajakda qizim ham ajdodlariga munosib avlod bo‘lishiga ishonaman. Aytmoqchimanki, o‘qituvchilik eng sharafli kasb. Va bu kasbni tanlaganlar doimo elning ardog‘ida.
Nargizaxon AHMYeDOVA,
Uchko‘prik tumanidagi 56-maktab o‘qituvchisi