FIDOYILIK maktab direktori faoliyatiga ayrim chizgilar
Avvalo gazetxonlarga maqola qahramoni bilan bir maktabda ishlashimni, maqola yozilishidan esa u insonning xabari yo‘qligini eslatib o‘tishni joiz deb bildim. Bu haqida o‘tgan yili gap ochganimda: “Qo‘ying, shart emas. Ikkovimiz haqimizda ham g‘iybat ko‘payadi. Ba’zilar o‘qituvchisiga aytib yozdiribdi desa, ayrimlari direktoriga xushomad uchun yozibdi deyishadi” degandi. Ammo bu safar ruxsat so‘ramasdan yozishga qaror qildim. Sababi, qahramonimizning hayot yo‘li ta’limga fidoyilikning yorqin timsolidir. Uning faoliyati, amalga oshirgan ishlari ko‘plab yosh direktorlar uchun o‘rnak, tajribalarini o‘rganish uchun imkon bo‘lishi mumkin.
Bilimdonlik
Ismoil domla Almardonov Oltinsoy tumanidagi 63-maktab direktori. Yetmish yoshni qoralayotgan bo‘lishiga qaramasdan kitob o‘qishdan, izlanishdan to‘xtamaydi. Ta’limga oid, intellektual teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni
erinmasdan tomosha qiladi, eshitadi. Yaxshi ko‘rsatuv bo‘layotgan bo‘lsa hatto xodimlarga qo‘ng‘iroq qilib, xabar beradi.
Bosma ommaviy axborot vositalari esa alohida bir mavzu. Mamlakatimizda nashr etiladigan deyarli barcha nashrlarni muntazam o‘qib boradi. Ko‘pchilik bunga ishonmasligi mumkin, ammo bu bor gap. Eng dolzarb mavzudagi maqolalar bilan esa ertalabki yig‘ilishlarda barchamizni tanishtiradi. Mushtariylarda buncha gazeta-jurnallarni qayerdan oladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy...
Obuna masalasida maktabda o‘ziga xos an’ana shakllangan. Men 2007-yildan buyon mazkur maktabda ishlayman va obuna mavsumi qanday o‘tishiga o‘rganib qolganman. Ya’ni, maktabda obuna ikki xil usulda, umumiy va yakkaxon tartibda amalga oshiriladi. Domla obuna katalogini sentabr oyining boshida olib kelib, o‘qituvchilar xonasiga qo‘yib qo‘yadi. O‘qituvchilar o‘z mutaxassisliklariga oid nashrlarni tanlab o‘z xohishlari bilan obuna bo‘lishadi. Ba’zi o‘qituvchilar 400 ming so‘m atrofida obuna bo‘lishsa, ba’zi o‘qituvchilar esa imkoniyatiga qarab ikki-uch nafari birgalikda bir nashrga obuna bo‘ladi...
Qishloq tumanlarida obunachilarga gazeta-jurnallarni vaqtida yetkazib berish anchagina muammo ekanligi sir emas, shuning uchun har haftada bir kun tuman markazidagi “Matbuot tarqatuvchi” tashkilotidan maktab jamoasi obuna bo‘lgan bacha nashrlarni olib keladi. Maktabdagilar har dushanba kuni Domlaning katta bir taxlam gazeta-jurnallarni ko‘tarib kelishiga o‘rganib qolishgan. Ammo...
Ammo ana shu gazeta-jurnallarni bitta son ham qoldirmasdan o‘qib chiqishiga esa ko‘pchilik ishonmaydi. Lekin domla barchasini o‘qib chiqadi. O‘zi bilimdon bo‘lishi bilan birga, bilimdon kishilarni hurmat qiladi. Bilimli o‘qituvchilar haqida eshitib qolsa darhol ishga
olishga harakat qiladi.
Sir emas, hozirgi vaqtda ko‘pchilik direktorlar xodimni ishga olishda nimadandir umidvor bo‘ladi, loaqal bir “choy” qo‘yiladi yangi xodimning bo‘yniga.
Ismoil domla esa bilimli tajribali o‘qituvchini ishga olsa o‘zi “choy” qilib beradi. Chunki u kishi uchun bilim va bilimdonlik muqaddas tushunchalardan hisoblanadi.
Tajribali rahbar
Ismoil Almardonov tajribali rahbar. Qirq yildan oshiq pedagogik faoliyati davomida ko‘proq rahbar lavozimlarda faoliyat yuritdi. Oliygohni tugatib qishloq maktabida ish boshlashi bilan darhol rahbarlar e’tiboriga tushdi. Yosh, bilimli, ishchan xodim turli rahbarlik lavozimlarida ishladi: kashshoflar yetakchisi,
ilmiy bo‘lim mudiri, maktab direktori, tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimi, hunar-texnika bilim yurti direktori, kasb-hunar kolleji direktori… Xizmat faoliyati davomida to‘xtovsiz malaka va tajriba orttirib bordi. Tajribali rahbarlar bilan birga ishlash, tajribali rahbarga aylanishida muhim tajriba maktabi vazifasini o‘tadi.
Domla o‘z ish faoliyati davomida birga ishlagan rahbarlardan, nafaqat rahbarlardan, balki birga ishlagan oddiy o‘qituvchilardan ham ko‘p narsalarni o‘rgandi.
Ba’zan biror kamchilikka yo‘l qo‘ygan xodimiga tanbeh berayotganida, o‘zi bir vaqtlar birga ishlagan, hozir esa nafaqaga chiqib, keksalik gashtini surayotgan ustozlarni eslatadi: “Mamarajab domlani, Otamurod domlani, Turdi akani taniysanmi, eshitganmisan? Ana shu domlalarga rahbar, “zavuch” yoki direktor kerak emas edi. Ko‘pchilik o‘qituvchilar rahbarlarning oldida o‘zini ko‘rsatishga harakat qilsa, ular rahbarlar yo‘q paytda zo‘r berib ishlardi. Ularning ishlamayotganiga qancha yillar bo‘ldi. Ammo xalq orasida hurmati haliyam baland. Odamlar kimning kim ekanini yaxshi biladi. Rahbar ham ko‘r emas, kimning qanday ishlayotganini biladi. Sen rahbarni emas, o‘zingni aldaysan” deb tanbeh beradi.
Domla yana bir gapni tez-tez takrorlab turadi. “Tuman yoki viloyat miqyosidagi o‘rtamiyona rahbarning ham tajribasi va dunyoqarashi yaxshi maktab direktorinikidan ko‘ra kengroq bo‘ladi, chunki ular xizmat yuzasidan ko‘p joylarda bo‘ladi, ko‘p narsani ko‘radi”. Gapining isboti sifatida kasb-hunar kolleji direktori bo‘lib ishlab yurgan davrida boshqarma boshlig‘i bilan bo‘lib o‘tgan bir voqeani eslaydi: “Kollej, yo‘laklar atrofi chiroyli “devor gullar” bilan o‘ralgan. Boshqarma boshlig‘i kelganda uni olib tashlashni buyurib ketdi. Ko‘zim qiymadi. Ikkinchi bor kelganida yana qattiq topshiriq berib ketdi. Noiloj olib tashladik. Boshliqning nega bunaqa topshiriq berganiga “devor gul”ni olib tashlayotganimizda tushundik. Gullarning orasi necha yillik changlar, chiqindilarning makoniga aylangan ekan. Shundan so‘ng kollej hududiga ekilgan barcha “devor gullar”ni oldirib tashladim”.
Adolatparvar inson
Adolatparvarlik rahbarlik faoliyatidagina emas, balki butun hayot tarzida ham eng asosiy prinsiplaridan hisoblanadi. Hatto, oilada, to‘y-ma’rakalarda, oddiy suhbat-gurunglarda salgina adolatsizlik yuz bersa ham chidab turolmaydi.
Maktabda o‘tkaziladigan tadbirlar, ochiq darslar, dars tahlillari jarayonida hakamlar yoki o‘qituvchilar tomonidan, o‘quvchilar bilimi, ishtirokini salgina noto‘g‘ri baholash holati yuz berib qolsa, xatoga yo‘l qo‘ygan o‘qituvchining ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi. Adolatparvarlik va haqgo‘ylikning afzalliklari haqida bir gapni tez-tez takrorlab turishni yoqtiradi: “Qorin och bo‘lsa ham, ko‘ngil xotirjam bo‘lgani yaxshi”.
Sir emas, dars taqsimoti ko‘pchilik maktablarda tortishuv va noroziliklar bilan o‘tadigan jarayon. Ammo 2007-yildan buyon mazkur maktabda birorta o‘qituvchining dars taqsimotidan norozi bo‘lganini ko‘rmadim, eshitmadim. Bu holat rahbarning adolatliligi muassasada tinchlik va osoyishtalik, jamoada esa ahillik va totuvlik garovi ekanining isbotidir.
Maktab asoschisi
Qanday jamiyatda bo‘lmasin maktab yoki o‘quv muassasalarini ochgan insonlar haqida hurmat va ehtirom bilan gapirishadi. Ismoil aka Almardonov bir emas uchta o‘quv muassasasiga asos solgan. O‘tgan asr oxirlarida domlaning tashabbusi va rahbarligida yangi tashkil etilgan Oltinsoy tumanida ilk hunar-texnika bilim yurti ochildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida esa Oltinsoy maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining faoliyatini yo‘lga qo‘ydi, kollej uchun zamonaviy o‘quv binosining qurilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Kollej binosi qurilishi loyihalari tasdiqlangan, mablag‘ ajratilgan, ammo qurilish uchun yer ajratish muammo bo‘lgan, hokimiyat organlari ham bu masalani hal qila olmagandi. Qurilish uchun loyihalangan yer qarashli bo‘lgan fermer xo‘jaligi, yer maydonini berishdan bosh tortgan edi. Tuman hokimi va rahbarlarining ham aralashuvi foyda bermagan, kollejni boshqa hududda qurmoqchi bo‘lishganda, o‘g‘lining fermer xo‘jaligiga qarashli bo‘lgan yerdan, kollej qurilishi kerak bo‘lgan yer maydoniga nisbatan 2-3 baravar ko‘proq yer maydonini berib, kollej qurilishini boshlatgan edi...
Nihoyat transport qatnoviga qulay joyda, ulkan, zamonaviy kollej binosi qad rostlagach, maza qilib ishlash o‘rniga, kollejning eski binosi o‘rniga maktab ochish fikriga tushib qoldi.
Kollej rahbarligini shogirdlaridan biriga topshirib, tumandagi yangi 63-ixtisoslashgan iqtidorli bolalar maktabini ochdi. Ammo yangi maktabda tashkilotchilik ishlari bois anchagina qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Ishonib o‘rniga kollej direktorligiga tavsiya qilgan, shogirdim degan inson, yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytardi.
Hisobdan chiqarilgan, eski, hokimning qarori bilan yangi maktabga o‘tishi kerak bo‘lgan barcha parta, stol-stullarni kollejga tashib ketdi. Hatto ustoz-shogird san-manga ham borishdi. Ustozidan faqatgina qat’iyatliliknigina o‘rgangan shogird, yangi maktab uchun o‘tgan asrning 30-yillarida qurilgan, sal turtsa to‘kilib tushadigan eski binonigina qoldirdi. U paytda kollej va maktablar ikki boshqarmaga qarardi... Eski binodagi yangi maktabni epaqaga keltirish qiyin bo‘ldi. Tumandagi, qo‘shni tumanlardagi yangi qurilgan yoki kapital ta’mirdan chiqarilgan maktablardan hisobdan chiqarilgan eski partalar, stol-stullar, doskalar topib kelib, yangi maktab faoliyatini yo‘lga qo‘ydi...
Nima sababdan yangi maktab ochishga qaror qilgani haqida so‘raganimda, shunday degan edi: “Kollejlar faoliyati befoyda va samarasiz ekanligi ravshan bo‘lib qolgan, hududdagi qishloqlarda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi juda past edi. O‘qitgan shogirdlaring ko‘pchiligi oliy ma’lumotli bo‘lmay, qo‘shni davlatlarga mardikorlikka ketsa, bilimdon, zukko yigitlar qora mehnat bilan umrini o‘tkazsa, kishiga alam qilarkan. Atrof qishloqlardagi o‘qishga qiziqqan yoshlarning oliy o‘quv yurtlariga kirishiga yordam berish, ularga puxta bilim berish uchun ochganman bu maktabni”.
Ammo muassasa ixtisoslashgan maktab sifatida ochilgan bo‘lsa-da, faoliyatini oddiy maktab sifatida davom ettirishiga to‘g‘ri keldi. Sababi, aynan o‘sha davrda ta’limga oid qonunchilikda ayrim o‘zgarishlar yuz berib, bunday maktablar uchun to‘lov joriy etilganligi bo‘ldi.
Farzandlarini mazkur maktabga o‘qitish uchun qo‘ygan ota-onalarning ko‘pchiligi esa kam ta’minlangan, ijtimoiy nochor oilalar bo‘lib, to‘lov qilish imkoniyatiga ega emas edi.
Maktabda o‘qitish xuddi ixtisoslashgan maktablardagi kabi yo‘lga qo‘yildi. Natijalar ham chakki bo‘lmadi. Maktab tuman miqyosidagi reytingda muntazam birinchi o‘rinda, viloyat miqyosida esa 3-4-o‘rinda yuradigan maktabga aylandi. “Bilimlar bellashuvi”, fan olimpiadalarida, “Ajdodlar merosi”, “Huquq bilimdonlari” kabi ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, viloyat va respublika miqyosida yutuqlar qo‘lga kiritildi.
Saxovat
Xayr-saxovat qiluvchilarning ko‘pi asosan obro‘ orttirish uchun qilishadi bu ishni. Arzimagan xayriya qilib butun olamga jar soladi. Suratlar, intervyular, ko‘rsatuvlar uyushtiriladi. Ammo Ismoil aka Almardonov “O‘ng qo‘lim berganini chap qo‘lim bilmasin” deydigan insonlardan.
Maktab tashkil etilganidan buyon
barcha o‘quvchilarning darsliklar uchun ijara pulini muntazam ravishda o‘z hisobidan to‘lab keladi. Buni esa deyarli ko‘pchilik ota-onalar bilishmaydi. Ularning aksariyati ijara pulini davlat to‘laydi deb o‘ylashadi. Ulardan biri bilan suhbatimizda shu haqida gap ochildi:
— Sizlarda yaxshi. Kitobga ham, ta’mirga ham pul to‘lanmaydi. Boshqa maktablarga pul ajratilmaydimi yoki ular Ismoil domladay qonunni yaxshi tushunmaydimi?
— Qanaqa qonun? Domla ijara pulini kissasidan to‘laydi.
— Nima-a? Aldamang-ey, kap-katta odam uyalmaysizmi yolg‘on gapirishga?
— Rost, ijara pulini domla o‘z kissasidan to‘laydi.
—Yo‘g‘e-ey. Shuncha yildan
buyon, maktabdagi barcha bolaning o‘rniga pulni o‘zi to‘laydimi?
— Ha.
— Agar gapingiz rost bo‘lsa, Ismoil domlaga haykal qo‘ysa arzirkan.
— Sal mubolag‘a qilmadingizmi?
— Mubolag‘asi bor ekanmi? Butun O‘zbekistonni qidirib, maktab o‘quvchilarining ijara pulini kissasidan to‘laydigan direktor topsangiz gapimni mubolag‘a deysiz. Topiladimi shunday direktor?
— Menimcha topilmasa kerak.
— Unday bo‘lsa nega gapimni mubolag‘a deysiz?
— Ha endi Ismoil domla eshitsa, xafa bo‘ladi deyman-da...
— Xafa bo‘ladi?
— Ha, xafa bo‘ladi... Judayam kamtarin inson-ku...
— Baraka topsin. Boshqalar bir narsali bo‘laman deb direktorlikka qiziqadi. Qani endi barcha direktorlar domlaga o‘xshasa...
— Ha barcha direktorlar... Menimcha, bu qiyin-ov. Chunki kimda bunga imkon bor, kimdadir yo‘q...
— Gapingiz to‘g‘ri. Ammo ko‘pchiligi loaqal halol ishlashsa ekan...
Suhbatdoshimning fikriga qo‘shilgan holda o‘yga tolaman. Haqiqatan ham so‘nggi paytlarda maktab direktorligi kimlargadir katta amal, boylik va obro‘ orttirish vositasiga aylanib bormoqda.
Kechirimlilik
“Rahbar kechirimli bo‘lishi kerak. Ish jarayonida yuz beradigan tortishuvlar ish vaqti tugashi bilan unutilishi kerak, ishxonadagi gap ishxonada qolishi shart”. Bu qoidalar Ismoil domla Almardonovning asosiy prinsiplaridan hisoblanadi.
Ba’zan ish borasida qattiq tortishib qolamiz. Shunday vaqtlarda domla ish vaqti tugashini kutib o‘tiradi:
— Bugun sizni bir “choy”ga olib chiqmoqchi edim.
Turli bahonalar qilib ko‘raman, o‘tmaydi. Bir piyola choy ustida, o‘tgan-ketganlardan suhbat bo‘ladi, gina-kuduratlar unutiladi. Xodimlardan kimnidir koyib, dashnom bersa yana shu holat, bir piyola choy ustida hovurdan tushiladi. Ammo ba’zan ana shu kechirimliligi o‘zining ziyoniga ishlab qoladigan paytlar ham bo‘ladi. Maktablar qizil, yashil, sariq hududlarga ajratilayotganda, qasddan yoki bilib-bilmay, kimningdir mas’uliyatsizligi yoki g‘ayirligi tufayli, tuman reytingida bir necha yildan buyon birinchi o‘rinda yurgan maktabimizning o‘rni jadvalda qizil hududga tushib qolibdi. Albatta, bu ko‘pchilikka yomon ta’sir qildi. Men boshqarma boshlig‘ining telegram akkauntiga jadvalning noto‘g‘ri tuzilganini tahliliy isbotlab, xatolarni ko‘rsatib murojaat bilan chiqdim. Ammo boshliq xatimni e’tiborsiz qoldirdi.
Shunda achchiqlanib, xatni faktlar bilan Bosh prokuraturaga yubormoqchi bo‘ldim. Ammo direktorimiz meni fikrimdan qaytardi:
— Qo‘ying, shartmas. Nimani isbotlamoqchisiz? Maktabimizning qandayligini xalq biladi. Undan ko‘ra, zo‘r berib ishlaylik. Ko‘proq o‘quvchimiz OTMlarga kirsin. Ana shu biz uchun reyting bo‘ladi. Boshliq yaqinda tayinlangan, vaziyatni yaxshi bilmagani uchun xato qilgandir. Yangi rahbarni tashvishga qo‘ymang.
Direktorning gapiga kirdim. Ammo ko‘ngilchanligi o‘zi uchun tashvishga sabab bo‘ldi. Boshqarma qizil hududdagi maktab direktorlari uchun ogohlantirish xati chiqardi...
Beixtiyor xayolimdan “Kechirimlilikda ham me’yor bo‘lgani yaxshi ekan”, degan fikr o‘tdi...
Novatorlik
Ma’lumki, yangiliklarni yaratish, yangiliklardan boxabar bo‘lish va ulardan foydalanish taraqqiyotning asosiy shartidir. Hozir bu jarayonni novatorlik va innovatsiya deb atash urf bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz. Ismoil Almardonov ana shunday rahbarlardan hisoblanadi. Domla matbuotni sinchiklab kuzatib boradi va qayerdadir ta’limga oid biror yangilik haqida o‘qib qolsa, uni, albatta, batafsil o‘rganib amaliyotga joriy etishga harakat qiladi.
Direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Mengali Mamatmo‘minov bu haqida shunday deydi:
— Domla biror-bir yangilikni joriy qildimi, u, albatta, ta’lim tizimiga kirib keladi. Faqat vaqt masalasida biroz farq bo‘ladi. Bir necha oy yoki bir necha yil keyin yuqoridan biz allaqachon yo‘lga qo‘ygan ishimizni bajarish, amalga oshirish haqida topshiriq keladi.
Ismoil Almardonovning o‘zi bu haqida shunday deydi:
— Hozirgi davr shunday shiddatkorki, agar yangiliklardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lib, ularni qo‘llab bormasangiz ko‘p narsalarda yutqazasiz. Shuning uchun zamondan bir qadam oldinroq yurishga harakat qilish kerak.
Xalq ishonchidagi inson
Ismoil Almardonov xalq ishonchidagi insonlar jumlasidan. Domla
yashayotgan “Ekraz” mahallasida obro‘si nihoyatda yuksak. Bu, ayniqsa, saylov jarayonida yaqqol namoyon bo‘ladi. Qanday darajadagi saylov bo‘lmasin saylov komissiyasi raisligiga albatta u kishini saylashadi. Saylov jarayoni qonuniy va demokratik ruhda — butun tumanda namuna bo‘ladigan darajada o‘tadi.
Juda ko‘pchilik turli masalalarda doimo undan maslahat oladi. O‘z muammolari bilan o‘rtoqlashadi. Ya’ni, oddiygina qilib aytganda, unga ishonishadi. Nazarimda, xalq ishonchidan ham yuksakroq baxt va sharaf bo‘lmasa kerak. Ismoil
Almardonov ana shunday baxt va sharafga ega insonlar jumlasidan.
G‘amxo‘r va jonkuyar rahbar
Ismoil Almardonovning eng muhim fazilatlaridan biri g‘amxo‘r va jonkuyar rahbar ekanidir. Maktab jamoasi va o‘quvchilari buni har qadamda sezib turadi va direktorning har qanday muammoni hal qilishiga ishonadi.
Agar imkoniyati bo‘lsa tuman, viloyat va respublika miqyosida o‘tadigan har qanday musobaqa va tanlovlarda doimo o‘quvchilar bilan birga bo‘ladi. Agar
buning imkoni bo‘lmasa telefon orqali vaziyatdan boxabar bo‘lib turadi.
2018-yili maktabimiz o‘quvchilari “Huquq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida qatnashadigan bo‘ldi. Tanlovga jo‘nab ketishimizga uch kun qolganda viloyatdagilar o‘quvchilarimizning formasiga e’tiroz bildirishdi. Men ham, maktab jamoasi ham shokka tushib qoldik. Mening holatimni ko‘rib o‘quvchilarimdan biri shunday dalda bergandi:
— Ustoz, hech narsani o‘ylamang, direktor bor-ku, hammasini hal qiladi.
Haqiqatan ham, ikki kun ertalabdan kechga qadar yugur-yugur bilan tinim bilmadik. Bormagan tikuvchi, uchrashmagan dizayner qolmadi. Toshkentga jo‘nashimizdan bir kun oldin forma tayyor bo‘ldi.
Ha-ya formamiz, barcha ishtirokchilar, Xalq ta’limi vazirligi va RTM mutasaddilari tomonidan e’tirof etildi, barcha viloyatlar uchun namuna sifatida ko‘rsatildi.
Tajribali rahbar Ismoil Almardonov haqida yana uzoq yozish mumkin... Eng muhimi, Domla hozir o‘z tajribalarini xalq farzandlariga bilim berishga sarflab, g‘ayrat-shijoat bilan faoliyatini davom ettirmoqda...
Normamat ESHONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi
63-maktab o‘qituvchisi