FIN TA’LIMI MUVAFFAQIYATI — O‘QITUVCHILAR SALOHIYATI
Dunyodagi zamonaviy o‘quv dasturlari, o‘qitish metodikalarini o‘rganib, yurtimiz ta’lim tizimiga joriy qilish ustuvor vazifalardandir. Shu bois quyida ta’lim sohasida ilg‘or davlatlarga aylangan Yaponiya va Finlandiya ta’lim tizimining muvaffaqiyat sirlari haqida gaplashamiz.
Yaponiyada ta’lim tarbiyadan boshlanadi. Zamonaviy o‘qituvchi o‘z ustida tinmay ishlab, ta’limdagi innovatsion yangiliklarni o‘rganib borishi, chet ellik hamkasblari bilan tajriba almashib turishi maqsadga muvofiq. Zero, mamlakatimiz o‘quvchilarining bilimini xalqaro baholash mezonlari asosida sinovdan o‘tkazishga tayyorlanilayotgan bir vaqtda bu juda muhim.
Yaponiyada ta’lim tizimi uch bosqichga bo‘linadi:
1. Boshlang‘ich ta’lim (1-sinfdan 6-sinfgacha).
2. O‘rta ta’lim (7-sinfdan 9-sinfgacha).
3. Yuqori ta’lim (10-11-sinf).
Yaponiyada ham xuddi O‘zbekistondagidek 9 yillik ta’lim majburiy hisoblanadi va bu mamlakat konstitutsiyasida ham belgilab qo‘yilgan (26-modda). Lekin o‘quvchilarning 98 foizi yuqori ta’limda o‘qishni ma’qul ko‘radi. Darslar haftasiga 5 kun o‘tiladi, dars davomiyligi 45 daqiqa. Darslar ertalabki soat 9:00 dan 15:00 gacha davom etadi. Mashg‘ulotlardan keyin o‘quvchilar sport va musiqa to‘garaklariga boradi. Ta’lim muassasasi binolarini tozalash ishlarini bog‘chadan boshlab, barcha ta’lim muassasalarida bolalarning o‘zlari bajaradi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar o‘yinchoqlarni yoyib, istaganicha o‘ynashi mumkin. Lekin o‘yin oxirida o‘zlari yig‘ishtirib, tarbiyachisidan rahmat eshitishni istashadi. Bu holat boshlang‘ich sinfda ham davom ettirilib, ota-onalar bunga hech qanday norozilik bildirmaydilar. Bolani yoshligidanoq mehnatga o‘rgatish Yaponiya ta’lim tizimiga singib ketgan.
Davlat maktablarida o‘qish bepul bo‘lib, ota-onalar faqat tushlik uchun ma’lum miqdorda pul to‘lashadi. Boshlang‘ich sinfdan yuqori sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar ovqatni o‘zi suzib yeb, idishlarni o‘zlari yig‘ishtirib qo‘yadi. Shuningdek, o‘quvchilar umuman dars qoldirmaydi. Mabodo, kasal bo‘lib qolsa, o‘qituvchi uyiga borib topshiriqlar beradi va o‘quvchi qoldirilgan darsni ota-onasi bilan birgalikda o‘zlashtiradi.
Ta’limda bola tarbiyasiga juda muhim deb qaraladi. Tarbiyaga bog‘chadanoq katta e’tibor qaratiladi. Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, kattaga hurmat, ozodalik, o‘z-o‘ziga xizmat, birovdan yordam kutmaslik, o‘ziga ishonch va boshqalarni qonunday qabul qilib, unga hamma birdek amal qiladi. Bolaning erkinligi yapon pedagoglari uchun juda muhim bo‘lib, o‘quvchi darsda o‘ziga qulay tarzda o‘tirishiga imkon beriladi.
Finlandiya maktablarining muvaffaqiyati nimada?
Finlandiya maktablarida o‘qish haftasiga 5 kun. Barcha maktablar bir xil mavqega ega, bolalar qobiliyatiga ko‘ra turli sinf yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga bo‘lib o‘qitilmaydi. Finlandiyada boshlang‘ich ta’lim 6-sinfga qadar davom etadi va bolalarga 3-sinfga qadar baho qo‘yilmaydi. 2017-yildan aksariyat maktablar dars vaqtida “ruchkadan voz kechishgan” va dars jarayonida to‘liq kompyuter va planshetlardan foydalanishadi.
Finlandiyada maktab faoliyatiga deyarli hech kim aralashmaydi, maktablarda tekshiruv-taftishlar o‘tkazilmaydi.
Finlandiya ta’lim tizimining asosini quyidagi 7 ta tamoyil tashkil etadi:
— tenglik;
— bepul ta’lim;
— individuallik;
— amaliylik;
— ishonch va o‘qituvchilar ta’lim salohiyati;
— ixtiyoriylik;
— mustaqillik.
Demak, Finlandiyada ta’lim bepul, qolaversa, o‘quvchilarga barcha o‘quv jihozlari va tushlik ham bepul beriladi. Darslarni o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan o‘quvchilar bilan o‘qituvchilar yoki yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchilar alohida shug‘ullanishadi. Finlandiyada o‘quvchilar qo‘shimcha darslarga qoldirilmaydi. Fin maktablarida o‘quvchilarni imtihonga emas, katta hayotga tayyorlashadi. Darslarda o‘quvchilar, masalan, viza kartadan qanday foydalanish, shartnomalar tuzish, saytlar yaratish, tikish, ovqat pishirish, sotuv ishlari bilan shug‘ullanish kabi amaliy ishlar bilan shug‘ullanadilar. Barcha maktablardagi o‘qituvchilar magistr darajasiga ega bo‘lishi shart. O‘quvchilarga uyga vazifa berilmaydi, ota-onalar farzandlari bilan uyda shug‘ullanmaydi. Dars jarayonida qay darajada ishtirok etish o‘quvchilar ixtiyorida. O‘qituvchilar o‘quvchilarni darsiga qiziqtira olmasa o‘quvchi darsni tark etishi, o‘zi yoqtirgan mashg‘ulot bilan shug‘ullanishi mumkin.
Shuningdek, fin ta’lim tizimida o‘qituvchilar o‘quvchilarni imkon qadar bilimni o‘zlari o‘zlashtirishi kerakligiga yo‘naltiradi. O‘quvchilarning har qanday fikri inobatga
olinadi va qo‘llab-quvvatlanadi. Finlandiyada 10 yillik majburiy ta’lim davomida hech qanday davlat imtihoni yo‘q. Barcha maktablarda bir xil ta’lim beriladi va o‘quvchilar maktab tanlamay, uylari yaqinidagi maktabga borishadi.
Finlandiya ta’lim tizimi muvaffaqiyatining eng muhim omili — o‘qituvchilar salohiyati hisoblanadi. O‘qituvchilik eng obro‘li va yuqori baholanadigan kasblardan biri hisoblanadi. Ta’lim tizimi tomonidan berilgan o‘qituvchilarning avtonomligi bu kasbni fin xalqi uchun yanada jozibali qilgan. O‘qituvchilarning ta’lim tizimidagi moslashuvchanligi va mustaqilligi ham ta’lim sifatini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. O‘qituvchilar malaka oshirish kursiga qo‘shilishni xohlasa, ma’muriyat ularni doimo qo‘llab-quvvatlaydi. O‘qituvchilardan faqatgina malaka oshirish dasturida o‘rgangan narsalarini maktabdagi boshqa o‘qituvchilar bilan bo‘lishishi so‘raladi.
Bizda esa darslar haliyam ma’lum qoliplar asosida o‘tiladi. Bola o‘qituvchi ruxsatisiz gapirmasligi kerak, o‘rnidan ruxsatsiz turmasligi kerak, maktabga formada kelishi kerak va hokazo. Vaholanki, ta’lim sifati bu omillarga emas, berilayotgan bilimga bog‘liq. Shulardan kelib chiqib, ta’lim bo‘yicha ilg‘or davlatlar tajribasini, ularning o‘ziga xos xususiyatlarini, muvaffaqiyatlari siri nimada ekanini o‘rganish muhim vazifalardan biridir.
Nasiba RO‘ZIYEVA,
IIVga qarashli maktab-internat tarbiya fani o‘qituvchisi