Fransuz tilini oʻqitishda yangi bosqich
Oʻzbekistonda fransuz tilini oʻqitishni yangi bosqichga olib chiqish harakatlari boshlandi
Respublika taʼlim markazida Fransiya elchixonasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda fransuz tilini oʻqitishni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Respublika taʼlim markazi mutaxassislari, Fransiyadagi Oʻzbekiston elchixonasining mintaqaviy hamkorlik boʻyicha attashesi Serj Bellini, Filologiya va madaniyatlarni oʻqitish boʻyicha Yangi Sorbona universitetining faxriy professori, tillarni chet tili sifatida oʻqitish boʻyicha xalqaro ekspert Jan Klod Beakko ishtirok etdi.
Oʻzbekistonda 2019-yilda 1187 ta maktabda fransuz tili oʻqitilgan. Bugunga kelib esa bu maktablar soni sezilarli darajada qisqargan. Fransuz tilining chet tili sifatidagi obroʻsini tiklash maqsadida tashkil etilgan bugungi seminarda fransuz tilini chet tili sifatida oʻqitish uchun oʻquv dasturi ishlab chiqish, Fransuz tili darsliklarini mintaqamiz madaniyatiga moslashtirgan holda takomillashtirish masalasi koʻrib chiqildi.
Shuningdek, tillarni chet tili sifatida oʻqitish boʻyicha xalqaro ekspert Jan Klod Beakko oʻzbek tilini chet tili sifatida CEFR tizimida oʻqitishni joriy qilish uchun amalga oshirilayotgan tadqiqot va tajribalarda ham oʻzining mutaxassis sifatidagi yordamini ayamasligini bildirdi. Seminar davomida Fransiya vakillari bilan taʼlimdagi islohotlar uchun doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.