G‘OYIB BO‘LGAN AFRIKA
G‘OYIB BO‘LGAN AFRIKA
yoxud tarix fanini o‘qitishdagi muammolar
Maktabimiz kichkina bo‘lgani sababli kundalik.com tizimiga endigina, ya’ni joriy o‘quv yilida o‘tmoqda. Avgust oyi kundalik.com tashvishlari bilan o‘tdi: yangi akkaunt, elektron pochta och, ro‘yxatdan o‘t, o‘qishda qatnash, sinovdan o‘t, sinf yarat, ota-onalar haqidagi ma’lumotlarni yangila, ish reja tuz, yukla. Kompyuter yoki noutbukka ega bo‘lmagan menga o‘xshash ko‘plab o‘qituvchilar bu ishlarni qo‘l telefonlarida bajarishdi va bajarishmoqda. Buning ustiga 6-, 7-, 10- sinflarda Milliy o‘quv dasturi joriy etilishi munosabati bilan darsliklar yangilandi. Yangilangan darsliklar esa hozircha yetib kelmadi, natijada darsliklarning elektron varianti bilan ishlashga to‘g‘ri kelmoqda. Kichkina ekranga soatlab termulish ko‘zni toldirib, asabni charchatishi tabiiy hol. Ammo ish reja tuzish jarayonida duch kelgan bir holat meni yana sutkalab telefonga termulishga majbur etdi.
Xullas, meni telefon titkilashga majbur etgan holat Afrikaning yo‘qolib qolishi va uni izlashdan boshlandi. Qaysi Afrika, nega yo‘qoladi, deysizmi? Oddiy Afrika, qit’a desak ham, materik desak ham bo‘laveradigan, Osiyo va Yevropa qit’alariga qo‘shni, Atlantika va Hind okeanlari orasida joylashgan, fillar, maymunlar, jirafa, zebra va sherlar makoni, jingalaksoch, qoramag‘iz insonlar yashaydigan, insoniyat va uning tamadduniga beshik bo‘lgan, xullas ta’riflarini uzoq davom ettirsak bo‘ladigan Afrika o‘lkasi...
Menimcha maqolani o‘qiyotgan tarix fani o‘qituvchilarining ko‘pchilligi Afrikaning nega va qay tarzda yo‘qolganini tushunib yetishdi. Ammo boshqalar uchun bu qiziq bo‘lsa kerak. Afrikaning yo‘qolib qolganini dastlab 7-sinf “Jahon tarixi” fanidan ish reja tuzayotganimda bilib qoldim. Shu davrgacha o‘quv yilining oxirrog‘ida o‘tiladigan “O‘rta asrlarda Afrika” mavzusi tavsiya etilgan o‘quv rejada yo‘q edi. Ko‘zlarimga ishonmay zudlik bilan yangi darslikning elektron variantini ko‘rib chiqdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, Afrika yangi darslikda ham yo‘q... Darslikni va mundarijasini qayta-qayta o‘qib chiqdim. Yo‘q. Afrika yo‘q.
Xayolimdan darslikni yozgan mualliflar jamoasi va ish rejani tuzuvchilar texnik xatoga yo‘l qo‘yishgan bo‘lsa
kerak degan fikr o‘tib, Milliy o‘quv dasturini ham telefonda ko‘rib chiqishimga to‘g‘ri keldi, chunki qog‘ozga chiqarilgani maktabda qolgan ekan. Ammo Afrikani Milliy o‘quv dasturidan ham izlab topolmadim. O‘rta asrlardagi Afrika yo‘qolib qolgan, g‘oyib bo‘lgan edi.
Afrikani izlash jarayonida Milliy o‘quv dasturi, yangi darsliklar, ish rejalaridagi yana juda ko‘plab saviyasizlik, savodsizlik mahsuli bo‘lgan xatolarga duch keldim.
Dastur, darslik va o‘quv rejalari mualliflarining savodsizligi va saviyasizligi millionlab o‘quvchilarning ta’lim sohasidagi huquqlarining buzilishigina emas, eng yomoni, o‘quvchilarning fanni o‘rganish o‘rniga, ota-onalari to‘laydigan soliqlar evaziga otning kallasiday maosh olib, o‘zlarini ta’lim mutasaddilari hisoblaydigan mas’uliyatsiz kimsalarning tajriba quyonchasiga aylanishi, bu jamiyat kelajagi uchun haqiqiy tahdiddir.
Yuqoridagi fikrimning balandparvoz so‘zlar emasligini isbotlash uchun yangi Milliy o‘quv dasturi, darsliklar va o‘quv rejalaridan ayrim tahlillarni keltirib o‘tmoqchiman.
Ma’lumki, amaldagi o‘quv dasturida tarix fani “Jahon tarixi” va “O‘zbekiston tarixi” fanlariga bo‘lib o‘qitilar ekan, har bir sinfda o‘rganiladigan davr, ya’ni xronologiya ham, ajratiladigan dars soatlari ham to‘liq bir-biriga mos kelardi. Darsliklardagi o‘rganiladigan material va mavzular soni ham dastur va o‘quv rejalariga mutanosib edi.
Xo‘sh, yangi dastur va darsliklarda-chi? Avvalo, xronologiya buzildi. Tarixiy davrlar o‘zgartirib yuborildi. Mutanosiblik yo‘qoldi. Mayli, bu narsani tabiiy hol sifatida qabul qilaylik. Tarixiy davrlashtirish oldinlari ham o‘zgarib turgan.
Ammo hozircha chop etilayotgan darsliklarning faqat bittasi, ya’ni 7-sinf “Jahon tarixi” darsligini oddiy, yuzaki tahlil qilsak. “Jahon tarixi” fanini o‘qitish uchun haftasiga bir soatdan, jami bir o‘quv yilida 34 soat vaqt ajratilgan. Darslik esa 23 mavzudan iborat. Darslik va o‘quv rejasidagi 11 soat farq esa 2 soat nazorat ishi, 4 soat takrorlash darslari va 6 ta mavzuni 2 soatdan o‘tish hisobiga qoplangan. Raqamlardagi farqni sezgan bo‘lsangiz, to‘g‘ri tushunibsiz, darslikdagi mavzulardan ikkitasi esa bir soat qilib qisqartirilgan. Butun boshli mualliflar jamoasining xayoliga ana shu dars soatlaridan atigi bir soatini o‘rta asrlardagi
Afrika tarixi haqidagi mavzuga ajratish fikri kelmagani juda qiziq holat.
7-sinf “O‘zbekiston tarixi” fani uchun tavsiya etilgan ish rejaga nazar tashlasangiz, Afrikaning yo‘qolib qolishi arzimagan hol ekaniga amin bo‘lasiz. Mazkur fan uchun yaratilgan yangi darslikning elektron varianti bilan tanishganimda esa yanada kulgili bir holat e’tiborimni tortdi.
Yangi darslik 192 sahifadan iborat, darslikning dizayni, rasmlar, ayniqsa, mavzularga oid xaritalar juda ajoyib chiqqan. Turli xil illyustratsiyalar darslik hajmining deyarli yarmini, balki sal ko‘prog‘ini egallagan. Ko‘pgina mavzular 3–5 sahifadan iborat. 6-7 sahifali mavzular ham bor.
68 soat dars davomida o‘rganilishi kerak bo‘lgan darslik bor-yo‘g‘i 30 ta mavzudan iborat. Ha, darslikda 30 ta mavzu bor. Mualliflar jamoasi 30 ta mavzuni 68 soatda o‘qitishning osongina yechimini topishibdi. Bunga esa bir daqiqa ham vaqtlarini sarflashmagan. 26 mavzuning oldiga qo‘sh raqam qo‘yib qo‘ya qolishibdi.
Raqamlarni o‘zgartirib qo‘yishayotganda esa ular darslik oliygohlar uchun emas, maktablar uchun yaratilayotganini bir lahzaga unutishgan ko‘rinadi. Agar buni bir lahzaga unutishmaganda edi, maktablarda darslar jadvalga “para”lar tarzida emas, balki bir soatdan qo‘yilishi eslariga kelarmidi?
Ammo tavsiya etilgan ish rejada, oz emas, ko‘p emas roppa-rosa 23 ta mavzu uchun 2 soatdan vaqt ajratilgan.
Metodologik jihatdan olib qaralganda bu holat naqadar ayanchli ekanligini anglab yetish uchun daho bo‘lish shart emas. Ijtimoiy fanlarni, ayniqsa, tarix fanini o‘qitishda har bir mavzu alohida rejalashtirilgan holda, turli qismlarga bo‘lib, alohida texnologik xaritalar asosida tashkil qilinishi, har bir darsda sinf o‘quvchilarining ma’lum bir qismi baholanishi zarur. Bir mavzuni ikki soatdan o‘taverish esa o‘qituvchini ham, o‘quvchilarni ham darsdan bezdirib yuboradi.
Bu yil Milliy o‘quv dasturi joriy etilayotgan 10-sinf uchun ham tavsiya etilgan ish rejaga nazar tashlarkansiz, kulishingizni ham, yig‘lashingizni ham bilmaysiz. Chunki o‘quv yili davomida mazkur sinfda o‘quvchilar o‘tgan o‘quv yilida, ya’ni 9-sinfda o‘tilgan mavzularni deyarli to‘liq takroran o‘rganishga majbur.
Xullas, tarix fanini o‘qitishdagi bu kabi muammolar oldida Afrikaning g‘oyib bo‘lishi arzimagan bir voqea shekilli.
Normamat ESHONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi
63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi