GIBRID DARSLIKLAR
Ushbu maqolani yozib tugatganimdan keyin, ancha muddat unga sarlavha topolmay yurdim. Nihoyat, “Ma’rifat” gazetasi mushtariylaridan biri bu borada menga yordam berdi. Bozordagi gibridlangan kartoshkalar, pomidorlar, mayizlar dastlab xaridorning ko‘zini o‘ynatadi, o‘ziga mahliyo qiladi. Ayniqsa, gibrid mayiz yirik, chiroyli ko‘rinadi. Ammo uni ko‘proq yeb qo‘ygan kishining ko‘ngli behuzur bo‘lishi aniq. Mabodo to‘yib mayizxo‘rlik qilsangiz, ichburug‘ muqarrar deyavering. Gibridlangan kartoshkani esa umuman og‘izga olib bo‘lmaydi, taxir. Pomidorining chandirligi ko‘proq rezinkaga o‘xshaydi. Sirtdan qip-qizil bo‘lsa ham, ichi ko‘kimtir. Nega bundoq, deb so‘rasangiz, xorijiy mamlakatlarga eksport qilish uchun mo‘ljallangan, deyishadi. Yangi chop etilgan “Ona tili” darsligini varaqlar ekanman, beixtiyor ko‘nglimdan “Ma’rifat” mushtariysining darsliklarga bergan sarlavhadagi nomi menga juda jo‘yali ko‘rindi. Mana, bu haqda boshqa ustozlarning bildirgan fikrlari bilan ham tanishib ko‘ring:
“Ona tili darslarini o‘tish rosa osonlashdi, ertak aytgandek bo‘lib qoldi” (Jamilaxon, o‘qituvchi).
“O‘qituvchisi ketib qolgan ekan, 6-sinflarga ona tili darsini o‘tdim. Mavzu migratsiya, iqlim o‘zgarishi haqida. Birinchi matn mazmuni bilan o‘quvchilarni tanishtirish maqsadida o‘qiy boshladim. Yarmigacha o‘qigan edim hamki, o‘quvchilardan biri: “Ustoz, ona tili o‘tyapmizmi, nima o‘tyapmiz?” desa bo‘ladimi. Indamay qoldim. Keyin matndan sifatni top, otni top kabi topshiriqlar berilgan. Nazariy ma’lumot yo‘q hisobi. Bir balo qilib darsni yakunladim. Boshi ham, oxiri ham yo‘q” (Safarali, o‘qituvchi).
“Ona tili” darsligi o‘z holiga qaytsin. Bizga g‘arbona fikrlar kerak emas (Muzaffar, o‘qituvchi).
“Ha, gapning ochig‘i yangi darslik menga umuman yoqmadi. Unda ilm yo‘q. Faqat matn va qandaydir topshiriqlar” (Sohiba, o‘qituvchi).
“Vaqt o‘tib o‘quvchilar ona tilidan yetarli bilim to‘plamayotganlari bilinib qolmoqda. Qanchalik mahoratli bo‘lmaylik, ona tiliga oid bilim darslikda yetarli bo‘lmas ekan, o‘quvchi bilimsiz bo‘lib qolaverar ekan” (Diloyat, o‘qituvchi).
“Kelajak kasblari” mavzusida yuklama va fe’lning tuzilishiga ko‘ra turlarini o‘rgatish lozim. Bu ikki mavzu alohida o‘rganishni talab etadi. Ayqash-uyqash grammatika o‘quvchini chalg‘itadi” (Zubayda, o‘qituvchi).
Oldiniga, ularning fikrlarida sal mubolag‘a bo‘lsa kerak, degan xayolga ham bordim. Ammo, 7-sinflar uchun mo‘ljallangan “Ona tili” darsligini varaqlab ko‘rib, mushtariylar haliyam suyab yozishganiga, yangi darsliklar, hatto tanqiddan ham tashqarida ekanligiga amin bo‘ldim.
Kitob “Ona tili” darsligidan ko‘ra ko‘proq o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirish uchun nashr qilingan bolalar ensiklopediyasiga o‘xshab qolgan. Juda katta mehnat va behisob qog‘oz-bo‘yoq sarflab chiqarilgan bu darsliklardan, menimcha, ona tili darslariga ilova manba sifatida foydalanish mumkin. Agar eslasangiz, sho‘ro davrida asosiy darsliklarga qo‘shimcha xrestomatiya-kitoblar bo‘lardi. Mayli, bu chop etilgan kitoblar farzandlarimizga qo‘shimcha sovg‘a bo‘laqolsin. Ammo ona tili darslarida, shunchaki, o‘qish, yozish, gapirib berish singari ko‘nikmalarni singdirib borish bilan bir qatorda o‘zbek tili fonetikasi, morfologiyasi, sintaksisi, leksikasi, stilistikasi, punktuatsiyasi, orfografiyasi, frazeologiyasi, stilistikasi, etimologiyasini oddiydan murakkabga tutumi asosida, har o‘quv yilida spiralsimon tarzda izchil o‘rgatib boradigan tayanch darsliklar zarur. Bugun biz havas qilayotgan rivojlangan g‘arb mamlakatlarida ham o‘qituvchilar uchun alohida darsliklar chop etilib, til fani o‘sha qo‘llanmalar asosida o‘qitilar, darslarda esa tilning barcha qonuniyatlari izchil o‘rgatilar ekan.
To‘g‘ri, avvalgi “Ona tili” darsliklarimizda kamchilik va nuqsonlar ko‘p edi. Ulardan eng birinchisi, til qonuniyatlari tizimsiz tartibda o‘rgatilardi. Aytaylik, bitta mavzu o‘tilgach, keyingi yillarda ushbu mavzu deyarli takrorlanmasdi. Natijada o‘quvchilar til fani bo‘yicha chalamulla bo‘lib qolganiga o‘zimiz ham guvoh bo‘lganmiz. Yo bo‘lmasa, darsliklarda ta’lim algoritmiga rioya qilinmasdi. Aytaylik, “Ravish” mavzusi o‘tilmasdan turib fe’lning ravishdosh vazifa shakli o‘rgatilardi. Ravishni tanimagan bolaga ravishdosh haqida tushuncha beraman deb, jig‘ibiyroningiz chiqib ketar edi. O‘shanda ham o‘quvchi mavzuni yaxshi tushunmasdan qolaverardi. Shu bois shaxsan men rasmiy ish rejaga o‘xshamaydigan o‘zimning dars o‘tish tartibimni shakllantirgan edim va o‘quvchilarga o‘sha asosida dars o‘tganim bois, bu borada muammolarim kam edi. Eski darsliklardagi yana bir ajabtovurlik: tinish belgilarining qo‘llanilishi haqidagi mavzular o‘quv yilining oxirida o‘rgatilishi edi. Mening qat’iy ishonchim bo‘yicha punktuatsiya, o‘quv yili boshida, yozma nazorat ishlari boshlanmasdan avval o‘qitilishi kerak. Biz – o‘qituvchilar bu nuqsonlar haqida o‘sha davrda mahalliy nashrlardan boshlab, “Xalq so‘zi”, “Ma’rifat” gazetalarigacha ko‘plab maqolalar yozdik. Ulardan ba’zilari chop etilib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, menga Namangan tumanidagi 21-IDUM ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Gulnoza Xoldorova va Samarqand yuridik kolleji muallimasi Dilafro‘z Soipovaning 5-sinf “Ona tili” darsligi haqidagi fikrlari va takliflari juda jo‘yali tuyulgandi. Afsuski, kamchiliklarni tuzatib darsliklarni takomillashtirish o‘rniga, birato‘la inqilobiy o‘zgarishlar qilib yuborishdi. Natijada, ko‘rib turganingizdek, zamonaviylik talabi asosida xalqaro libos kiydirilib, yangi shakl va mazmundagi darsliklar paydo bo‘ldi. Ularda har bir tilning yuragi bo‘lmish grammatika va boshqa bo‘limlariga e’tibor ikkinchi, balki oxirgi darajaga tushirib qo‘yilgan. Nima emish, o‘quvchilar kelajakda tilshunos bo‘lmas emish!? Ushbu mantiqdan kelib chiqiladigan bo‘lsa, ular kelajakda matematik, ximik, biolog, geograf bo‘lmaydi deb, boshqa fan darsliklarini ham gibridlashga to‘g‘ri keladi, shekilli. Masalan, ona tili darslarida o‘quvchilarga grammatika shunchaki ega-kesimni topishlari uchun o‘rgatilmaydi. Balki, grammatik tahlil xuddi matematik analiz kabi ularda qiyoslash, solishtirish, tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish uchun juda zarur pedagogik amaliyot hisoblanadi. Qolaversa, ona tilini chuqur o‘rganishni istaydigan o‘quvchilarimiz borligini ham unutmaylik. Ona tili fani bo‘yicha viloyat olimpiadalarida jyuri a’zosi bo‘lib qatnashganimda, o‘quvchilar grammatikani ayrim o‘rinlarda biz – ustozlardan ham ko‘ra puxta bilishlarini ko‘rib qoyil qolganim, suyunganim ayni haqiqat. Shunday ekan, nega endi bolalarimizning bilim doiralarini sun’iy ravishda cheklab qo‘yishimiz kerak? Bu – o‘ylab ko‘rsa arziydigan savol.
“Bugun darsliklar haqida bo‘layotgan gap-so‘zlar asossiz emas... To‘g‘ri, ona tili tilshunoslik emas, ammo undan xoli bo‘lishi ham mumkin emas... Grammatik bilimlar silsilasida me’yor saqlanishi lozim”, deb yozadi filologiya fanlari doktori Baxtiyor Mengliyev.
O‘zbek tili grammatikasi tilshunoslik fanining asosiy bir bo‘limi sifatida o‘zining murakkab tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ulug‘ jadid ziyolisi Abdurauf Fitratning “O‘zbek tilining nahvi va sarfi” deb nomlangan kitobi bu ilmning tamal toshini qo‘yib berdi. Shundan keyin U.Tursunov, G‘.Abdurahmonov, X.Komilova, M.Asqarova, A.Muxtorov, H.Jamolxonov, Sh.Rahmatullayev singari o‘nlab o‘zbek tilshunoslari ushbu ilmni qiyomiga yetkazdilar. Grammatika bilan bir qatorda fonetika, leksika, dialektologiya, etimologiya va frazeologiya singari tarmoqlar ham gurkirab rivojlana bordi. Bir so‘z bilan aytganda, muazzam o‘zbek tilshunoslik maktabi yaratildi. O‘rta maktab darsliklarida ham ana shu bilimlarning elementar tushunchalarini shakllantirishga katta e’tibor berila boshlandi. Ammo hozir ba’zi ustozlarimiz aytayotganlaridek, ona tili darslari grammatikavozlikka aylanib ketmadi. Ko‘p hollarda darslar shunchaki mashqlarni ko‘chirish va matnlarni o‘qish bilan cheklanib qolganiga o‘zimiz ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. O‘quvchilarning o‘zbek grammatikasi bilan haqiqiy tanishuvi mustaqillik yillarida sodir bo‘ldi. Maktablarimizda grammatika sinchiklab o‘rganila boshlandi. Buning sababi qanaqadir yangicha pedagogik yoki metodik yondashuv emas, balki oliy o‘quv yurtlariga qabulning test imtihonlariga o‘tilishi bo‘ldi. Davr talabidan kelib chiqqan abituriyentlar o‘zbek tili grammatikasini chuqur o‘rgana boshladilar. Bu esa o‘z navbatida ayrim noxush holatlarga ham sabab bo‘ldi. Repetitorlardan puxta bilim olayotgan bolalar maktablaridagi ayrim chalasavod o‘qituvchilarining misini chiqara boshladi. Men hatto, maktabida ona tili fanini yaxshi o‘zlashtirgan talabaning mavzu yuzasida domlasi bilan bahslashib qolgani haqida ham eshitdim. Bir sobiq o‘quvchim menga bu haqda shunday degandi: “Domla, institutda o‘zbek tili darsligiga umuman qaraganim yo‘q. Sizdan eshitganlarimni aytib berib, imtihonlardan faqat “besh” baho oldim. Bu uchun sizga katta rahmat”. Tabiiyki, vujudga kelgan yangi vaziyat kimlargadir juda-juda yoqmay qoldi. Ular endi ona tili fanini ilmiy jihatdan puxta o‘rganish emas, darsliklarni jo‘nlashtirib, muammolardan qochish yo‘lini taklif qilishmoqda. Bu usul rivojlangan G‘arb mamlakatlarida keng tarqalgan bo‘lib, u joylarda bizdagi singari mushkulliklar deyarli uchramaydi. Masalan, ingliz tilida yozilgan oddiy manbalarni ko‘rib chiqsangiz, aytarli biror xato yoki nuqson topolmaysiz. Rus tilidagi matnlarda ham xatolar deyarli yo‘q. Ammo o‘zbek tilimizdagi yaratilgan matnlarni bir ko‘rib chiqing, hatto tuppa-tuzuk ziyolilarimizning bitiklarida; ko‘chalardagi, davlat idoralaridagi yozuvlarda ham g‘ij-g‘ij xato. Eng qizig‘i shundaki, bugun x bilan h tovushining farqiga bormaydigan, tutuq belgisini tan olmaydigan kishilar bizga ona tilimizni qanday o‘rgatish haqida “maslahat” bermoqdalar.
Prezidentimiz fikr bildirgan keyingi kunlarda avval Singapur va yapon ta’lim tizimini maqtab yurgan og‘aynilar birdaniga fin darsliklariga oshig‘-u mahliyo bo‘lib qolishdi. Xalq ta’limi vazirligining yaqinda e’lon qilingan “Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish strategiyasi” loyihasida darsliklar borasida quyidagi vazifalar belgilangan:
• 2025-2026 o‘quv yiliga qadar 5–11-sinflarda aniq va tabiiy fanlardan xalqaro tan olingan va mahalliylashtirilgan darsliklarni joriy etish;
• Xalqaro tan olingan ta’lim sohasi tashkilotlari bilan izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy qilish;
• Aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlarida xalqaro talablarga javob beruvchi o‘quv dasturlari va o‘quv adabiyotlarini umumiy o‘rta ta’limga soddalashtirilgan tartibda joriy qilish.
Ko‘rinib turibdiki, loyihada gumanitar fanlar, ayniqsa til darsliklarini soddalashtirish haqida biror gap aytilmagan. Aytilgan taqdirda ham, tizimimizdagi jiddiylashgan dardlarni davolash uchun endi yuzaki choralar yordam bermaydi. Uni tuzatish uchun chuqur amaliy islohotlar zarur.
To‘g‘ri, ilg‘or xorij tajribasini o‘rganib, joriy etish kerakdir, ammo buning uchun, avvalo, o‘sha xorij darajasiga ko‘tarilib olish lozim emasmi? Bu borada hayotdan bitta jonli misol keltiraman. Maktablarimizda Kundalik.com baholash tizimi joriy qilinyapti. Ammo bu o‘qituvchilarimiz va ota-onalar uchun chinakam azob va asabbuzarlikka aylanib ketdi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bizdagi internet tezligi va elektr toki ta’minotidagi uzilishlar bilan bu tizimga o‘tib bo‘ladimi? Ana endi o‘quvchida na kundalik bor va na Kundalik.com?!
Bir paytlar xorijga taqlid qilib, xalqning trillion-trillion so‘m pullarini akademik litsey va kollejlar quramiz deb yelga sovurishgan edi. To‘g‘ri, kollejlar tugatilib, binolar bekor ketmadi, qayerdadir turarjoy, qayerdadir kasalxona, qayerdadir tug‘ruqxona bo‘ldi. Ammo bundan ta’limga qanday naf keldi?! Shu ma’noda, hadeb xorijga taqlid qilaverish ham aqldan emas-da.
2022-2023-o‘quv yiliga mo‘ljallangan “Ona tili” fanidan sinflar kesimi bo‘yicha yangi ish rejalarni kuzatsangiz, unda grammatikaga va umuman til fanining boshqa bo‘limlarini o‘rganish uchun ham sanoqli soatlar ajratilganini ko‘rasiz. Axir, mavzular haqida tushuncha berilmasa, o‘quvchilar savol va topshiriqlarni qay tariqa bajaradi?! Ilm o‘rganishni ota-bobolarimiz igna bilan quduq qazishga mengzashgan. Uni ketmon yoki ekskavator bilan qazigandek qilib o‘rganish xomxayoldan boshqa narsa emas. Bu masalaning bir tomoni. Uning boshqa yana bir qancha qirralari ham borki, muhtaram domlamiz B.Mengliyev ular haqida ham to‘xtalib o‘tgan va buni “Tajriba-sinov ishlari” deb atagan:
“Bir vaqtlar ustozlarimiz darslik yozishganining guvohi bo‘lganmiz. Ular bir yil mobaynida har bir darsni belgilangan maktablarda sinovdan o‘tkazishar edi”.
Bolaligimda mening keksa buvim bo‘lardi. U kishi ipakchilik bilan shug‘ullanardi. Xom ipakni yigirib, pishitib, bo‘yab, kalava qilib, kashtado‘zlarga sotardi. Buvimning bir ishi diqqatimni tortardi. Ipakni bo‘yashdan oldin hammasini emas, kichik bir o‘ramini bo‘yab ko‘rardi. Uni oftobda quritib, oq mato bilan bo‘yoqning sifatini tekshirardi. Agar bo‘yoq sifatli bo‘lsa, keyin qolgan barchasini qozonga solardi. Bo‘lmasa, hammasini to‘kib tashlab, bozordan boshqa bo‘yoq keltirib, barcha ishni qaytadan boshlardi. Shu bois bo‘lsa kerak, buvimning iplariga xaridor ko‘p bo‘lardi. Buni eslaganimning sababi shuki, hozirgi ayrim ustozlarimizda qari buvimnikicha zehniyat yoki hafsala yo‘qmi ekan, degan xayollarga boraman. Maktab darsliklari ommaviy nashr etilishidan oldin, domla B.Mengliyev yozganidek, tor doirada tegishli tajriba-sinovlardan o‘tkazilishi va keyin tasdiqlanishi zarur emasmidi?!
Yangi darslik tarafdorlari o‘qituvchilardan kitoblardagi kamchilik va nuqsonlarni ilmiy jihatdan asoslab berishni talab qilishmoqda. Bu borada ham ular mutlaqo nohaq. O‘qituvchi olim emas, u oddiy muallim. Darsliklarni tahlil-ekspertiza qiladigan oliy ta’lim dargohlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, malaka oshirish institutlari, ta’lim markazlari, vazirliklar, bu uchun davlat xazinasidan maosh oladigan professorlar, dotsentlar turib, shu ishni ham oddiy o‘qituvchi zimmasiga yuklash adolatdan bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. Muammo ko‘tarilayptimi, demak, gaplarda jon bor. O‘zi qimmatbaho, sifati shubhali darsliklar faqat kimlargadir yoqqani uchun millionlab nusxalarda chop etilmasligi kerak.
Bu borada mening yana bir taklifim: ustozlarga novator yoki konservator yorlig‘ini yopishtirib, ikki qarama-qarshi qutbga ajratish ham durust emas. Chunki hammamizning maqsadimiz bitta – yosh avlodni o‘zimizdan ko‘ra aqlliroq, bilimliroq, odobliroq qilib tarbiyalash. Bunda behuda bahslarga chek qo‘yib, kim aqlliroq ekanligini aniqlashni vaqtning ixtiyoriga qo‘yib beraylik. Bundan buyon kengaytirilgan nufuzli ilmiy-pedagogik jamoa tomonidan yaratilajak yangi darsliklar mutaxassis pedagoglar, tilshunos olimlarning nazaridan batafsil o‘tkazilib, oldin cheklangan bir miqdorda nashr etilib, sinab ko‘rilib, ana shundan keyingina Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlansin. Nega desangiz, tajriba-sinovdan o‘tmagan xom-xatala gibrid darsliklar asta-sekin bo‘lsada, ta’lim sifatini pasaytira boradi. Zero, “Ma’rifat” gazetasi yaqinda yozganidek, sifatsiz o‘tilgan har bir soat dars kelajakka qilingan xiyonatdir.
Xudoyberdi KOMILOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
faxriy pedagog