HAQIQAT FAQAT SUSAMBILDAMI?!
Diydor – shirin. Bu diydor umringning eng gullagan fasli – yoshlik pallasida besh yil birga o‘qigan, hayot quvonchlari va tashvishlarini bir darchada ko‘rgan, har yili paxta dalalarida 3-4 oylab mehnat qozonida qovrilib, turmush achchiq-chuchugini birgalikda totgan qadrdonlaring bilan bo‘lsa yanada totli. Har gal kursdoshlar bilan uchrashishga bir bahonayi sabab topilsa yo‘qni yo‘ndirib, bitmas ishni bitirib-do‘ndirib diydorga oshiqamiz.
Qanot bog‘lab uchamiz. Suvga tushgan baliqday maza qilib rohatlanib, bir oylik quvvatni zaxiraga bosib qaytamiz (Mubolag‘a deb o‘ylasangiz yanglishasiz. Zamonaviy psixologlarning aytishicha, diltortar do‘stlar bilan bir soatlik dildan suhbatlashish inson mehnat faoliyati samaradorligini oshiradi, bir oylik energiya beradi). Suhbat mavzumiz nima haqida bo‘lishining farqi yo‘q: bir bog‘dan, bir tog‘dan kelsak ham baribir olam-olam zavq olaveramiz.
Shunday diydorlashuvlarning birida suhbat mavzusi maktab ta’miriga borib taqaldi. Diltortar do‘stimizning bir gapiga hammamiz angrayib qolibmiz:
– Bizda ta’mirni hokimiyat qilib beradi. Na ota-onadan, na homiylardan, na o‘qituvchidan bir tiyin yig‘iladi. Bironta o‘qituvchi maktab ta’miriga jalb qilinmaydi. O‘quv yili yakunida mutasaddilar kelib maktabni, sinfxonalarni tekshiruvdan o‘tkazib, yozib-chizib ketishadi. Ta’tilda boshdan oyoq ta’mir qilib berishadi. Rahbar va o‘qituvchilar tayyoriga kelamiz. Shuncha yil ishlab ta’mir uchun bir so‘m pul chiqarmadim!
– Voy-voy-a, rosa ishondik-a!
– Iye, qayerda ekan bunday joy?!
– Susambilda!
– Ha-ha-ha!
Hamma yayrab kuldi.
Lekin men ishondim. Chunki bu do‘stimiz hech qachon yolg‘on ko‘chasidan o‘tmagan. Ishondim va chin dildan havas qildim.
– Baxtli ekansizlar! Qanday sharaf shu tartibda ishlayotgan joylar borligi! Rahbaringizning qadriga yeting.
Shundan beri o‘ylanaman: bechora muallimlarning aybi nimada? Yil bo‘yi ruhan va jisman charchab o‘zi boshdan oyoq “kapital remont”ga muhtoj bo‘lib qolgan payti ortiqcha majburiyat sifatida maktab ta’miriga jalb qilinishi qanchalik adolatli?! Aslida hammasi kursdoshim aytganidek bo‘lishi kerak emasmi? Bu oddiy haqiqat nega bizga ajabtovur tuyiladi? Nega bu darajada hayratlandik?! Qachon bunday ayanchli ahvolga tushib qoldik?!
24 yildan beri shu sohada ishlab nega hech qachon bu kabi sipsilliq, muammosiz ta’mirni uchratmadim? Nega ijtimoiy tarmoqlarda bu dolzarb muammo tufayli butun respublika bo‘ylab o‘qituvchilar dodlaydi? Nega hamma joyda maktab ta’miri o‘qituvchilar, ota-onalar zimmasiga tushayotgan bir paytda Ellikqal’ada ta’mir hokimiyat tomonidan qiyinchiliksiz amalga oshirilmoqda? Nima uchun hamma yerda shunday qilish mumkin emas?!
Yo Ellikqal’ada quyosh boshqa tarafdan chiqib, boshqa tarafga botayotganmikan? Yo rostan ham Susambil haqidagi orzu-xayollar mahsulimikan bu gaplar?
Qadrdonimga ishonib xato qildimmi?
Siz nima deysiz, aziz hamkasblar?
Sizlarda nima gaplar?
Salomat ESHIMBETOVA,
Beruniy tumanidagi 47-maktab o‘qituvchisi