Haftaning “0-kuni”da O‘QIYDIganlar!
Haftaning “0-kuni”da O‘QIYDIganlar!
(tumanimizdagi 47-maktabda topgan “ma’dan”larim haqida esse)
Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi... Kulgim qistagandi boshida. Shunaqayam lavozim bo‘ladimi? Xo‘p, u nima karomat ko‘rsatadi, maktablarga borvolib? Kitob o‘qishni o‘rgatadimi? Yo‘g‘-ey, buni bog‘chadayoq o‘rgatishadi-ku bolaga?!.. Kitobni ko‘p o‘qishga qiziqtiradimi, bo‘lmasa? Adabiyot o‘qituvchilari nima qilyapti unda?! O‘qishga arziydigan va o‘ziyam o‘qib chiqqan kitoblarni bitta-bitta saralab, navbati bilan o‘quvchilarga tarqatish hamda qaytarib olayotganda fikrlashish, xulosalarini so‘rash... bo‘lsa kerak-da u holda vazifasi? Xo‘p, unda kutubxonachi nima uchun kerak?!..
Ha-a, maktabdagi kitob o‘qishni yaxshi ko‘radigan va o‘zicha nimalardir yozib-chizib yuradigan o‘g‘il-qizlarni aniqlab, ularning shu qiziqishlari ustida ishlovchi, shuningdek, ular yozgan-chizgan xomaki nimarsalarning u yoq-bu yog‘iga “qalam tekkizib”, matbuotga olib chiquvchi... Shundaymi? Avval muallimlar, keyin sinf rahbarlari qilmasmidi bu amalni? Harqalay biz o‘qigan paytlari muallimlar “yilt” etgan iqtidorgayam befarq qarashmasdi. Sinfimizdagi she’riyatga havasmand bolalarning yozganlarini xatjildga solib, tuman gazetasidan tortib Toshkentgacha yuborardi muallimlarimiz. Hatto bir safar poytaxtdan bir katta bolalar shoiri maktabimizga kelgandi – aynan she’r, maqola, insholarni qoyillatib yozadigan bir sinfdoshimizni axtarib!.. Xo‘sh, unda nima ish qiladi, bu “targ‘ibotchi”? Taqvimdagi “qizil kun”lar munosabati bilan tadbir-padbir yasab yuradimi maktabda? MMDO‘ – ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, eskichasiga aytsak, “zamdirektor”larning ishi nima unda?.. Bundan chiqdi, yana bitta “oylikxo‘r”, davlatga! Agar O‘zbekistonda o‘n mingta maktab borligi rost bo‘lsa – o‘n mingta budjet uchun “ortiqcha odam” degani bu!..
Bunday mushohadalar meni besh oycha maktabga bordirmadi. Direktori chaqirdi, xodimlari chorladi, xalq ta’lim bo‘limi surishtirdi, hokimiyatdagilar undadi, yaqinlar qistadi... Men esa o‘ylarimdan o‘za olmasdim. Ammo... TIRIKLIGIMIZ sabab ko‘nmaganimizga tirikchilik bahona rozi bo‘larkanmiz bir kuni, baribir. Ha, meni: ikki-uch oyda bir beriladigan arzimas maosh, ungacha uyulib ketadigan qosh-u qarzlar, tashvishmand xo‘rsiniqlar, hisob-kitobdan tirishgan peshonalar, faqat va faqat ko‘tarilib borayotgan narxlar, tang qishloq sharoiti, yaqin qolgan qish... qisqasi, tirikchilik ko‘ndirdi, axiyri. Shunday qilib, sentabr o‘rtalaganda, har shanba qishlog‘imiz boshidagi bilim o‘chog‘iga – 47-maktabga qatnashni boshladim...
— ...Nima uchun shu-uncha maktab turganda, bizni tanladingiz? — so‘rab qoldi bir safar 5-sinf o‘quvchisi Yodgor. — O‘qigan maktabingizga borsangizam bo‘lardi-ku, masalan?
Bu savolni berishlari tayin edi. Ammo o‘n ikki yashar boladan chiqishini kutmagandim. Farang choli Gyugoning gapi chinakan: masxaraboz bilan bolani mot qilaman deb, xomta’ma bo‘lma! Biroq Yodgorning bolaligi tug‘ilganidan uch kun o‘tiboq tugagan. Onasi uni keltirgan dunyoni tark etayotib, o‘g‘lining doktor bo‘lishini istagan, negadir. Shunga ismi Yodgor. Istagi esa harbiy, ham darvozabon bo‘lish. Bir boshida doktorlik, harbiy va darvozabon bo‘lmoq amalini qanday eplashga hayron. Harbiy vrach bo‘lishini kengash berdim. Iste’foga chiqqach, darvozabonlikkayam ulgurar. Milliy terma jamoamizda qirqqa kirgan to‘pteparlar lo‘killab yurganini ko‘rdik yaqin-yaqingacha.
— Boshqa maktab – boshqa olam, qaysidir ma’noda, — deyman samimiy kayfiyatni yo‘qotmaslikka tirishib. — Men uchun boshqa olamlarni kashf qilish qiziqroq. Qolaversa, bu maktab ham menga juda-a
begona emas, bolaligimning yarmi shu tevarakda o‘tgan.
Ular javobimdan qoniqishdi, chog‘i, savollar o‘zani o‘zgarib ketdi va bu mavzuga qaytishmadi. Ammo asl haqiqatni aytmaganim, ya’ni bir maqolam bahonasida o‘qigan maktabim ma’muriyatiga allaqachon “olabo‘ji” ko‘rinib qolganimni pinhon tutganim bois o‘zim qoniqmadim javobimdan. Nachora, yunonlar aytmoqchi, Demokrit mening do‘stim, lekin haqiqat undan ustunroq.
— Mening yozganlarimni gazetada chiqarmaslikning iloji bormi? — deya bot-bot so‘raydi beg‘ubor tabassumli Binafsha, xiyol qizarib. — “Chalashoir” deb ustimdan kulishyapti-da...
Chapaqaylardan mana shunday, ters mulohazalar chiqadi, odatda. Bizningcha, ters tuyuladi, to‘g‘rirog‘i. Pirovardida esa nainki o‘zlarini, balki butun bashar hayotini o‘nglab yuborishi mumkin mulohazalari. Deylik, da Vinchi. Ha, o‘sha mashhuri jahon kashshof. Chap qo‘lida yozardi-chizardi-hisoblardi... Biroq ilk g‘avvoslar kiyimidan to parvoz moslamalarigacha u ixtiro qilmabmidi?! Unga qadar bularning bari mif edi, xolos. Shunday ekan, bugun mazaxlarga mo‘ljal bo‘lgan ko‘yi yozganlaridan iymanib yurgan shu qiz istiqbolida insoniyat faxri mujassamdir!..
Yo‘q, buning uchun aynan nimanidir ixtiro qilish shart emas. Ehtimol, o‘zi orzulagandek, rus tili fani o‘qituvchisi o‘laroq qadr topar. Yoki uydagilari orzusicha, doktor bo‘lar buyam (qiziq, eldoshlarimiz farzandlarida faqat “do‘xtir” yo “voyenniy”ni ko‘rishadi. Nima, boshqa kasbga ehtiyoj yo‘qmi bu yurtda?! Borlikka-ku bor, sanoqsiz. Hamma balo shundaki, yurtning emas, shaxsan o‘zimizning ehtiyojlarimizdan kelib chiqqan holda zurriyotlarimiz kelajagiga “tamg‘a bosamiz”!). Menga qolsa-ku, o‘z orzusiga erishgani ma’qul. Xo‘p, nega bu qiz rus tili o‘qituvchisi bo‘lmoqchi o‘zi? Fahmimcha, ularga rus tilini o‘ta xushfe’l, ochiqyuzli va mehribon o‘qituvchilar o‘rgatgan. “Malika opa”, “Lola ustoz” kabi ismlarni qayta-
qayta uchrataman daftarlarida. Baland, toza bir ehtirom ila eslaydi barchasini. O‘sha o‘qituvchilar o‘z sohalarini qanchalik egallashgan, bilmadim, ammo qisqa vaqtda o‘z xulqlari bilan o‘quvchilar qalbidan chuqur joy egallashibdi. Va, eng muhimi, ular hech bir bolani mazax qilmay, ko‘ngillarini rag‘batlantira bilgan!
— Iloji-ku bor, albatta, — deyman avval Binafshaga, so‘ng boshqalarigayam bir-bir ko‘z tashlab, — xo‘p, shu bilan ustingizdan kulishni bas qilishadimi? Mazax qilishdan to‘xtashadimi shu bilan?.. Odamlarga quloq solsang, odam bo‘lmaysan, deydi Tog‘ay Murod. Ich-ichingizdan to‘g‘ri yo‘lda ekaningizni his etib turibsizmi, bas, vallomati gapirmaydimi – qaytmang!
Shu gaplarni aytayapman-u o‘zimiz qanchalik amalda ekanligimizni xomcho‘tlardim. Maktab davrlarimga xayolan safar qilaman. Sinfimizda ikkitasi she’r yozardi. Va ularga havas ham hasadan boz bittasi o‘zicha qofiya yasashga tushgan edi. Shoirchalarimizdan biri – diplomat, biri – prezident bo‘laman derdi. Uchinchisi esa, garchi qishloq bozoriga borguncha avtobusda sulayib, hammayoqqa qussa-da, “katta bo‘lsam, fazogir bo‘laman!” deb, insholar yozardi. Bugunchi: “diplomat”imiz – shahar kuzatuv kameralari uzra boshliq, “prezident” – kimyo-biologiyadan repetitor. Uchinchisimi?.. Unisi hanuz yozyapti. Kamiga yuragini bo‘shatolmay yurganlarni yozishga undab ham turadi. Uni o‘shanda ham mazax qilishardi, hozir ham orqa-oldidan hiringlashadi. Ammo u ibodat qadar halovat-u sakinatni yozishda va mutolaada topdiki, qolganiga og‘iz to‘ldirib tupurgani bor...
— Ko‘p narsalarga qiziqaman... Ammo Messiday futbolchi bo‘lgim keladi, — deydi Zafar qimtinib. — O‘zbekistonga ko‘p g‘alabalar opkelsam, jahon chempionatlarida gollar ursam...
Xuddiki, ortiqcha gapirib yuborgandek jimib qolgan Zafarga biroz qarab turaman. Boshqalar ham unga tikiladi. Ayniqsa, yonida o‘tirgan Yodgorning ko‘zlarida “gapir, jo‘ra, gapirsang-chi!” xitobi yolqinlanadi. Zafar gapirmaydi.
— Zo‘r-ku! — deya Zafarga ro‘para o‘tiraman. — Nega o‘z orzungdan uyalasan? Lekin bir gap: Messiday golurar bo‘lish uchun Neymardek yelkadoshing ham bo‘lishi kerak! “Barsa”da to‘p surgan paytlari bu ikkisi et bilan tirnoqday edi. Messiga to‘pni raqib darvozasi oldida aynan Neymar o‘-o‘xshatib oshirardi. Va Messi bo-oplab golini urardi... Yevropa futbolining yutug‘iyam shunda! Xo‘sh, senda shunday yelkadosh bormi? Hayotdagi “Neymar”ing kim?..
Zafar qabatidagi Yodgorga qarab qo‘yadi. Yodgor esa menga mamnun va mag‘rur jilmayib qaraydi: “...ana shunday jo‘ram bor!”. Qanday yaxshi! O‘zlari kabi g‘uborsiz va beta’ma do‘stlik. Tayin bir do‘stga yolchish ham ulkan baxt. Bu rishtani oxirigacha saqlab qolish – saodat!
— Shu chorak tugagandan keyin Navoiyga oilaviy ketyapmiz, — degan Marjonaning sokin tovushidan hushyor tortaman. — Butunlayga! Oxirgi topshirig‘ingizni bajarib keldim. O‘rgimchak to‘rini topib, chizib kelishimni aytgandingiz. Mana...
Ko‘zoynak ortida jovdirabgina turgan ko‘zlarida xijolat qalqdi. Chizib kelgan rasmiga qarayman: oddiy qalamtasvir, o‘rgimchak ham, to‘riga ilashib qolgan o‘ljalari ham jilmayib turardi... Ajab, bolalar chizgan hamma narsa kulib turadi doim. Avvalboshda hamma ularga kulib qaragani uchundir, ehtimol. Marjona yaxshi surat soladi. Natyurmort, natura, moybo‘yoq... barchasida tasvirni tasavvur uchun kifoya darajada
ifodalay oladi. Kitobni ham ko‘p o‘qiydi. Husnixatiyam tez va ravon... Ketayotgani xabari og‘ir botgan esa-da, sezdirmaslikka urinib, rasmlarini uzoq tomosha qilaman.
Go‘yo bari ana shunday, asta-asta maktabni tark etayotgan kabi qarab-qarab olaman. Ular ham menga sin solib o‘tiradi: ana, mitti Gulsanam – mendan bir moʻjiza kutgandek, charaqlab tikiladi; ana, to‘pori Mehriddin – daftariga berilib yozyapti; ana, erka Gulsevar – yozuvtaxtani birinchi bo‘lib artish-chun yugurishga shay kayfiyatda; ana, kamgap Muhammad Ali – sokin qaroqlariga jiddiyat cho‘kkan; ana, shaddod Salomat – qo‘lidagi ertak kitobni tutilib-sutilib bo‘lsa ham o‘qib berish payida... Qay birlarini
keyingi shanbada ko‘rishim dargumon: yo kasal bo‘p qoladi yo kimidir olamdan o‘tadi, yo ishi chiqadi, yo shunchaki, kirgisi kelmaydi.
—...uyga vazifani yozinglar! — deyman-u bo‘rni horg‘in olaman. Yozuvtaxtani to‘ldirib, uchta so‘z hosil bo‘ladi: “Haftaning sakkizinchi kuni”.
Bir muddat daftarlar shitirlashi to‘xtaydi. Nigohlarda muallaq qotgan savollarga javoban lafz ochaman:
— But-tun haftani ish-o‘qish-tashvish... bilan o‘tkazib yuboramiz. Tasavvur qilinglarki, hafta kunlaridan tashqari, yana bir kun berilsa? O‘z-o‘zlarin-gga! U kunda hech-ch qanday maktab ham, uy ishlari ham, boshqa tashvishlar ham bo‘lmasa!.. Xo‘p, kim qanday o‘tkazgan bo‘lardi, o‘sha haftaning “sakkizinchi kuni”ni?!
— Men bir-r tonna kitob o‘qigan bo‘laydim! — dedi darhol birovi, hayajon-la bijirlab. Qolganlariyam bo‘lak bir taraddudga tushadi.
— Keyingi shanbaga yozib kelasilar, — deyman, xayrlashuv ohangida. — Bo‘ldi, soat... o‘h-ho‘-o‘, ikkidan oshib ketibdi-ku! Qorinlaringam ochqab ketgandir?
— Iye... Darrov ikki soat o‘tib ketiptimi?! — deydi Binafsha ishonqiramay. — Boshqa darslarda tanaffusni kutaverib, zerikib ketamiz!..
Ha, bizning mashg‘ulotlar shunday: na vaqt, na tanaffus, na yo‘qlama, na ro‘yxat, na baho-ball... Barchasidan xoli, erkin va ixtiyoriy, bir o‘yin misoli o‘tkazamiz. Birda stul yetmay, joy talashib qolishsa, birda to‘rttaginasi, sinf bo‘ylab sochilib o‘tiradi. Ijod uchun, kitob uchun hech zamonda maktab ahli yoppasiga yopirilib kelganmikan o‘zi?!
Mashg‘ulot kunimiz bo‘lmish shanbani, yarim istehzo ichida – “haftaning 0-kuni”, deyman. To‘g‘ri-da, mazmunan: (yak)shanba – birinchi, (du)shanba – ikkinchi, (se)shanba – uchinchi, (chor)shanba – to‘rtinchi, (panj)shanba – beshinchi, (odina) juma – oltinchi... kun bo‘lgach, shanba-chi? “Yettinchi kun” desak – “haftshanba” deyilishi kerakmasmidi fors-tojik zabonida? Sof turkiycha aytilishi yo‘qmi yoki?! Misol uchun, Xorazm taraflarda – “bozorning birinchi, ikkinchi, uchinchi... kuni” deb yuritilishini o‘qiganim bor. Qishlog‘imizdagi yoshi ulug‘lardan ham shunday tartibda sanaganlarini eshitib qolaman. Hafta-pafta deyishmaydi. Islom aqidasi bo‘yicha yondashsak, yanayam ma’qulroq atalardi, ammo: yakshanba emas – “Yaralishning birinchi kuni”, dushanba emas – “Yaralishning ikkinchi kuni” va hokazo.
Biroq baribir shanba kuni, qaysi tomondan qaramay, ortib yoxud yetmay qolaveradi. Shundayakan, shanba – “haftaning nolinchi kuni” ekan-da deb, kulimsirab qo‘yaveramiz. 47-maktabdagi qorako‘zlar esa – o‘sha “nolinchi kun”da O‘QIYDIganlardur! Rost, ular shu kuni astahidil o‘qigani keladi, maktabga. Shu kuni ular kutubxonagayam farqli bir ishtiyoqda o‘zlarini urib, kitoblar ko‘tarib chiqishadi. Va shu kuni ular asarlar ichiga sho‘ng‘ib, qahramonlari birla sarguzashtlarni “boshdan kechirishadi”...
Men esa... hali-hanuz o‘zimni “ortiqcha odam” his etaman! Hali-hanuz bu “targ‘ibotchi” degan kimsaning rahbariyat doirasida belgilangan (aniqrog‘i, qolipga solingan!) vazifalaridan ensam qotadi! Hali-hanuz “hamkasb”larim singari besh-o‘nta bolani yig‘ib-terib, “jiddiy-jiddiy” qiyofalarda suratga tushirtirgan ahvolda, o‘zimni “ish ustida” ko‘rsatolmayapman! Hali-hanuz “tadbir”, “tanlov”, “musobaqa”...
sanaluvchi quruq hisobot uchun uyushtiriladigan, xo‘jako‘rsin tomoshalarga rag‘batim bo‘lmayotir!..
Ammo har shanba – “nolinchi kun”, tushga yaqin kiyina boshlayman. Iloj qancha, men o‘z vijdonimga firib berishim mumkindir, biroq bolalarni – tumanimizdagi 47-maktabdan topgan “ma’dan”larimni
aldashga haqqim yo‘q.
Sherbek BOBOQULOV,
Paxtachi tumanidagi
47-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi