Hazrat Navoiy va huquqiy tarbiya
Alisher Navoiy hazrati Alining “Fiqh ulamolari xalq sarvaridurlar”, degan hikmatiga javoban, quyidagi ruboiyni bitgan:
Qolg‘on kishi kasbi ilmdin zahmat aro,
Fiqh o‘rgansin sa’y ila ul mehnat aro.
Ilm ichra sharaf fiqhda bil nisbat aro —
Kim sarvar erur faqih bu ummat aro.
Navoiy lirik va nasriy asarlarida islom huquqshunosligiga oid “fiqh” atamasini ilm-fan ma’nosida mahorat bilan qo‘llagan. Fiqh daqiq fahmni, ya’ni bir narsani nozik tomonlarigacha yaxshi tushunishni anglatadi.
Shoir “Xamsa”da fiqh atamasini hadis atamasi bilan yonma-yon ishlatgan va uni ko‘proq hukmdor-u shahzodalar, ulug‘ siymolar madh qilingan poetik tasvirlarida qo‘llagan. Bobomizning o‘ttizdan ortiq asarlarida XIV–XV asrlardagi siyosiy-huquqiy ong darajasi, mulkiy, axloqiy, oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi ijtimoiy normalar, jinoyat va jazo masalalari ham o‘rganilgan.
Huquq ijodkorligi va ijrochisi sifatida o‘ttiz yildan ortiq davlat ishlaridagi faoliyati sabab Navoiy fiqh ilmini keng va chuqur o‘rgangan, tahlil qilgan. Uning huquq sohasida olib borgan samarali ijodi pedagoglarga dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Navoiy asarlarini huquqiy jihatdan tahlil qilish jarayonida, har bir g‘azal, ruboiy, qit’a yoki fardlarda insonning yashash tarzi, nima to‘g‘ri-yu, nima noto‘g‘riligi atroflicha ifodalab berilganini ko‘rish mumkin.
Muhabbat G‘ANIYEVA,
Nurota tumanidagi
36-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi