Husnixat qoidalaridan xabardormisiz?
Bolaning husnixati uning birinchi o‘qituvchisining bilim saviyasidan darak beradi, degan gapni ko‘p eshitganman. Haqiqatan ham kichik yoshdagi o‘quvchilarning axloqiy va estetik didini tarbiyalash, ongli o‘qish va yozish malakalarini oshirish, yozuv daftari bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish uchun chiroyli, bexato yozuvning ahamiyati katta.
Dastlab daftar chiziqlarida harflarning qiyaligini va ular orasidagi masofani to‘g‘ri saqlash, kichik va bosh harflarning nisbatini to‘g‘ri chamalash o‘rgatiladi. O‘quvchilarni chiroyli husnixatga o‘rgatish umumiy didaktik qoidalar bilan birga yozuv malakasini shakllantiruvchi o‘ziga xos qoidalarni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, yozuvda bosh harfning balandligi 8 mm , kichik harfning balandligi 4 mm bo‘lishi kerak. Daftarning chap tomonida hoshiya chizilmaganligi sababli 3 mm joy qoldirib yozish kerak. Yozuv daftari bilan ko‘z oralig‘i esa 30 sm bo‘lishi talab etiladi.
Har bir o‘quvchi u yoki bu harfni tushunib yozishi, harflarning bir-biriga nisbati, balandligi, qiyaligini, ruchkani ushlash va to‘g‘ri o‘tirish qoidalarini yaxshi bilishi lozim. Aytilgan qoidalarni o‘qituvchi har darsda takror eslatib, nazorat qilib borsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Boshlang‘ich sinflarda takrorlab, ta’kidlab, kuzatib borish asosiy omil hisoblanadi. Yozuvda husnixatga o‘rgatishning vazifasi harfni, so‘z va gapni kitobdan, xattaxtadan to‘g‘ri, husnixat qoidalariga rioya qilib ko‘chirib yozish, yozganlarni tekshira olish va yo‘l qo‘ygan kamchilik va xatolarini o‘qituvchi rahbarligida yoki o‘zi tuzata olishiga erishishdir
Gulbahor BARNOXO‘JAYEVA,
Narpay tumani xalq ta’limi bo‘limi metodisti