INSON ULUG‘, XOTIRASI MUQADDAS!
Hayotda insonning kim bo‘lganligi, uning farzandlari, yozgan kitoblar va qilgan ezgu amallari bilan baho beriladi. Ana shunday insonlardan biri bo‘lgan, mehribon ustoz, zabardast olim, texnika fanlari nomzodi, dotsent Bahodir Javliyev xotirasiga bag‘ishlab Kitob tumani 14-maktabda madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bahodir Javliyev Samarqand Davlat arxitektura va qurilish universiteti, Samarqand Davlat universiteti dotsenti, rektor yordamchisi, ilmiy kotib, shuningdek, Samarqand viloyat hokimining yordamchisi lavozimlarida xizmat qilgan. 100 dan ortiq ilmiy maqolalar, monografiyalar, bir necha darsliklar muallifi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand Davlat arxitektura va qurilish universiteti professori Turdimurod Mamatqulov, texnika fanlari nomzodi, dotsentlar Qosimov To‘rabek, Ahmad Egamovlar hamksblarning ijobiy xislatlarini so‘zlab berdilar. Shundan so‘ng, shu qishloq farzandi tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, Toshkent Pediatriya Tibbiyot instituti o‘qituvchisi Asqar Ulug‘ov o‘rtog‘i Bahodir Javliyev haqidagi yorqin xotiralarini yig‘ilish qatnashchilari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir davomida tuman maktablarining o‘quvchilari o‘rtasida matematikadan xotira olimpiadasi o‘tkazildi. Olimpiada natijalari haqida hakamlar hay’ati raisi shu maktab bitiruvchisi, matematika fanlari doktori TATUning Samarqand filiali katta o‘qituvchisi Davron Fozilov olimpiadada tuman maktablarining 200 nafarga yaqin 5-11 sinf o‘quvchilari qatnashganligi, ularga turli yillarda viloyat, respublika va xalqaro olimpiadalarda taqdim qilingan masala, misollar asosida tuzilgan topshiriqlarni berilganligini, topshiriqlarni bajarib yuqori ballar to‘plagan 35 nafar o‘quvchi g‘olib va sovrindor bo‘lganligi bildirdi.
Shu kuni 14-maktab va Samarqand Davlat arxitektura va qurilish universiteti memorandum, hamkorlik shartnomasi, imzolandi. Maktab bitiruvchilaridan matematika va ona tili va adabiyotidan o‘tkazilgan fan olimpiadasining tuman bosqichi sovrindorlari, olimpiadaning viloyat bosqichi ishtirokchilari Fayro‘za Choriqulova, Marjona Mo‘minova va Temirpo‘latovalar hamkorlik shartnomasidan ilhomlanib ketganliklarini, o‘z o‘qishlarini shu oliygohda davom ettirishlarini, ustoz amalga oshira olmagan ezgu niyatlarini ro‘yobga chiqarishga va’da berdilar.
Tadbir so‘nggida, Bahodir Javliyevning oila a’zolari nomidan farzandi pedagogika fanlari doktori, Samarqanda Davlat unversiteti o‘qituvchisi Shaxnoza Javliyeva, tadbir qatnashchilari, maktab ma’muriyati va o‘qituvcilar jamoasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Gulzoda RAHMONOVA,
Kitob tumani 14-maktab ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi.