Iltimos, joyini o‘zgartiring!
Iltimos, joyini o‘zgartiring!
Sinf rahbari sifatida majlis qilganimda ota-onalardan ko‘pincha bir xil iltimos kelib tushadi: “Bolamning joyini o‘zgartiring”. Ular farzandlari oldingi partalarda o‘tirishini xohlashadi.
Haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, aslida, o‘quvchilar sinf partalariga qanday joylashtirilishi kerak? Axir, ota-onalar aytgandek, bolalarning hammasini ham birinchi partaga o‘tqizib bo‘lmaydi-ku. O‘qituvchi belgilangan me’yorlarga ko‘ra yoki o‘quvchining aqliy va jismoniy holatini hisobga olgan holda joylashtiradi. Bunda bolaning bo‘yi, ko‘rish darajasi inobatga olinadi. Qolaversa, qatorlar va o‘quvchilar joyi har hafta almashtiriladi, sababi o‘quvchi uzoq muddat sinf doskasiga bir nuqtadan qarayversa, unda ko‘z bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Shu bilan birga fanlarni pastroq o‘zlashtiradigan o‘quvchilarni sinfdagi iqtidorli o‘quvchilar bilan biriktirish lozim. Ko‘rinib turibdiki, bu ishda sinf rahbaridan zukkolik va mahorat talab etiladi.
Ota-onalarning farzandlari yaxshi o‘qishi uchun oldingi partada o‘tirishini so‘rashi biroz noo‘rin. Agar o‘quvchi sidqidildan o‘qishga intilsa, unga joy va sharoitning farqi yo‘q. Negaki, ba’zi qashshoq mamlakatlarning partasiz, hatto doskasiz sinflaridan ham butun dunyoga mashhur olimlar, yozuvchilar, siyosat arboblari, hattoki davlat rahbarlari ham yetishib chiqqan. Shunday ekan ota-onalardan bu masalada sinf rahbari bajarayotgan ishlarni ma’qul ko‘rib, uyda farzandlari bilan ko‘proq shug‘ullanishlarini so‘ragan bo‘lar edim. Agar bola maktabda olgan bilimini uyida yana bir karra takrorlasa, hech qachon yodidan chiqmaydi.
Avtobus chiptachilari “Avtobusning oldi eshigi boradigan manzilga orqa eshigi ham boradi” deganlaridek, sinfdagi old va orqa partalardagi o‘quvchilarga o‘qituvchi bir xil bilim beradi. Bu bilimni puxta egallab olish esa o‘quvchining o‘ziga bog‘liq.
Dilnoza NURMATOVA,
Yashnobod tumanidagi
216-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi