Ingliz tilini zo‘r bilganlar
Ingliz tilini zo‘r bilganlar qishloqqa qaytmayapti
Bugun mamlakatimiz ta’lim tizimida chet tillarni
o‘qitish, chet tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilayotganidan xursandmiz. Zero tan olib aytishimiz kerakki, aksariyat qishloq maktablari bunday e’tiborga muhtoj edi.
Har gal chekka qishloqlardagi chet tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish haqida gapirganlarida aslida u yerlarda haligacha ingliz tili o‘qituvchilari tanqisligi xayolimga keladi. Afsuski, mana necha yillarki, bot-bot gapirilmasin ayrim maktablarda chet tili o‘qituvchilari yetishmaydi. Bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun qancha-qancha nafaqa yoshidagi o‘qituvchilar charchasalar ham nafaqaga ketolmaydilar. O‘quvchilarni ilmsiz qolib ketishlari, vaqti besamar o‘tmasligi uchun haftada 2 kun bo‘lsa-da, dars o‘tib ketishga majbur bo‘lishmoqda. Ularning bunday fidoyiliklari uchun ming rahmat.
Ammo muammoga boshqa ko‘z bilan qarasak, raqamli texnologiyalar, ta’lim metodlari, unga qo‘yilayotgan talablar kundan kunga o‘zgarib bormoqda. Bunday davrda bizning qishloq maktablarida nafaqaga
ketolmay dars o‘tayotgan ustozlarimizdan olgan bilimlarimiz juda ham kamlik qilmoqda. Dars jarayonlari juda oddiy, eski usullarga xos, o‘quvchilarning aksariyati ingliz tilini deyarli tushunmaydi.
Albatta, uyiga yaqin manzilda joylashgan maktab turganida chekka bir qishloqdagi notanish bolalar uchun fidoyilik qilib, u yerga ishlagani boradigan o‘qituvchilar juda kam. Ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan qishloqdoshlarning o‘zi ham tug‘ilib, o‘sgan joyiga kelib, ishlashni istamaydi. Ular o‘zlarini yuqoriroq maqsadlarga loyiq ko‘radi.
Hammamiz faqatgina 11 yillik ta’lim jarayonida o‘quvchilar zamon talabi bo‘lgan ingliz tilini bilmay turib maktabni tamomlashlariga achinib qo‘yishga yaraymiz xolos. Imkoniyati bor oilalar farzandlarini qo‘shimcha darslarga berib, chet tilini o‘rgatishyapti, lekin qishloq sharoitida bunga mablag‘i yetmaydigan oilalar qancha?!
Madinabonu SAVRIDDINOVA,
O‘zJOKU talabasi