KITOB O‘QISHNING O‘ZI MUKOFOT
Ta’lim muassasalarida 5 ta muhim tashabbus doirasida o‘quvchilar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, mutolaa madaniyatini oshirish yuzasidan qator tadbirlar, ijodiy muloqotlar, kitobxonlik kechalari o‘tkazilmoqda.
O‘quvchilar ishtirokida maktablarda “Kitob taqdimoti”, “Adabiyot kunlari”, “Kitobim – oftobim” nomli ma’rifiy anjumanlar, “Maktab – kutubxona – oila – jamoat tashkiloti” xayriya tadbirlari doimiy tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, “Bir farzandga – uch kitob”, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi”, “Kitobxon maktab” kabi loyihalar ham mutolaa madaniyatini oshirishda alohida ahamiyatga ega.
Jamiyatimizda yoshlarni g‘oyaviy-mafkuraviy jihatdan to‘g‘ri tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyati avvalo, oilada va ta’lim muassasalarida yuksaltirib boriladi. Targ‘ibot ishlari, qolaversa, ijodiy uchrashuvlarning jonli muloqot shaklida olib borilishi ko‘p jihatdan adabiyot o‘qituvchilari, yozuvchi va shoirlar, ijodkorlarning hayotiy hikmatlariga bog‘liq.
Zangiota tumanidagi 14-umumta’lim maktabida Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Xalq ta’limi a’lochisi, yozuvchi Erkin Malik bilan o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda bunga o‘quvchilarning o‘zlari amin bo‘ldilar. Mehmon yoshlarga o‘z asarlari misolida kitobxonlikning ahamiyatini tushuntirib berdi. Yoshlar bu muloqotdan o‘zlari uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega hikmatga ega bo‘ldilar.