Kasbim yana qadr topajak!
1991-yili ToshDUni kimyo yo‘nalishi bo‘yicha tamomlab, Buloqboshi tumanidagi markazdan ancha olisda joylashgan Do‘lan qishlog‘idagi 9-maktabda kimyo fanidan dars bera boshladim. O‘qituvchilikni boshlaganimga ham o‘ttiz yil bo‘libdi. Mustaqillik bilan tengdosh faoliyatim davomida qanchadan-qanch o‘quvchilar maktabni bitirib, hayotda o‘z o‘rnini topishdi.
Maktabimizda 500 nafardan ziyod o‘quvchi saboq oladi. O‘quv binosi eski, ancha ta’mirtalab, sinf xonalari, jihozlar yaroqsiz holda bo‘lgani tufayli 2005-2006-yillarda maktab binosi atrofidagi eski binolar buzilib, yangi, zamonaviy, muhtasham, ikki qavatli maktab qurildi. Eski bino ta’mirlanib, foydalanishga qulay holga keltirildi. Maktab yangi stol-stul, doska, laboratoriya jihozlari, kompyuter texnologiyalari bilan qayta jihozlandi. Yangi sport zali qurildi.
Ayni kunlarda Yurtboshimiz tomonidan o‘qituvchi shaxsining ulug‘lanishi, e’zozlanishi qalbimizni his-hayajonga to‘ldiradi. Shu on 2008-yilda maktabda pilla yetishtirish uchun ipak qurti boqilgani, o‘qituvchilar navbatma-navbat tut bargi kesib, qurt boqishga jalb etilgani, g‘o‘za chopig‘i, o‘tog‘i, yagana, qo‘yingki, barcha qishloq xo‘jaligi yumushlari, dala ishlariga jalb etilganimiz ko‘z oldimga keladi. O‘sha paytlar maktabda darslar sifatli tashkil etilishiga ham e‘tibor kuchaytirilgan, biroq o‘qituvchining vazifasiga kirmaydigan qo‘shimcha topshiriqlar ko‘pligiga birov bo‘yin tovlamas, o‘qituvchi salkam mardikorga aylangan edi.
Har qanday mehnat, topshiriq ustozlikka qalban bog‘langan, bolalarga saboq berish ishidan zavq oladigan va bu kasbdan faxrlangan insonni chalg‘itolmaydi. Bu haqiqatni o‘zim misolimda ayta olaman. Mustaqillik bilan tengdosh faoliyatim davomida saboq bergan o‘quvchilarim bugun shifokor, o‘qituvchi, harbiy, sport ustasi va boshqa elga foydasi tegadigan kasblarni egallashdi. Boks bo‘yicha ulkan yutuqlarga erishgan, o‘zbekni dunyoga tanitishga hissa qo‘shgan Hasanboy Do‘smatov ham bizning maktab o‘quvchisi edi. Bundan faxrlanmay bo‘ladimi?!
2017-yili boshlang‘ich sinfga dars berish maqsadida qayta tayyorlovdan o‘tdim. Sinfni “yaxshi sinf”ga aylantirish, o‘quvchilarni bir oila kabi birlashtirish, bir-biriga ko‘makdosh, sirdosh, ahil qilib tarbiyalash o‘qituvchining bilim va mahorati, tajribasiga bog‘liq. Tarbiyaviy soatlarda insonga xos fazilatlar, bilim, ezgu xislatlar inson ko‘rki ekanligi haqidagi pandlarni hikoya, ertaklar asosida tushuntiraman. Partalar bo‘ylab yurib, she’rlarni yoddan, ifodali o‘qiyman. Meni kuzatayotgan o‘quvchilarning nigohlarida quvonch, hayrat ifodasini ko‘raman. Natijada sinfi maktab reytingida oldingi o‘rinlarda bo‘lishi uchun intiladigan, faol o‘quvchilar safi ko‘payadi. O‘qituvchi o‘quvchiga dildosh, do‘st, hamkor bo‘lib, unga kerakli bilimni bera olsa, ta’lim-tarbiya jabhasida muammolar bo‘lmaydi. Aksincha, e’tibor bilan berilgan bilim yutuqlar sari yo‘l ochadi. Nafaqa yoshida bo‘lsam-da, hamon maktab bag‘ridaman, o‘quvchilar ta’lim-tarbiyasi bilan mashg‘ulman.
Zamiraxon G‘AYNAZAROVA,
Buloqboshi tumanidagi
9-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi