Kasbimdan faxrlanaman
Men, hattoki, universitetni tamomlayotgan paytimda ham o‘qituvchi bo‘lishimni tasavvur qila olmasdim. Bitirib boshqa ishning boshini tutish rejasida edim. To‘g‘risini aytsam, o‘qituvchi bo‘lishni umuman xohlamasdim va bunga sabablarim ko‘p edi.
Bir-ikkita so‘z aytib, endi aqlimni tanigan paytlarimda fahmladimki… O‘qituvchilar oilasida dunyoga kelganman. Ota-onam ishdan kelishgach, yarim tunga qadar, ba’zan esa tongga qadar o‘quvchilarning daftarlarini tekshirishar, ertangi darslar uchun konspekt yozishar, ko‘rgazmali qurollar tayyorlashar edi.
Og‘ir mehnatdan ularning asablari zo‘riqib ishlayotgani, ko‘z nurlari daftarlarga to‘kilib borayotgani, bir yoqda e’tiborsiz qolayotgan o‘qituvchilarning haminqadar bo‘lgan moddiy ahvoli kabi masalalar men uchun eng qadrli insonlarni ezib borayotgani uchun ham, garchi o‘qituvchilik kasbining sharafliligi va azimatini ich-ichimdan his etsam ham, baribir, meni bu sohadan qattiq sovitar edi.
Orada qariyb o‘ttiz yillik ta’lim sohasi, ilm-fan va o‘qituvchilar uchun chinakam bo‘hronli davr bo‘ldi.
Eh-he... U kunlarda aziz ustozlar xor bo‘ldi, ta’lim sohasi deyarli xarob bo‘ldi. Har qanday odam, u fermermi, hokimmi, prokuraturaning qorovulimi, o‘qituvchini quldek ishlata olar edi.
Paxta dalalarida kapalak tutib, bankalarga qamagan ham, mahallasidagi simyog‘ochlarga narvon qo‘yib, qo‘shnilarining elektr hisoblagichlari ko‘rsatkichini yozib yurgan ham, soliq yiqqan ham, go‘ng tashigan ham yoki qo‘lini loyga botirib, namunali uylarni suvagan ham o‘qituvchi bo‘ldi.
O‘qituvchilarga munosabat o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Kadrlar sifatining pasayishi, xalqning umumiy fikrlash darajasi tushib ketishi, ishsizlik, millionlab mardikorlarning paydo bo‘lishi va dunyo bo‘ylab ish izlab sarson-sargardon bo‘lishida, aynan ta’limga va muallimlarga bo‘lgan salbiy munosabatning ta’siri katta.
Bular odamlarning bu ulug‘ kasbga, ilm-fanga, ustozga hurmatini keskin ravishda pasaytirib bordi.
O‘qituvchilik kasbini tanlashni istamaganim tarixi mana shunday edi. Hamma talabada bo‘lgani kabi, moddiy muammolardan charchaganim uchun, biroz “nafas rostlab”, keyin boshqa yo‘l tutishni mo‘ljallab, vaqtincha o‘qituvchilikni boshladim.
Maktabga keldim-u, hammasi o‘zgarib ketdi. U yerda men qalblari orzularga limmo-lim, begunoh qorako‘zlarni ko‘rdim...Ular, garchi ba’zilari juda sho‘x bo‘lsalar ham, har soniyada o‘zlari
yashayotgan dunyo haqida o‘zlari uchun bir yangi narsa kashf qilishni, shaxsiyatlari, xarakterlari uchun nimanidir o‘zlashtirib olishni istashar edi. Bu umidli go‘daklarning qalblari shu qadar tozaki, ularga bog‘lanib qolmaslikning iloji yo‘q.Darslardan keyin qo‘shimcha pullik to‘garaklar ham o‘ta boshladim.
Kunlardan bir kun oldimga bir ayol keldi, oddiy dehqon ayoli. Sochlari to‘zg‘igan, yuzi quyoshda obdon qoraygan, qabargan barmoqlaridagi yoriqlarda kir qorayib qolib ketgan... U menga bir dasta g‘ijimlanib, ezilib ketgan mayda pullarni uzatdi va dedi: “Mening bolam ham o‘qisin! Mening bolamni ham o‘qiting. Men o‘qimadim, bolam odam bo‘lsin!”...
Uyga keldim, qani uxlab bo‘lsa... Ko‘zlarimni yumsam, xayollarim orasidan uning nidosi yorib chiqaverar edi: “Mening bolam ham o‘qisin!”
Tamom, o‘qituvchilik mening taqdirim edi, buni tushunib yetdim. Mana, o‘n besh yildirki, hanuz o‘sha nido qulog‘imda yangraydi. Yuzlab shogirdlar yetishib chiqishdi va dunyoning turli tomonlariga tarqab ketishdi. Faoliyatim davom etmoqda. Bayramlarda ularning biri Amerikadan, biri Yevropadan, biri Koreyadan, boshqasi vatanimizdan turib tabrik yo‘llashadi. Hech qaldirg‘ochlar bolasini uchirma qilgan kunga guvoh bo‘lganmisiz? Haqiqiy bayram qilishadi o‘sha kuni. Biz ustozlar ham shogirdlarning muvaffaqiyatlaridan kichkinagina yuragimizda olam-olam sururni tuyamiz. Bu — bizning taqdirimiz.
Aytgancha, oxirgi yillardagi ta’limga va o‘qituvchilarga munosabat mutlaqo o‘zgarganini e’tirof etmay iloj yo‘q. Ishonamanki, bu ijobiy islohotlar o‘zining shirin-shakar mevasini albatta beradi va yana umid qilamanki, yurtimiz eng rivojlangan mamlakatlardan biriga aylanadi.
Alisher SOTIVOLDIYEV,
Kosonsoy tumanidagi 52-IDUM o‘qituvchisi