Katta bayram haqida kichik maqola
Katta bayram haqida kichik maqola
Assalomu alaykum, hurmatli mushtariylar, eson-omonmisiz? “Shapaloq” o‘ldi deb, aza ochib, oq kiyib, yig‘lab-siqtab yuribsiz ekan. Avvalo, sizni bu qadar tashvishga qo‘yganimiz uchun kechiring. Afsuski, biz yana qaytdik. “Ey, qorang o‘chgur, butun boshli yoz o‘tdi, direktorning eshigi yonida dars talashib, jiqqamush bo‘lganimizda ham oramizga tushmading. Mayli, hech bo‘lmasa, o‘qituvchilar kunida bir enlik tabrik yozib qo‘ysang o‘larmiding…”, deyishga haqqingiz bor. Ammo bizni ham tushuning-da. Ho-ov o‘sha oxirgi marta uchrashganimizdan buyon ijara uy qidirib yuribman. Birovni tog‘a, birovni amaki, gavdasi eshikka sig‘maydigan, shallaqi xotinlarni ena deb ham ko‘rdim, foydasi bo‘lmadi. 300 dollardan kamiga bir boshpana yo‘q(bizdan qaytmasa, Xudodan qaytar, agar tanishlar bo‘lsa, bir yordam qiling). Shu sababdan siz bilan gurunglasholmadik. Bizdi o‘y, botinkamizni Toshkentning kibor ko‘chalari yeb tamom qildi. Oxiri yana tahririyatga keldik. Endi o‘lmasak, uy topguncha biror kunjakda kun kechirib turamiz.
Bu yerda quruqdan-quruq yotaversang ham birovga yoqmaysan. Kun ora yarim qog‘oz bo‘lsa-da, maqola ko‘tarib muharrirning eshigiga ko‘rinib qo‘yish kerak. Shu desangiz, aksiga olib, qo‘l yozishdan chiqibdi. Bir gapni eplab qovushtirolmayapman. Egasini aldab-suldab chaqirsam, kesimi qochib ketyapti. Bugun nima bo‘lganda ham biror narsa qoralamasam bo‘lmaydi. Hech bo‘lmasa, xalqimiz intiq kutayotgan KATTA BAYRAM haqida. Xo‘sh, unda boshladik. Bismillahir Rohmanir Rohim…
Derazani ochib qo‘ysam, balki foydasi bo‘lar, nima dedingiz? Undan qanotlari oppoq, arfa chalayotgan ilhom parilari ko‘rinib qolsa ajab emas.
Derazaga yaqinlashganim hamon xayolga cho‘mgancha tashqarini tomosha qiligim kelaveradi – tarki odat amrimahol. Unda butun boshli dunyoning bir bo‘lagi mohir rassom tasvirlagandek ko‘z oldingda namoyon bo‘ladi. Ammo hozir men kuzatib turgan manzarani san’at asariga tenglashtirib bo‘lmaydi. Mana, tashqarida kak-kak yo‘talib, rangi zahil oktabr kezib yuribdi. Menga mung‘ayib qarab turgan mana bu daraxtlarning ahvoli ham havas qilarli darajada emas. Qarama-qarshi tomonda qaysidir bir nashriyotning bobom qatori binosi(yashayapti snosni kutib). Pastda esa obuna dardida viloyatma-viloyat borib kelaverib, sillasi qurigan allaqaysi gazetalarga tegishli mashinalar mudrab yotibdi. Sal nariroqda esa kichikroq bufet va uning ichida gazetchilarning oyligi tushishini o‘zlaridan ham ko‘proq kutuvchi bir xola – bori shu.
Qishloqdaligimda derazamizdan tog‘lar, adirlar, qaylargadir uloqib ketgan yo‘l… va qishloqning o‘z tashvishi bilan ovvora odamlari ko‘rinardi. Men dunyoga derazamizdan qarab baho berar edim. Men uchun butun borliq mana shundan iborat edi. Hozir esa dunyo – gazetxonaning to‘rtinchi qavatidagi derazadan ko‘rinib turgan mana bu manzara.
Nyu-Yorkdagi ko‘p qavatli uylar derazasidan turib, Afrikadagi och-nahor bolalar ko‘rinmagani kabi, shaharlarimiz markazidagi hukumat binolari derazasidan ham mening nurab yotgan maktabim, katta o‘g‘lining botinkasini kiygancha u tomonga shoshib borayotgan o‘qituvchi yoki mo‘ltoni xaltani orqalagancha Rossiyaga ketayotgan mardikor ko‘rinmaydi. Ehtimol, qimmat mashinalar shovqin solgancha o‘tayotgan keng ko‘cha, galstuk taqqan qorindor odamlar, qishin-yozin yam yashil bo‘lib turadigan chiroyli bog‘cha. Xullas jannatni eslatadigan bir manzara ko‘rinar va ular butun boshli jamiyatga menga o‘xshab derazadan qarab baho berayotgandir.
Sufeee, uzr, qadrdonlar, “to‘xta” demasangiz mana shunday o‘tlab ketadigan odatimiz bor. Chegaradan chiqsang ham, derazadan chiqma, deb bizga o‘xshaganlarga aytsalar kerak. Sal qolsa maqola ham qulog‘ini ushlab ketardi. Ilhom parisi qurg‘ur bugun rosa noz qildi-da. Nima bo‘lganda ham ilojini qilib biror narsa yozmasam bo‘lmaydi.
Ijodiy imtihondan oldin, ko‘rinishidan hech ilm odamiga o‘xshamaydigan,
semiz bir professor biz abituriyentlarga, insho qanday yozilishi xususida tayyorgarlik darsi o‘tgan edi. Uning “Agar fikr kelmay qolsa ham qoralamaga nimalarnidir yozavering, barmoqlaringiz harakatlangach miyangiz ishlab ketadi, men ko‘pincha shunday qilaman”, degan gapi esimda qolgan. O‘shanda hech sinab ko‘rmagan ekanman. Balki bu olamshumul usulga ehtiyoj ham tug‘ilmagandir. Ammo bugun butun mamlakatimiz intiq kutayotgan KATTA BAYRAM haqida maqola yozishni niyat qilib tahririyatga shaxdam qadamlar bilan kelgan, lekin tushga dovur peshonasini changallab bir satr ham yoza olmay o‘tirgan men, chala muxbir uni sinab ko‘rishga qaror qildim.
Mana, yarim soatdan beri jazavaga tushgan bastakordek, kompyuterim “klavish”larini niqtab o‘tiribman. Ekranda insoniyat yaralganidan buyon hech qachon ishlatilmagan bir tilda juda dono fikrlar paydo bo‘lmoqda(sening aqling yetmadimi, demak u “genialniy”. O‘sha domlaning qanday qilib professor bo‘lganini endi tushundim). Hatto yozuvi lotin alifbosiga asoslangan bu tilni biznikidan farqli o‘laroq do‘konlar manglayida ham imlosi buzilgan holda uchratmaysiz...
Va nihoyat, hurmatli do‘stlar, maqola ham deyarli bitib qoldi. Faqat epini keltirib bayram komissiyasining ko‘ngliga tegib ketadigan joylarini randalab, oxiriga ismni yozib qo‘ysam bo‘lgani.
Bilib turibman “kuni bo‘yi bizning boshimizni qotirib bu nima yozdi ekan?” deb juda qiziqyapsiz. Mayli, sazangiz o‘lmasin, maqolamning kirish qismidan bir abzas sizga ilinaman. Muharririmiz
eshigidan omon chiqsa, davomini bayramga yaqin sonlarimizdan birida o‘qirsiz:
“awunkhl kfrcwejhrg kcawer fkhqagwevrk jhawefhgas Kkjqwhbr kcfqubgw2ika fwidyflihdwhrtlkjherg;dljwqdkjawhdjhogwyegbcfousgnpcfiqhyenpifgqonwuigedlWUDXPQUWEGHPXEFOQTHXT ijhuihiugituafwedfcou;pgugascyhdbygqwdihcghsdvuasfcgaxsdd czsreqazdvsedgfnu sgpospedrfgafdscyqds cikldj shgf lahgwsdfhgFW DJhgcg sdfxAFSDX fdhfgv hbdslfgkj dlrgkjh;…”.
Tkjaghdo JKJHKHU