Kitob–beminnat ustoz
Kitob–beminnat ustoz
“Kitob–beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”,-deya ota-bobolarimiz bekorga‘ta’kidlashmagan. Necha ming yillardan buyon insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan, ularning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli bo‘lishining muhim omili–bu kitobga do‘st bo‘lish, va kitob o‘qishni kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentabr kuni qabul qilingan PQ-3271-sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutoaalasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan joylarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Jumladan, joriy yilning 28-oktabr kuni Zarafshon shahar 13-sonli AFChO‘I maktabida “Navoiy kitob savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda navbatdagi kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Unda mamlakatimizning yetakchi nashriyotlari tomonidan chop etilgan bolalar adabiyotlari, ilmiy nashrlar, milliy va jahon adabiyotini o‘zida jamlagan 200 turdan ziyod kitoblar savdoga qo‘yildi.
Yarmarkada barcha maktab xodimlari, maktab o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari faol ishtirok etishib, turli mavzulardagi o‘zbek va jahon adabiyotiga oid eng durdona asarlarni sotib olishdi hamda shaxsiy va maktab kutubxonasi fondini boyitishda o‘z hissalarini qo‘shishdi. Kitobga oshno kishidan hech vaqt yomonlik va yomon inson chiqmaydi. Farzandlarimizga kitob o‘qishni targ‘ib etishimiz emas ularga o‘rnak bo‘lib, avvalo o‘zimiz kitobga oshno bo‘lishimiz kerak.
Zarafshon shahar 13-AFChO‘I maktabi Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi Mo‘tabar Jiyanova