Kitobxonlik majburiy bo‘lishi kerak(mi)?!
Kitobxonlik majburiy bo‘lishi kerak(mi)?!
Sarlavhani o‘qib taajjublangan bo‘lsangiz kerak. Fikrimni izohlab beraman. Maktab kutubxonasida faoliyat yuritaman. O‘quvchilar bilan faqat tanaffus payti va darsdan keyin muloqot qilaman xolos. Ish jarayonida o‘zimning haftalik kun tartibimni joriy etganman.
Ammo haqiqatni aytadigan bo‘lsam, bir kun davomida bir sinfdagi barcha o‘quvchilar kutubxonaga keladigan bo‘lsa ularga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega emasman. Faqatgina sanoqli kitobsevar o‘quvchilar kutubxonaga kelishadi va imkon qadar ularga izlagan kitoblarini topib berishga yoki ilk bor kelgan o‘quvchilarga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib kitob tavsiya etishga harakat qilaman. Ammo qolgan o‘quvchilar bilan suhbatlashish, ularning qiziqishlari bilan qiziqishga vaqt ham, imkoniyat ham bo‘lmaydi. Tarbiyaviy soat darslarida imkon qadar kutubxonaga jalb etishga harakat qilaman. Ammo bu ham boshqalar darsini bo‘lish hisobiga. Kitobxonlik savodxonligi, kitobxonlikni oshirish haqida soatlab gapiriladi-yu, lekin shu kitobxonlikka poydevor bo‘luvchi, o‘quvchilarga ilk bor kitob, kutubxona va undan foydalanish tartiblarini o‘rgatuvchi, oliy o‘quv yurtlari yoki boshqa turdagi kutubxonalarga ko‘p sonli kitobxonlarni tayyorlab beruvchi maktab kutubxonalari negadir e’tibordan chetda qolaveradi.
Shu soha vakili sifatida shunday taklif bildirmoqchiman. Maktablarda kitobxonlik soati, kutubxonachi darsi joriy etilsin. Bu darslar to‘garak ko‘rinishida va faqat istovchilar uchun emas, majburiy dars ko‘rinishida bo‘lishi kerak. Yangi asarlar taqdimoti, kitobxonlik targ‘iboti tadbir emas, dars, mashg‘ulot, talab, vazifa shaklida bo‘lsa. Kitobxonlik darslari va beriladigan vazifalar o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun ham qiyinchilik tug‘dirmasa kerak. Kitob mutolaasi o‘quvchi kelajakda qaysi kasbni egallashidan qat’i nazar, kerak bo‘ladi. Kitobxonlikni xohish darajasidan majburiyat darajasiga olib chiqish vaqti kelmadimikan? O‘quvchilar kitobxonlik darsidan yomon baho olmaslik uchun ham birozgina kitob o‘qisa, asarlar ustida bahs yuritsa, kutubxonachilik kasbi, kitoblar yaratilish jarayoni haqida kengroq tushunchaga ega bo‘lsalar, kitoblarga bo‘lgan munosabatlari o‘zgarar balki?
Taklifim amalga oshsa maktab kutubxonachilarining nufuzi ham, maoshi ham, mas’uliyat va majburiyati ham oshar, mehnatlari munosib baholansa nur ustiga nur bo‘lar edi.
Bu bir ijodkor, o‘z kasbini sevuvchi va kasbini kelajakda yosh avlod havas bilan tanlashiga, o‘sha kunlar kelishiga umid bilan yashayotgan oddiy maktab kutubxonachisining o‘y-xayollari, taklifi...
Shahnoza RO‘ZIYEVA,
Yunusobod tumanidagi
96-maktab kutubxona mudiri