“Kundalik” elektron tizimi
Jarayon
“Kundalik” elektron tizimi: kelajakka qadam
Z amonaviy texnologiyalar hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan davrda yashayapmiz. Albatta, amaliyotga joriy qilingan har bir yangilik, inn о vatsion loyihalar zamirida insonlar ish-faoliyatini yengillashtirish, mavjud muammolarni kamaytirish va zamon bilan hamnafaslikda yashash maqsad qilinadi. Yakunlanayotgan yilda Xalq ta’limi sohasida o‘ziga xos burilish yasagan yangiliklardan biri elektron jurnal va kundalik tizimi joriy etilishi bo‘ldi.
O‘quvchilar dars jadvalini ko‘rishda bu platformaga ishonmasligini ta’kidlashyapti , boisi uning qo‘lidagi kundalikda yozilgan dars jadvaliga mos kelmayapti . Baholar esa umuman mos kelmaydi, deydi ota-onalar. Bu holatlarda kimni aybdor qilish kerak? Texnik nosozlikmi yo vaqt topolmayotgan o‘qituvchimi yoki doimiy elektron platformaga kirishga odatlanmaydigan oddiy odamlarnimi?!
Ba’zilar platformasiga kirib o‘quvchilarni baholay olmagan. Ayrimlar platformaga kirganida profilaktika ishlari olib borilayotganligiga guvoh bo‘lgan.
Ayni damda platforma yana ishlay boshlagan. tizimdagi noqulayliklar tez orada bartaraf etiladi, degan umiddamiz.
Joriy yil 17-mart kuni “Toshkentda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish” to‘g‘risida Prezident qarori imzolandi. Unga ko‘ra poytaxtimizda onlayn axborot tizimi keng joriy etiladi. Xususan, 2020-yil 1-sentabrdan boshlab, Toshkent shahridagi barcha umumta’lim maktablarida jurnal va o‘quvchilarning kundaliklarini qog‘oz shaklida yuritishni bekor qilish hamda ularni elektron tarzda yuritishga mo‘ljallangan yagona axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda “Kundalik” raqamli ta’lim platformasi Toshkent shahridagi barcha maktablarda va viloyatlardagi sifatli axborot resurs bazasiga ega bo‘lgan umumta’lim muassasalarida joriy qilingan. Shuningdek, platforma 22 ta nodavlat ta’lim muassasalarida ham amalga oshirildi. Nafaqat maktablar, balki o‘rta maxsus ta’lim muassasalari , ya’ni Ichki ishlar vazirligining 14 ta litseyi ham “Kundalik” platformasiga o‘tdi. Ushbu tizimda jami 1581 maktab ish boshladi, ulardan 1482 tasi qog‘oz jurnallar va kundaliklardan butunlay voz kechdi.
Qog‘oz kundalik — rag‘bat belgisi
Har birimiz maktabda qanday o‘qiganimiz, kundalikdagi baholarimiz yodimizdan chiqmaydi. Oy oxirida yoki har chorakda kundalikka qo‘yilgan “4”, “5” baholarni sanash, kimda ko‘p bo‘lsa, g‘olibday g‘ururlanish kabi xotiralar inson ongida bir umr saqlanib qolsa kerak. Haqiqatan ham, qog‘oz kundalikdagi baholar o‘quvchilar o‘rtasida bilim olishga bo‘lgan raqobatni shakllantiradi, motivatsiya beradi. Ko‘pchilik o‘qituvchilar darsda o‘quvchini faollashtirish, fanga qiziqishini oshirish maqsadida kundalik bilan bog‘liq ta’limiy metodlardan foydalanadi. Elektron kundalikning joriy etilishi bilim olishga bo‘lgan rag‘batni susaytirishi mumkin.
— Ta’limga biror yangilikni joriy etishdan oldin maktablarning imkoniyatlari, o‘qituvchilarning AKT savodxonligi, ota-onalarning bunga tayyorligi hisobga olinishi kerak emasmi? To‘g‘ri, qachondir baribir elektron tizimga o‘tish kerak dersizlar, lekin yetarli sharoit bo‘lmasa, qanday amalga tatbiq qilish mumkin, — deydi Yangiyo‘l tumanidagi 42 -maktab o‘qituvchisi Dilfuza Suvonova. — Kundalik.com hozirda imkoniyati bor ta’lim muassasalarida joriy qilindi, keyinchalik butun respublikada foydalanish reja qilinmoqda. Shu kabi yangi, zamonaviy loyihalar haqida gap ketsa, chekka hududlardagi maktablar xayolimga keladi. Axir, internet yo‘q hududlar bu kabi yangilikni qanday qabul qiladi? Jiddiy muammolar bo‘laturib , ish boshlash to‘g ‘ rimikan? Farzandining qog‘oz kundaligiga haftada bir marotaba erinib imzo qo‘yadigan ota-onaning elektron kundalikni har kuni kuzatishiga ko‘zingiz yetadimi? Bu ham kamday pul to‘lab obuna bo‘lishiga-chi?
Kundalikka obuna bo‘lish kerak!
Ma’lum bo‘lishicha, tejab qolingan davlat mablag‘lari orqali maktablarda yetarli sharoitlar yaratilar ekan. Respublikadagi barcha umuamta’lim muassasalari kompyuter va internet tarmog‘i bilan ta’minlansa ajab emas. To‘lov masalasidagi savollarga “Maktabda o‘quv qurollari doim ota-ona tomonidan sotib olingan, xususan kundalik ham. Elektron kundalikka a’zo bo‘lish qog‘oz kundalikning o‘rtacha bahosiga teng, deya javob beriladi. O‘rganishimizcha, bozorda oddiy, lekin bir yil uchun yetadigan kundalikning bahosi 3000-4000 ming so‘mdan boshlanar ekan. Qolganlarining narxi sifatiga qarab oshib boraveradi. Bizningcha, elektron kundalik uchun obuna o‘rtachadan balandroq baholangan.
— Bugungi kunda markazimizga keladigan eng ko‘p savollar to‘lov masalasi bilan bog‘liq, — deydi “Kundalik” qo‘llab-quvvatlash markazi matbuot kotibi Malika Reymboyeva. — Sinov muddati tugagach, tizimga kirishda foydalanuvchilarda “To‘lash” tugmasi paydo bo‘ladi, uni bosilganda “Uzcard” kartasi yoki to‘lov tizimi orqali to‘lovning ikkita usuli ochiladi. Obuna uchun to‘lovni amalga oshirishda qo‘shimcha foizlar olinmaydi. “Kundalik” tizimi foydalanuvchi kartalari ma’lumotlarini o‘zida saqlamaydi. To‘lovlar xavfsizligi uchun “Click” kompaniyasi va Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi — “Uzcard” javobgardir. Ammo biz ota-onalardan asosiy xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni va karta ma’lumotlarini begonalarga bermaslikni, to‘lovni boshqa yo‘l bilan amalga oshirishni so‘rayotganlar bilan muloqotga kirishmaslikni so‘raymiz.
“Bir oyda 15 Gigabayt internet trafik ishlatdim”
Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytlari va telegram kanallaridagi xabarlarda kundalik.com TAS-IX zonasida joylashgan bo‘lib, platforma bilan ishlaganda barcha operatorlar, jumladan, mobil operatorlar tomonidan internet-trafik sarflanmaydi deyilgan. Ya’ni o‘qituvchi kundalik.comga kirganda telefonidan faqat internet tugmasini yoqadi va bemalol internetdan foydalanishi mumkin. Aslida ham shundaymi?
— Masofaviy ta’lim olayotgan o‘quvchilar bilan ishlashda “Kundalik” platformasining qulay tomonlari ko‘p, — deydi Jamila Qayumova (o‘qituvchining ism-sharifi o‘zgartirildi). — Endi ota-onalar va o‘quvchilar bilan boshqa messenjerlarda emas, aynan ta’limga oid saytda shug‘ullanamiz. Lekin dars uchun videorolik va boshqa yirikroq hajmli narsa joylamoqchi bo‘lsak, muammo tug‘iladi. Hajmi 10 megabaytdan oshmasligi kerak. Ba’zida rasm jo‘natish ham murakkab kechadi. Qo‘yilgan baholar o‘chib ketish holatlari ham kuzatildi. Ertadan kechgacha onlayn bo‘lib qoldik. Dars payti ham qo‘limizdan telefon tushmaydi. Doim onlayn bo‘lish uchun esa yaxshigina internet trafik kerak. “Kundalik” markazining xabarida o‘qituvchilar uchun trafik sarflanmaydi, deyilganda xursand bo‘lgandim. Lekin buni amalda ko‘rmadim, hozircha o‘z hisobimdan trafik sarflayapman. Oldinlari oyiga ko‘p to‘lov qilmasdim. Bu gal bir oyga 15 Gigabayt ham yetmadi.
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri