Kutilgan g‘alaba
Kutilgan g‘alaba
O‘zbekiston terma jamoasining 44-Jahon shaxmat olimpiadasida chempion bo‘lishi men uchun kutilmagan hodisa bo‘lmadi.
2014-yil bahorida Toshkentda o‘tkazilgan Georgiy A’zamov xotira turnirida hali 10 yoshga ham to‘lmagan Nodirbek Abdusattorov (o‘sha payti reytingi 2 057 ball edi) xalqaro grossmeysterlar Andrey Jigalko (2 600) va Rustam Husnitdinov (2 495)ni, 12 yashar Shamsiddin Vohidov (2 063) xalqaro grossmeyster Robert Oganesyan (2 613)ni mag‘lub etib, o‘ziga xos shov-shuv ko‘targanida taniqli grossmeyster, 1992-yilgi Jahon shaxmat olimpiadasi kumush medal sohibi Saidali Yo‘ldoshev milliy terma jamoani o‘sha payti 19 yosh bo‘lgan Jahongir Vohidov yetakchiligida Nodirbek, Shamsiddin singari yarq etib chiqqan yoshlardan tuzish kerakligini aytgan edi. Shunda yana 4-5 yilda xalqaro musobaqalarda yutuqlar o‘z-o‘zidan kela boshlashini ta’kidlagandi. Hali 2014-yildayoq!
Ular safiga keyinchalik Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindorov ham qo‘shildi. N. Abdusattorov (2017) va J. Sindorov (2018) hatto jahonning eng yosh grossmeysterlari ro‘yxatidan o‘rin oldi.
Nodirbek Abdusattorov 2012-yili 8 yoshgacha bolalar o‘rtasida, Shamsiddin Vohidov 2015-yili 14 yoshgacha bolalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi.
Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindorov ham bir necha martadan maktab o‘quvchilari o‘rtasida jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Hali maktab o‘quvchisi paytidayoq O‘zbekiston chempionati oliy ligasida 1-o‘rinni olishdi.
Xullas, o‘zbek shaxmatida shu kunga qadar bir davrda bular kabi kuchli iqtidor sohiblari bir vaqtda yetishib chiqmagan edi. Shaxmatimizning oltin avlodi individual natijalari bilan bo‘y ko‘rsatayotgandi.
Nihoyat 2018-yili Turkiyaning Ko‘nyo shahrida bo‘lib o‘tgan 16 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida Jahon shaxmat olimpiadasida shu to‘rt o‘g‘lon va Setora Saparovadan iborat O‘zbekiston terma jamoasi Saidali Yo‘ldoshev boshchiligida Olimpiada chempioni bo‘lishdi.
Xorijlik ekspertlar navbatdagi musobaqalarda, u xoh jamoaviy, xoh individual bo‘lsin, o‘zbekistonlik shaxmatchilar g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan bo‘lishini taxmin qila boshlashdi.
Bu taxminlar birin-ketin ro‘yobga chiqa boshladi.
2021-yili Rossiyaning Sochi shahri mezbonlik qilgan Jahon Kubogi musobaqasida Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov 2-bosqichgacha borgan bo‘lsa, Jahongir Vohidov 3-bosqichda kurashni to‘xtatdi. Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov esa 4-bosqichgacha chiqishdi. Jahongir Vohidov AQSHlik Lenyer Domengesni, Javohir Sindorov Fransiya vakili Alirizo Feruzjani, Nodirbek Abdusattorov niderlandiyalik Anish Girini mag‘lub etib, musobaqadan chiqarib yuborgani o‘ziga xos shov-shuv bo‘lgan edi o‘shanda.
O‘tgan yil yakunida Polsha poytaxti Varshavada o‘tkazilgan tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida esa yoshlarimiz hammaning diqqatini o‘zlariga qaratishdi. Javohir Sindorov blits yo‘nalishida kuchli sakkizlikdan joy olgani, Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy, Levon Aronyan, Fabiano Karuana singari zamonaviy shaxmatning super yulduzlarini mag‘lub etib, Jahon chempioni bo‘lganidan xabaringiz bor.
Endi ayting-chi, shunday natijalar ko‘rsatgan, g‘ayrati ichiga sig‘mayotgan bu yoshlarimizni to‘xtata oladigan jamoa bormidi?
O‘zbek shaxmatining oltin avlodi bu buyuk g‘alabaga haqli edi!
Endi oldinda yigitlarimizni yana ulkan g‘alabalar kutmoqda. Ularning shijoati, iste’dodi va Vatanga muhabbati havas qilgulik. Ko‘z tegmasin ilohim!
Husan KARVONLI