MA’RIFAT QAL’ASI
MA’RIFAT QAL’ASI
Benazir o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning mashhur hajviy qahramoni Kalvak Maxsum Kalomi sharifni ziyorat etmak istagida mahsido‘zlik mahallasidagi “Oynabandlik ikki qanot eshigi” bor “Ko‘p oliy g‘ishtin fabrikon”ga boradi. Maxsum eshiklarning biridan kirganda, “atrof va javonib”da devdak-devdak katta suratlar osig‘liq, “birmuncha sallali va sallasiz odamlar” tuppa-tuzuk o‘ris kursiga o‘tirib gazet o‘qiyotgan, tevarakka esa “anvoyi turlik kitoblar uyub tashlangan ekan”.
Kalvak Maxsum tilovatxona deb o‘ylagan bu xona, ayniqsa, o‘tgan asrning 20-yillari o‘zbek ziyolilarining qadamjoyi bo‘lgan “Turon” kutubxonasining qiroatxonasi bo‘lgan.
O‘sha yillari “Turon” kutubxonasida ish boshlagan Abdulla Nosirov shunday xotirlaydi:
“Bir voqea sira yodimdan chiqmaydi. Kutubxonaga elimizning ardoqli farzandi, mashhur adib Abdulla Qodiriy (Julqunboy) ham tez-tez kelib, mendan kitoblar olib turar edi. Ana shunday uchrashuvlar va samimiy muloqotlar sababli u kishi bilan yaqindan tanishib oldim. Abdulla Qodiriy kamoli hurmatlari
balandligidan menga ismim bilan emas, ilm sohibi degan ma’noda “Maxdum janoblari” deya murojaat qilardilar.
Bir kuni “Maxdum janoblari”, vaqtingiz bo‘lsa, ro‘monimni bir ko‘zdan kechirib bersangiz(qo‘lyozmani olib qolib, nashriyotga nusxa topshirsam), deb iltimos qildilar. Mamnuniyat bilan iltimoslarini qabul etib, ishga kirishdim. Bu “O‘tkan kunlar” romanining qo‘lyozmasi edi” (Hidoyat – 2009-yil, 2-son, 38-bet).
Kutubxonaning keksa a’zolaridan biri, Qodir(iy) Norxo‘jayev o‘z xotiralaridan bunday ma’lumot beradi: “Eski Jo‘va maydoni yaqinidagi binoda “Turon” kutubxonasi bo‘lib, unga Toshkent pedagogika texnikumi o‘quvchilari tez-tez kelib turardilar. Kunlarning birida kutubxonaga kelsam, peshtaxta ichkarisida Abdulla Nosirov yupqa bir kitobni olib chiqib, rasmiylashtirib, haligi kishining qo‘liga berdi. Menga omad tilagan odam kitobni qo‘liga olib varaqlar ekan, ko‘zim “Sarvati funun” degan yozuvga tushdi. Bu nomdagi asarni birinchi ko‘rishim edi. Mijoz biz bilan quyuqqina xayrlashib chiqib ketdi. Odobsizlik sanalsa ham
Abdulla akadan bu odamning kim ekanini so‘radim. “Cho‘lpon degan shoir shu kishi bo‘ladi”, dedi Abdulla Nosirov (Q.Norxo‘jayev. “Sharq yulduzi” – 1990-yil, 6-son, 195–198-bet).
“Turon” kutubxonasi faoliyatiga mashhur sharqshunos olim akademik V.Bartold hamda professor Cho‘lponzoda ham o‘z vaqtida yuksak baho bergan edilar. Cho‘lponzoda shunday yozadi: “Kutubxonaning(“Turon”) kelgusi porloq, unda ilmiy, tarixiy, qimmatli, nodir asarlar bor” (“Maorif va o‘qituvchi” – 1929-yil, 6-son).
“Turkiston” gazetasining 1923-yil 24-dekabr, 213-sonida “Ilmiy hay’at” tomonidan o‘zbek maorif xodimlari diqqatiga quyidagi bildirish bosiladi:
“Ilmiy hay’at” va “Nashri maorif” uyushmasi quyidagi nomlari yozilgan maorif
xodimlarini 26-dekabr, chorshanba kuni kech soat 4:00 da “Turon” qiroatxonasiga chaqiradilar. Ko‘riladurg‘on masala:
1. O‘zbek maorif va madaniyat uyushmalarini jonlantirish.
2. Maorif oyig‘a ishtirok.
Usmonxon, Muhsin, Sanjar, G‘ozi Yunus, Elbek, Shokirjon Rahim, Vadud Mahmud, Mannon Ramz, Qayyum Ramazon, Shohid Eson, Munavvarqori, Shorasul, Xotibzoda, Ayyub, Olim qori, Abdurahmon G‘oyib, Majid Qodiriy, To‘lagan Xo‘jamiyorov, Abdulla Avloniy, Nabi Rasul, Husaynxon, Oxunov, Rahimboyev, Komil Alimov, Ziyo Said, G‘ulom Zafariy, Zahiriddin A’lam, Ibrohim afandi va boshqalar”.
Haqiqatan ham, bu dargoh yana shunday ulug‘ kishilarning kutubxonaga tashrif etganliklari va ko‘pgina adabiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilganligi bilan mashhur.
“O‘sha paytlarda shoir-u yozuvchilarning ovozlarini radiodan tinglardik, xolos. O‘zlarini ko‘rish biz uchun bayram, tengi yo‘q quvonch bo‘lardi.
Ittifoqo “Turon” kutubxonasida shoir Shuhrat bilan uchrashuv bo‘lar ekan, degan gap qulog‘imga chalindi.
She’riyatning haqiqiy muxlisi, shoirning ixlosmandi asli talabalar bo‘ladi-da! Qutbixon, Mamlakat, Zahro – bir yo‘l bo‘lib uchrashuvga otlandik. Mo‘jazgina kutubxona liq to‘la edi.
Bir guruh yozuvchilar salobat to‘kib kirib kelishdi. O‘rtada oppoq sochli, ko‘rkam peshonasi keng kishi. Yonlarida Barot Boyqobilov, Husniddin Sharipov, Yusuf Shomansur, Xayriddin Saloh. Biz ularni ko‘p ko‘rgandik, seminarlarda suhbatlarida bo‘lgandik. Lekin Shuhrat qani? Ustoz domlamiz Ozod Sharafiddinov uchrashuvni ochayotib, Shuhrat akani tanishtirdilar; kumushdek oq sochli, basavlat kishi, o‘sha yoshlik kuychisi, jozibali lirik she’rlar muallifi Shuhrat ekanlar... Bemahal qor yoqqan ekan bu donishmand boshlariga... (O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva, “Shuhrat zamondoshlar xotiralarida”. T.O‘zbekiston, 2008-yil, 128-bet)”.
Men o‘zim 1971-yil 25-avgustda “Turon” kutubxonasiga ishga kelganman va o‘sha
birinchi kun sira yodimdan chiqmaydi. O‘quv zaliga adib Mirkarim Osim kirib kelgan edi. Ko‘rib juda hayajonlanganman. Keyinchalik O‘zbekiston Qahramonlari: Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘zbekiston xalq yozuvchilari va shoirlari, taniqli ijodkorlar: Xurshid Do‘stmuhammad, Tohir Malik, O‘tkir Hoshimov, Oydin Hojiyeva, Mirpo‘lat Mirzo, olimlardan: Naim Karimov, Ulug‘bek Dolimov, Abdug‘afur Rasulov, Umarali Normatov, akademik Baxtiyor Nazarov, To‘ra Mirzo, Shuhrat Rizayev, Rahmon Qo‘chqor, Begali Qosimov, Bahodir Karimov va yurtimizning boshqa mashhur kishilari kutubxonamizning faollari hisoblanganlar. O‘quv zallarimizda ularni tez-tez uchratib turardik. Adib va olimlarimizning ko‘pgina mashhur asarlari shu kutubxonada yozila boshlaganini ko‘p eshitib quvonib yuramiz.
Shoirlarimizdan biri ustozlaridan eshitgan bir hikmatli xotirasida “Kitobga nigoh tashlash ham kishini olijanob ishlarga bag‘ishlaydi, bu holat uni yomon yo‘ldan qaytaradi”, degan edi. Darhaqiqat, ma’rifatli inson
hayotini kitobsiz, kutubxonalarsiz tasavvur qila olmaydi.
Vazira SOBIROVA,
O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan madaniyat xodimi