MAKTABDA TEATR HAFTALIGI YAKUNLANDI
2-6 may kunlari Navoiy shahridagi 8-informatika va axborot texnologiyalari chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan tayanch maktabida badiiy asarlar asosida sahnalashtirilgan "Teatrga ko‘chgan asar" tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu teatr haftalikda 27 ta 6-, 7- hamda 8- sinflar qatnashdilar. Chiqishlar jarayonida 300 ga yaqin o‘quvchilar 10 dan ortiq asar va hikoyalar asosida obrazlarni faol ijro etdilar. 15 dan ortiq o‘qituvchi-murabbiylar jamoalar bilan tanlovga qadar ishladilar. 800 dan ortiq pedagog xodimlar, yuqori sinf o‘quvchilari sahna ko‘rinishlarini bevosita tomosha qildilar.
Barcha chiqishlarni maktab Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, tadbir tashabbuskori Jamshid Berdiev va metod birlashma rahbari Nasiba Adizova baholab bordi hamda jamoalarga kerakli tavsiyalar berdilar.
Bugun bo‘lib o‘tgan yakuniy taqdirlash tadbirida barcha 1-, 2-, 3- o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sinf jamoalari maktab ma'muriyati tomonidan Faxriy yorliqlar hamda kitoblar bilan taqdirlandi.