MENI DIREKTOR URDI
DIREKTOR ME NI URDI
— Meni direktor urdi, — deb shikoyat qilyapti O‘zbekiston tumanidagi 13-maktabning musiqa fani o‘qituvchisi Ziroatxon Komiljonova.
Masalani o‘rganish, o‘qituvchining bu iddaosi qanchalik rost yoki yolg‘onligini bilish maqsadida maktab joylashgan Dasht-cho‘lpon MFYga bordik.
Ziroatxon Komiljonova kasallik ta’tiliga chiqib, uyida davolanayotgan ekan. U kishini suhbatga tortdik.
— Maktabda 23 soat darsim bor. Juma kuni (24.09.2021 y.) “Mehrjon” tadbiri o‘tkazilishi kerak edi. Direktor shu tadbirni siz o‘tkazasiz dedi. O‘sha kuni tumanning eng olis hududidagi 41-maktabda ham darsim bor edi, “men hamma tashkiliy ishlarni bajarib, ovoz kuchaytirgich va mikrafonlarni yetkazib beraman, ammo o‘sha kuni o‘zim tadbirning boshida tura olmayman deb aytdim. O‘sha paytda ham menga do‘q-po‘pisa qildi. Juma kuni men 41-maktabga ishga ketdim, qaytib kelsam, o‘qituvchilar “sizning 3 soat darsingizni bog‘chada ishlaydigan Qahramon akaga olib beribdi, sizga 20 soat dars qolibdi” deyishdi. To‘g‘risi, 4 nafar farzandim bor. Ularning hammasi maktab o‘quvchilari. Ikki nafar farzandim qo‘shimcha darslarga boradi, turmush o‘rtog‘im ham ishlaydi, ammo baribir pul kerak. Menga o‘sha 3 soat ham harna-da. Mayli uch soat darsimni olib birovga beribdi, nega avval meni ogohlantirmadi? Har qanday vaziyatda ham darsi olib qo‘yilayotgan o‘qituvchiga direktor tushuntirish bermaydimi, holatni tushuntirib, nega darsimni olib qo‘yayotganligini aytmaydimi?
Shanba kuni ishga bordim, zinaning yonida direktorni kutib turdim. Soat to‘qqizlarga yaqin kirib keldi. Salomlashib, “Feruzaxon nega mening darsimni o‘zimni ogohlantirmasdan olib qo‘ydingiz” deganimni bilaman, sharaq etib qo‘limga urdi. Telefonim uchib ketdi.U nima qilayotganimni o‘zim bilaman, deya zinadan ko‘tarila boshladi.
Javob bering savolimga deganimni bilaman, yuzimga shapaloq tortib yubordi.
— Nega sizni o‘z-o‘zidan urdi?
— To‘g‘risini aytsam, darsdan bo‘sh paytimda oilamga qo‘shimcha daromad bo‘lsin deb, tort va pishiriqlar ham pishirib sotaman. Doimo mendan tort va pishiriqlar oladi. Ammo pulini bermaydi. Bir kelinim savdogar, o‘qituvchilar kelinimizdan o‘ziga kerakli buyumlarni sotib olib, pulini oylikdan to‘lab yurishadi. Bahorda o‘sha kelinimdan hamma oyoq kiyim olgan edi, ammo pulini shu kungacha bermay yurgandi. 11-sinflar ochilgani uchun har bir dars soatiga 1,5 ming so‘mdan yig‘ish kerak ekan. Menga o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari telefon qilib, o‘sha yig‘ilayotgan pulni berib yuboring dedi. To‘g‘risi, yonimda pul yo‘q edi va nimagadir jahlim chiqib turgandi “Direktor mendan shippak olgan, o‘shani pulini bersin. O‘shandan olavering” deb aytdim.
Maktabda qanday tadbir bo‘lsa ovoz kuchaytirgich va mikrafonni, barcha texnik jihozlarni o‘zim olib kelaman. Maktabning musiqiy tadbirlar o‘tkazish uchun texnikasi yo‘q. Uyam falon pul bo‘lib ketadi. Juma kuni bir musiqa o‘qituvchisini olib kelib, sizga 3 soat dars beraman, deb aytibdi. O‘sha domla tadbirni o‘tkazib beribdi.
Kaltak yeganini iddao qilayotgan o‘qituvchining aytishicha, bir shapaloq tarsaki yeganidan so‘ng uning qon bosimi oshib ketgan. Guvoh bo‘lgan o‘qituvchilar darrov Ziroatxonning turmush o‘rtog‘ini chaqirishgan. Turmush o‘rtog‘i uni uyiga olib ketgan. Uyida esa hushidan ketib qolgan, soat 16 larga yaqin Tez yordam chaqirishgan va u kasalxonaga yotqizilgan.
O‘qituvchining fikrlarini eshitganimizdan so‘ng, maktabga yo‘l oldik.
Feruza Isroilova 2017-yildan buyon maktab rahbari hisoblanadi. Maktabda 860 nafar o‘quvchi 2 smenada ta’lim oladi. Ularga 68 nafar pedagog-xodim bilim beradi.
— O‘sha kuni shanba edi. 25 sentabr. Bizga “ xalq ta’limi bo‘limidan 10 nafar o‘quvchi bilan kelinglar, sport marafoni bo‘ladi” deyishgandi. Kichkina farzandimning mazasi yo‘q edi, o‘shanchun uning muolajalarini qilib ishga 8.30 larda keldim. Shoshilib kelayotsam zinani yonida musiqa ustozi turgan ekan, he yo‘q, be yo‘q “nega mening darsimni boshqa birovga olib berdingiz” dedi. Men “Opa, meni marafonga chaqirishgan, qaytib kelib gaplashamiz, siz kechagi tadbirni o‘tkazmasdan boshqa maktabga ishga ketvordingiz, menga tadbirlarni chiroyli o‘tkazib beradigan xodim kerak” dedim. Shunda u kishi orqamdan yurib, meni haqoratladi, qo‘limga yopishdi. Men “Oling qo‘lingizni” deb bir qo‘limni siltalagandim, u kishining telefoni uchib ketdi. Shunda u menga yana tirmashdi. Ammo uning yuziga shapaloq tushirganim yo‘q.
Men yangi ishga olgan o‘qituvchi musiqa asboblarini chalishni biladi. Agar hozir ikkalasini olib kelib, shu yerda qo‘liga birorta musiqa asbobini ushlatib chalib bering desangiz Ziroatxon Komiljonova chala olmaydi. Men yangi ishga olgan o‘qituvchi chaladi.
Direktorga musiqa o‘qituvchisining lavozim majburiyatlariga maktabdagi tadbirlarni tashkillashtirish, uni o‘tkazish ham kiradimi? U shu tadbirlarni o‘tkazgani uchun qo‘shimcha haq oladimi yoki 45 daqiqa uchun ajratilgan haq tadbir o‘tkazish uchun ham hisoblanadimi, deya savol berdik.
— Maktabda ishlagandan keyin 23 soat darsi bo‘lganidan keyin tadbirlarni ham o‘tkazishi kerakku, — degan javobni oldik.
Endi o‘sha voqeaga bevosita guvoh bo‘lib qolgan o‘qituvchi Zuhra Yo‘ldoshevadan voqea qanday bo‘lganligini eshitamiz.
— O‘sha kuni dars paytida ikki nafar o‘quvchimni izlab orqa tarafdan bu yerga o‘tgandim, — deydi u maktabning bir binosiga kiradigan joyni ko‘rsatib. Zinani oldida Ziroatxon ustoz turgan ekan. U bilan salom-alik qilib ulgurmasimizdan darvozadan direktor kirib keldi. Soat taxminan 9lar edi. Ikkinchi soat boshlangandi. Direktor keldiyu Ziroatxon ustozning salomiga ham alik olmasdan “ha, nima qilib turibsiz” dedi. Shunda bu o‘qituvchi “Nega mening darsimni birovga olib berdingiz” deya jahli chiqqani uchunmi yoki o‘zi shunaqa odati bormi qo‘lini paxsa qilib gapirdi. Direktor “Tushir qo‘lingni” deya sensirab ustozning qo‘liga bir urdi. Shunda Ziroatxonning qo‘lidagi telefon uchib ketdi. Direktor o‘qituvchining gapiga javob bermasdan zinadan ko‘tarila boshladi. Ziroatxon “savolimga javob bering” deya orqasidan bir qadam tashlagan edi, sharaq etib yuziga tarsaki tushirdi.
Bu voqea soniyalar ichida sodir bo‘ldiki, mening qo‘l oyog‘im qaltirab qoldi. Qo‘rqib ketganimdan nima qilishni bilmay, orqa tarafga suv ichgani o‘tib ketdim. Shu paytda yana bir ustoz Shohistaxon Otajonova ham binodan chiqib, bu voqeani ko‘rishga ulgurdi, — dedi guvoh.
Afsuski, biz maktabda Shohistaxon Otajonovani topa olmadik.
Yana bir tarix-huquq fani o‘qituvchisi E’zozxon Dehqonovaning aytishicha, o‘tgan o‘quv yilida direktor Feruza Isroilova uning ham 3 soat darsini ogohlantirmasdan birovga olib bergan. Xuddi shu masalada direktorga murojaat qilganda undan qo‘pol javob olgan.
Bu kabi ishlar sodir bo‘lganida o‘qituvchilar va rahbar o‘rtasidagi ziddiyatni maktabning kuzatuv kengashi hal qilishi yoki tegishli organlarga olib chiqishi kerak.
Maktabda 2019 yildan buyon kuzatuv kengashi faoliyat ko‘rsatmas ekan.
Nega, degan savolimizga maktab direktori Feruza Isroilova shunday javob berdi:
— Kuzatuv kengashi raisi shu maktabda uzoq yillardan buyon ishlab, pensiyaga chiqqan Ziyayev domla edilar. U kishi kasal bo‘lib qoldi. Shuningdek, 2019-yilda pandemiya sababli maktablar onlayn o‘qishga o‘tdi. Domla mening sog‘lig‘im ko‘tarmayapti, endi raislik qilolmayman, boshqa rais saylanglar” degan . Ammo pandemiya sababli hali kuzatuv kengashi raisligiga boshqa odamni saylay olganimiz yo‘q. Ammo kuzatuv kengashi a’zolari bo‘lgan ota-onalar, shu yerni bitirib chiqqan tadbirkorlar baholi qudrat yordam berib turibdi.
Biz maktabga kaltak yegan o‘qituvchining shikoyati asosida borgandik. Faqatgina shu muammoni yoritishni ma’qul ko‘rdik. Ammo maktabning boshqa o‘qituvchilaridan, Dasht-cho‘lpon MFY raisi va faollaridan eshitgan gaplarimiz haqida hozircha indamaymiz. Direktor zo‘ravon, o‘qituvchilari arzgo‘y maktabning o‘quvchilariga qiyin ekanligini ayta olamiz xolos.
Qachonki maktabda sog‘lom muhit bo‘lsagina o‘quvchilar yuqori marralarga erisha oladi.
Sharifa MADRAHIMOVA,
Fayzullo SULTONOV