MING XIL GULNING IFORI
1974-yildan buyon xalq ta’limi sohasida ishlab kelayotirman. Maktab kutubxonachiligidan direktorlikkacha bo‘lgan, bir qaraganda yaqin, ikkinchi tomondan qaraganda juda uzoq yo‘lni bosib o‘tdim. Agar 1964-yili birinchi sinfga borganimni ham qo‘shib hisoblasak, qariyb 60 yildan buyon maktab bag‘ridaman. Shu bois bo‘lsa kerak, sohaning ikir-chikirlaridan yaxshi xabardorman, deb aytsam, mubolag‘a bo‘lmas. Bugungi kunlarda mamlakatimiz xalq ta’limini takomillashtirish borasida qizg‘in bahs-munozaralar ketayotganidan xabarim bor. OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuyinchak insonlar o‘z mulohazalarini bildirib borishayotgani kishini juda quvontiradi. Men ham bu haqda o‘z fikr-mulohazalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
O‘zbekiston xalq ta’limi tizimi chuqur islohotlarga muhtoj ekanligi kundan-kunga oydinlashib bormoqda. Bunda, nazarimda, eng dolzarb muammo pedagog kadrlarning malaka va mahorati masalasi deb hisoblayman. Uzoq yillar davomida pedagog xodimlarga tekischilik tutumi asosida kam ish haqi to‘lab kelingani, ularning bilim va malakalari sifati uzluksiz yomonlashuviga olib keldi. Nufuzli universitetlar va boshqa obro‘li ta’lim dargohlariga kirishni eplolmaydigan bitiruvchilarning aksariyati diplomli bo‘lish ilinjida pedagogika oliy ta’lim muassasalarida o‘qiy boshladi. Sho‘ro davrida savdo, moliya, iqtisodiyot, huquqshunoslik, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi singari sohalarga kadrlar tayyorlab beruvchi oliy ta’lim muassasalariga ko‘proq puldor-amaldor odamlarning farzandlari borar, pedagoglikka esa nisbatan kambag‘alroq oilalarning bolalari o‘qirdi. Mustaqillikdan keyin joriy etilgan test-sinov qabul tartibidan so‘ng iqtidorli-iste’dodli bitiruvchilarni nufuzli OTMlar ohanrabodek o‘ziga tortib ketdi. Natijada, pedagogika o‘quv yurtida o‘rtamiyona talabalar to‘planib qolishdi. Mana, yillar o‘tib, ular zimmasiga yosh avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa yuklandi. Ko‘rinib turibdiki, ular bu og‘ir yukni tortishga ojizlik qilishmoqda. Oqibatda, muallim-ustozning yuksak obro‘si kundan kunga yerparchin bo‘lmoqda. Kunda bo‘lmasa kunora o‘qituvchilarning kaltaklanayotgani, kamsitilayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Bunda faqat ota-onalar va aka-opalar yoki o‘qituvchilarni birtomonlama qoralash fikridan yiroqman. Direktorlik davrimda oliy ta’lim muassasalarini bitirib kelgan mutaxassislarni aqlim yetganicha sinovdan o‘tkazib, ishga qabul qilish odatim bor edi. O‘sha yillarda ot bilan olmoshning farqiga bormaydigan tilchilar, koptokning hajmini o‘lchab berolmagan matematiklar, tarjimai holini yozib berishning uddasidan chiqolmagan rus tili o‘qituvchilari, tranzistor nima ekanligini bilmagan fiziklar, fasllar almashinuvi sababini tushunmaydigan geograflar, 60 so‘zli diktantni o‘n beshta xato bilan yozadigan boshlang‘ich sinf muallimalari bilan yuzma-yuz bo‘lganman va tabiiyki, garchand, mening ko‘nglimni topishga uringanlarida ham, ishga qabul qilmaganman. Ular, albatta, qayerdandir ish topib joylashganlariga ishonchim komil. Chunki qo‘llarida sehrli tayoqcha – diplom bor. Keyinchalik ulardan biri nufuzli ta’lim tashkilotida bo‘lim boshlig‘i darajasigacha ko‘tarilganini ko‘rib sira ajablanmadim. Negaki, ta’lim tizimimizda kadrlarni saralash mexanizmi deyarli ishlamaydi. Uni korrupsiya degan balo komiga tortib ketganiga ancha-ancha yillar bo‘lgan.
Iqtidorli yoshlarning pedagoglikdan o‘zlarini olib qochishlari sababiga kelsak, o‘qituvchining mashaqqatli mehnati qadrlanmay qo‘yganiga ham ancha bo‘ldi. Aytaylik, o‘tgan asrning 50-yillarida sobiq SSSR ta’lim tizimi sifati eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan. BMTning ta’lim masalalari bilan shug‘ullanuvchi qo‘mitasi xulosalariga ko‘ra, sho‘ro ittifoqi o‘sha davrda dunyoda faxrli uchinchi o‘rinni egallagan. Nega desangiz, partiya va hukumat o‘sha yillarda xalq ta’limi tizimi faoliyatini rivojlantirish yo‘lida qattiq sa’y-harakat ko‘rsatdi. Sababi, Ikkinchi jahon urushi bu boradagi nuqson va kamchiliklarni beshafqat ochib tashlagan edi. Sovet fan va texnologiyalari G‘arb mamlakatlari darajasidan juda orqada qolib ketganligi ma’lum bo‘lib qoldi. SSSR o‘shanda G‘arb mamlakatlarining ko‘magiga suyanibgina fashizm ustidan g‘alaba qozonganligi tarixiy haqiqat. Shu bois, qatag‘onga uchrab, qamoqlarga tashlangan olim-ziyolilar zudlik bilan ozod qilindi. Sergey Korolyov raketa va kosmos sohasida, Igor Kurchatov esa yadro fizikasi bo‘yicha mamlakat mudofaasiga doir tadqiqot ishlarini boshlab yuborishdi. Xalq ta’limi ham chuqur isloh qilinib, o‘qituvchilarga yuqori ish haqi berilib, jamiyat erkatoyiga aylandi. Ustozlarimizning xotirlashlaricha, hali odamlar qorni nondan tuzuk to‘ymagan o‘sha og‘ir yillarda muallimning bir oylik maoshiga sigir-buzoq sotib olish mumkin bo‘lgan ekan. Ular yana pulimiz ortib qolib, kelgusi oylikkacha tirikchiligimizga yetgan edi, deb eslagandilar. Haqiqatan ham o‘sha yillari hayotda nima yangilik bo‘lsa birinchi navbatda o‘qituvchilarning xonadonida paydo bo‘lardi. Radio, televizor, sovutkich, mototsikl, gilam kabi qimmatbaho buyumlarni dastlab o‘qituvchilar xarid qilganiga guvoh bo‘lganmiz. Yana buning ustiga turli imtiyozlar, kurort-sanatoriy va sayohatlarga yo‘llanmalar ham eng avvalo o‘qituvchilarga nasib qilardi. Uy qurishlari uchun yer uchastkalari, arzon narxda qurilish materiallari berilardi. Har xil mahalliy soliqlardan ozod qilinib, elektr, gaz va o‘tin-ko‘mir muallimlar uchun deyarli bepul edi. Shu sabab bo‘lsa kerak, ular ham kasblariga mehrlarini berib, astoydil mehnat qilardilar.
O‘sha davrda bir kuni mahalladoshimiz Eson Yunusov akaning taniqli adib Asqad Muxtor qalamiga mansub “Daryolar tutashgan joyda” qissasi haqida yozgan inshosini ko‘rganman. 11-sinf o‘quvchisi yozgan besh sahifali inshoga o‘qituvchi Rahim Saidmurodov yetti sahifali taqriz yozib, keyin baho qo‘ygan. Hozir ikkalalari ham dunyodan o‘tib ketishdi. Ammo ularning o‘sha ishlari hali-hanuz xuddi kechagiday yodimda. Ana shu kichkinagina manzara kishida o‘sha davrdagi ta’lim mazmuni haqida katta xulosa berishi mumkin. O‘rni kelganda, ular o‘qigan va ta’lim-tarbiya bergan maktab haqida ham bilganlarimni aytib beray. Qishlog‘imizdagi Lomonosov nomidagi 6-maktabda tevarak-atrof, bu yog‘i Tojikiston chegarasigacha uzoq-yaqin qishloqlardan kelgan yoshlar ijara uylarda turib o‘qir edilar. Chunki maktabimiz tumandagi eng nom qozongan bilim dargohlaridan biri edi. Ustoz muallimlar ham bu yog‘i Samarqanddan, bu yog‘i Urgutdan qatnab saboq berardilar. Keyinchalik uni tugatgan bitiruvchilar deyarli barchasi oliy ma’lumot olib, yetuk kadrlar bo‘lib yetishdi. Maktabning o‘z yuk avtomobili, traktori, metall va yog‘ochga ishlov beradigan stanoklari, hatto, kattagina issiqxonasi ham bor edi. Maktabning alohida mo‘jaz elektr stantsiyasi bo‘lib, atrofdagi xonadonlarga yorug‘lik ulashardi.
Ta’limga bo‘lgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasi o‘zini uzoq kuttirmadi. Sobiq sho‘ro davlati ta’lim tizimi izidan fan-texnikasi ham rivojlanib, dunyodagi ilg‘or o‘rinlardan biriga chiqib oldi. Jahonda birinchi bo‘lib koinotga yo‘l ochdi va insonni kosmosga uchirdi. Yuriy Gagarinning parvozi G‘arb dunyosining ko‘zini moshdek ochib qo‘ydi. Shundan so‘ng amerikaliklar ham zudlik bilan ta’lim sohasini chuqur isloh qilishga kirishdilar va keyinchalik jahonga mashhur “Qahrabo vodiysi”ni barpo etdilar. Shu tufayli keyingi yutuq ularniki bo‘ldi. Amerika astronavtlari 1968-yili Oyga qo‘nib, AQSh bayrog‘ini o‘rnatdi.
1965-yili sho‘ro davlatida hokimiyat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Yangi kelgan hukumat binoyidek ishlab turgan ta’lim tizimini salbiy yo‘nalishda isloh qildi. 11 yillik o‘rta-politexnika maktablari unifikatsiya qilinib,
yagona shakl va mazmundagi o‘n yillik o‘rta maktablar va hunar-texnika bilim yurtlariga aylantirildi. Natijada, maktablarda bilim sifati susayib, hunar bilim yurtlari qoloq o‘quvchilarning o‘ziga xos jazo muassasasiga aylanib qoldi. O‘sha men aytgan mashhur ilg‘or maktab ham keyinchalik boshqa o‘rtamiyona maktablardan deyarli farq qilmaydigan oddiy umumta’lim muassasasiga aylandi.
Afsuski, bu xato keyinchalik mustaqil mamlakatimizda ham takrorlandi. Istiqlol sharofati bilan yangidan paydo bo‘lgan gimnaziya, litsey, kollejlar, iqtidorli bolalar maktablari tugatilib, hammasi bir shakl va mazmundagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga aylantirildi. Hatto, To‘xtamurod Jumayevning mashhur “Qorako‘l maktabi” ham hozir qanaqadir o‘quv markaziga aylantirib yuborilgan deb eshitamiz. Gap T.Jumayev haqida borar ekan, biz marhum mash’al pedagoglarimiz toshkentlik Oqilxon Sharofiddinov, andijonlik Mamajon Abdurasulov, samarqandlik Hamid Musayevlarning porloq nomlarini alohida mehr-muhabbat bilan eslaymiz. To‘xtamurod akaning vafotidan keyin eslashga arzigulik yana biror ustoz qoldimi?! Shu o‘rinda maktablarimizda erkak o‘qituvchilarning o‘rni boshqacha ekanligi yana bir marta o‘zining yorqin isbotini topdi. Xotin-qiz ustozlarimizni kamsitmagan holda shuni aytish lozimki, ularning nozik yelkalari bunday mashaqqatli mehnatga nisbatan zaif ekanligi sezilib qolmoqda. Erkaklarni maktabga qaytarish uchun esa endi
anchagina ishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, natijalar kutilganidek emasligi ayon bo‘lib bormoqda.
Ushbu maqolada yilda bo‘lmasa-da, yilora taqlid qilib kelayotganimiz: xorij ta’lim tizimining yaxshi yoki yomon tomonlari haqida fikr bildirish istagidan yiroqman. Chunki bunga aqlim ham, bilimim ham yetmaydi. Kishi bilmagan narsasi haqida gapirmagani ma’qul. Mening fikri ojizimcha, fin, yapon, turk, koreys, amerika ta’lim tajribasini joriy qilishdan avval birinchi galda pedagog kadrlarimiz salohiyatini yaxshilash zarur. Bunda qachonki, o‘qituvchilikdek og‘ir kasb sohiblariga loyiq ish haqi to‘lanmas ekan, boshqa hamma chora befoyda. Shunday qilinishi kerakki, pedagoglikka bilimda eng sara yigit-qizlar o‘qishni orzu qilsin. Hozircha esa o‘qituvchi bo‘lishni ko‘pchilik yoshlarimiz orzu qilmayapti. Hatto, pedagogika sohasida o‘qiganlar ham turli serdaromad joylarga ketib qolishmoqda. Boshqa sohalardan tuzukroq ish izlab topolmagan kadrlargina maktablarga noilojdan bormoqda. Bozorda aravacha haydaydigan bir tanishim bor. “Kuniga yuz-ikki yuz ming ishlamasam, uyga qaytmayman, tog‘a”, deydi. Albatta, uning mehnatini juda zarur deb bilaman va hurmat qilaman. Biroq oddiy hammol oliy ma’lumotli pedagogdan ko‘ra ko‘proq pul topadigan jamiyatda ziyolining obro‘-e’tibori meni ko‘proq tashvishlantiradi..
Obro‘li xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, o‘qituvchining maoshi mamlakatdagi o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lsa, o‘sha joyda ta’lim tizimi izdan chiqadi. Eng yuqori maoshni 20 million so‘m (garchand, bundan yuqoriroq bo‘lsa ham), eng kamini 500 ming so‘m deb olganimizda, o‘rtacha miqdor 10 million so‘m atrofida to‘xtaydi. Demak, Prezident va’da qilgan ming dollar mantiqiy adolatli maosh ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Biroq masalaning eng muammoli tomoni shundaki, bugungi holatda davlatimiz xazinasi barcha muallimlarga bu miqdorda oylik berishga qodir emas. Shu bois, menimcha, bunda boshqacha yo‘l bilan ish tutishga to‘g‘ri keladi. Avvalo, bu borada samarasiz ishlayotgan boshqaruv apparatini keskin qisqartirish kerak. Xalq ta’limi boshqarmalari, bo‘limlari tugatilib, o‘rnida Xalq ta’limi vazirligi nazoratidagi ixcham va halol ishlaydigan kam kontingentli ta’lim departamentlari tashkil etilishi lozim. Tizimda korrupsiyani urchitayotgan har xil: mudir, boshliq, bo‘lim boshlig‘i, ekspert, monitorchi, nazoratchi, taftishchi, o‘rinbosar, uslubchi, iqtisodchi, hisobchi, yordamchi singari foydasidan zarari ko‘proq tegadigan vazifador (funktsioner)lar sonini kamaytirib, asosiy e’tiborni amaliy pedagogika bilan shug‘ullanayotgan xodimlarga qaratish lozim. Ayniqsa, oliy toifali muallimlarning mehnatini qadrlab, hazrat Mahmudxo‘ja Behbudiy iborasi bilan aytganda, boshlarini silash zarur. Ana shunday qilinganda, ham o‘qituvchilar, ham maktablar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti paydo bo‘ladi va ta’lim tizimini tushib qolgan inqiroz botqog‘idan xalos etadi, deb ishonaman. Bu borada qilinadigan uchinchi asosiy ish: turli shakldagi ta’lim muassasalarini ko‘paytirish va ularga mustaqil faoliyat yuritishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib qo‘yish kerak. Mayli, gimnaziyalar, litseylar, kollejlar, IDUMlar, xususiy maktablar, Prezident maktablari, ijod maktablari ko‘payaversin. Har bir tumanda vazir maktablari, har bir qishloqda hokim maktablari tashkil etilsin. Ular bir-biri bilan raqobat qilsin. Xitoyliklar aytganidek, ming xil gul ochilib, ming xil maktab saboq bersin.
Xudoyberdi KOMILOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, faxriy pedagog