Mahorat darslari
Mahorat darslari
Poytaxtlik oʻqituvchi-pedagoglar uchun navbatdagi mahorat darslari oʻtkazildi
Xabaringiz bor, “Oʻqituvchilar Assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasi tomonidan “Ustoz-2020” hamda “Ustoz-2021” milliy mukofoti tanlovi gʻolib va finalchilari ishtirokida oʻzaro tajriba almashinish, kasbiy mahoratlari bilan oʻrtoqlashish maqsadida mahorat darslari yoʻlga qoʻyilgan.
Kuni-kecha navbatdagi mahorat darsi qatnashchilariga poytaxtning “Sehriyo” xususiy maktabi oʻz eshiklarini ochdi. Boisi, aynan ushbu maktab oʻqituvchilarining 3 nafari ikki yil davomida Milliy mukofot tanlovining finalchilariga aylanishgan. Shu sabab ham, 60 nafarga yaqin Toshkent shahri va Toshkent viloyati oʻqituvchilari uchun ushbu taʼlim maskanining faol va fidoyi ustozlari hamda Milliy mukofot tanlovining boshqa gʻoliblari ishtirokida mahorat darslari amaliy mashgʻulotlar asosida muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Genara Mitxatovna Ziyatdinova, Toshkent shahridagi xususiy “Sehriyo” NTM direktori.
Tadbirning kirish qismida: – Tanlov haqiqatan ham Oʻzbekiston taʻlim sohasidagi muhim voqealardan biriga aylandi. U oʻqituvchilar uchun alohida ahamiyat kasb etishi bilan birga, oʻqituvchi kasbini ommalashtirish va mavqeini yuksaltirish, taʻlim tizimi yutuqlari va uni rivojlantirish istiqbollarini butun mamlakatimizga namoyish etish mexanizmiga aylanmoqda”, – deb taʼkidladi “Oʻqituvchilar Assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasining loyihalar boʻyicha mutaxassisi Yulduz Uzoqboyeva.
“Oʻqituvchilar Assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasining loyihalar boʻyicha mutaxassisi Yulduz Uzoqboyeva “Ustoz – 2020” va “Ustoz – 2021” Milliy mukofoti tanlovlarida ishtirok etgan oʻqituvchilarning ilgʻor ish tajribasini namoyon etilishi, samarali tajribani ommalashtirish va pedagogik taʻlimni rivojlantirishga xizmat qilgani tadbir ishtirokchilari tomonidan alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tadbirda oʻz taqdimotlari bilan maʼruza qilgan va ilgʻor tajribalari bilan oʻrtoqlashgan mahoratli oʻqituvchilar mahorat darsi tinglovchilarida katta taassurotlar qoldirdi. Jonli muloqot va qiziqarli muzokaralarga boy tarzda boʻlib oʻtdi. Maʼruzachilarning har bir taqdimotlari, chiqishlari, tanlangan mavzulari mahorat bilan ochib berildi. Va albatta, mahorat darsi tashkilotchilarining bosh maqsadi sifatli taʼlim va munosib yosh avlodni tarbiyalashdir. Navbatdagi mahorat darsi GENESIS EDUCATION xususiy maktabida bolib otadi. Bu haqida yana xabar beramiz.
Nargiza Azimova