Maktab: Ilk qo‘rquvdan yutuqqacha
Maktab: Ilk qo‘rquvdan yutuqqacha
Ko‘pchilik o‘quvchilar doska oldiga chiqib javob berishdan qo‘rqishadi. Shunday o‘quvchilar borki, mavzuni bilmasdan ham o‘qituvchining savollariga xotirjam javob bera oladi. Boshqalari esa bezovta bo‘lib, tashvishga tushadi, ba’zilar hatto ustozi ismini aytgandayoq qo‘rquvni his qiladi. Natijada o‘qiganlarini butunlay unutib qo‘yadi. Xo‘sh, ushbu holatlarga nima sabab bo‘lishi mumkin?
• sinfdoshlar bilan ziddiyat;
• oldingi muvaffaqiyatsiz javoblar tufayli psixologik travma;
• o‘qituvchining noto‘g‘ri xatti-harakatlari va dashnomlari;
• yashash joyining o‘zgarishi, do‘stlarning yetishmasligi va notanish muhit.
Savollarga yaxshi javob bera olmaslik, bolalarning psixologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘ziga ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Ustozning yaxshi so‘zlari va o‘quvchining kichik muvaffaqiyatiga berilgan yuqori baho bu vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin.
Agar bola jamoaga yaqinda kelgan bo‘lsa, o‘qituvchining vazifasi – uning moslashishiga yordam berish, sinfdoshlarini yaxshiroq bilishiga ko‘maklashishdir. Bunday holda ko‘p narsa o‘qituvchining kasbiy mahorati va insoniy fazilatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Dastlab o‘quvchini doskaga ko‘pam chaqirmang, qiyin vazifalarni bermaslikka harakat qiling, xohishiga ko‘ra so‘rab, sharhlar bering. Xato javob bersa, darrov sinfdoshlari oldida izza qilmang. Bu borada u bilan alohida gaplashing, kichik javob uchun ham rag‘batlantirishga urining. Bu bolaning ruhiyatini ko‘taradi, sinfdoshlari orasida obro‘sini oshiradi va do‘st topishiga yordam beradi.
O‘quvchi doska oldida javob berishga qo‘rqsa, joyida turgan holda gapirishi mumkinligini ayting. Agar o‘quvchida:
• o‘zini past baholash, natijada o‘ziga va bilimiga bo‘lgan
ishonchning yo‘qligi;
• tashqi ko‘rinishidan norozilik;
• jismoniy nuqsonlar;
• nutq bilan bog‘liq muammolar;
• emotsionallik va ta’sirchanlik kuchli bo‘lsa, unda maktab psixologi, logopedi bilan bigalikda masalaga yechim topish kerak.
Albatta, ota-ona ko‘magi va qarori ham juda muhim.
Bunda ota-onalar uchun ham ko‘rsatmalar bor:
• boladan aniq nimadan qo‘rqayotganini so‘rang;
• u bu holatda yolg‘iz emasligini tushuntiring;
• uy vazifasini ko‘zgu oldida baland ovoz bilan takrorlab, puxta tayyorlashni tavsiya eting;
• darsga javob berib, u bilan yaxshi munosabatlarni o‘rnatgan kishilarga e’tiborini qaratishni o‘rgating;
• o‘g‘lingiz yoki qizingizning e’tiborini xatolar va zaifliklarga emas, balki yutuqlar va muvaffaqiyatlarga qarating;
• xatolari sababini tushunmasdan, yomon baho uchun qattiq jazolamang;
• lozim topsangiz, bolangizni ritorika kursi yoki drama to‘garagiga bering yoki nutq terapevtidan yordam so‘rang.
Sinf doskasidan qo‘rqish — chuqur muammoning kichik ko‘rinadigan qismi. Agar biz kattalar bolaga o‘z vaqtida yordam bermasak, uyatchanlik noaniqlikka, ishonchsizlikka aylanadi. Bunday bola o‘z muammolari bilan ajralib turadi, tengdoshlari bilan muloqotni to‘xtatadi, do‘stlarini yo‘qotadi. Katta bo‘lganida muvaffaqiyatga erishishga, hayotda o‘z yo‘lini topishga qiynaladi.
Qo‘rquvni yengish qiyin, bunda ustoz va ota-ona birgalikda harakat qilishi lozim. O‘qituvchi foydali maslahatlar beradi. Ota-onalar bolaning xatti-harakatlarini nazorat qilishi va o‘ziga ishonchi oshishiga yordam berishi kerak. Unutmang, barcha manfaatdor tomonlarning o‘zaro hamkorligi muvaffaqiyat garovidir.
Xolmamat NORQUVVATOV,
Jarqo‘rg‘on tumanidagi
33-maktab psixologi