Maktab yaxshimi yoki molbozor?
Safar muallimni bunday alfozda uchrataman deb o‘ylamagan edim. Oyog‘ida loyga botgan etik, ustida paxtasi chiqib ketgan chopon, belini esa arg‘amchi bilan boylab olgan, boshida telpak, soqoliga yaqin o‘n besh kunda ustara tegmagan...
Nahotki, bu kishi bir paytlar tumanimiz maorifchilarining oldi, mash’ali, har yili bir necha bor gazetada surati chiqadigan, o‘quvchilari olimpiada va tanlovlar g‘olibi bo‘lgan muallim bo‘lsa?
— Bugun “ov”imiz yomon bo‘lmadi, yuring, bir piyola choy ichaylik, — deya domla tirsagimdan tutib bozor yaqinidagi oshxona tomon yetakladi. Ko‘p o‘tmay stolga bir lagan yaxna go‘sht, ikkita tandirdan uzilgan issiq non, choynak-piyola qo‘yildi. Muallim bamaylixotir nonni sindirdi, choy quyib uzatdi va ikkalamiz jimgina tamaddi qilishga kirishdik.
— Xo‘sh, oylik qancha bo‘ldi shogird?
— Ikki millionga yaqin...
— Shu pul bilan qanday ro‘zg‘or tebratyapsan?
— Harna, o‘tib turibdi...
— Hali bolalaring yosh-da, men ham sendek edim, fidoyi... Universitetni “qizil” diplom bilan tugatganman, maqolalarim gazeta-jurnallarda ko‘p bosilgan, domlalikka olib qolishmoqchi ham bo‘lishgandi, bilasan, oilada yolg‘iz o‘g‘ilman, keksa ota-onamni o‘ylab qishloqqa qaytdim. Qolganidan o‘zing xabardorsan, xudo berib yangang uch o‘g‘il, ikki qiz tug‘ib berdi. Yillar esa o‘taverdi, orzular, umidlar talabalikdagi daftarlarda qoldi. Maktabga ishga joylashdim, uyim demadim, ro‘zg‘orim demadim, men qatorilar, hatto uch baho ololmagan o‘quvchilarim yo‘lini topib mashina mindi, dang‘illama uy qurdi, biz esa almisoqdan qolgan velosipedni minib yuraveribmiz...
Ikkinchi o‘g‘limni taniysan, matematikadan zo‘r birinchi yili kontraktga tushdi, o‘qima dedim, ikkinchi yil qizim ham birga ketdi, ikkovi ham yana o‘sha baloga ilashdi, jonim chiqib ketdi, uydagi sigir-buzoq, hatto eshakni ham sotdim, yarmiga yetdi. Bir boyvachcha tanishimdan qarz ko‘tardim, bolalarim xursand bo‘lishdi, qiyqirishib shaharga jo‘nab ketishdi, meni esa g‘am yedi, alam yedi...
Ikki kun telbadek faromush yurdim, umrimda birinchi marta maktabga kechikib bordim, darsga kirolmadim, uyga qaytdim. Qarzni esa bir oyning ichida to‘lashim lozim edi, bo‘lmasa ustamasining o‘zi naq ikki million bo‘lardi... Ayt-chi, bu oz pulmi? Sen uchun katta pul bu, o‘shanda men uchun ham katta pul edi, ustiga-ustak ikki-uch oylab maosh ham kechikadigan odat chiqardi. Xullas, ishdan bo‘shadim, kitob-daftarni tokchaga qo‘yib, pul topishni o‘yladim va oxiri topdim, o‘zimni molbozorga urdim, cho‘ntagida hemiri yo‘q dallol, jallob bo‘ldim. Bu kasb ham oson emas ekan, avvaliga yovqarash qilishdi, hatto bir-ikki turtishdiyam, lekin men bo‘sh kelmadim, birini aka, dedim, birini uka. Bilasanmi, Xudo berib bir kechada besh yuz ellik ming ishlabman, xotinim cho‘ntagimdagi pulni ko‘rib, o‘g‘rilik qilgan deb o‘ylagan chog‘i esi og‘ib qolayozdi. Yotig‘i bilan tushuntirdim,
uning quvonganini bir ko‘rsang edi. Shunday qilib, haftaning besh kuni ham molbozorda javlon uraverdik, kunlar esa o‘taverdi, bilasan, tabiatan qaysar odamman, qolaversa, kitob o‘qiganim, tilchiligim qo‘l keldi, mol oladiganni ham, sotadiganni ham shunday avraydigan so‘zlarni topdimki, hatto o‘zim-o‘zimga qoyil qolgan paytlarim ham bo‘ldi. Ishqilib, bir yarim oy deganda qarzimni ustamasi bilan qaytardim, ro‘zg‘orimga ham baraka kirgandek bo‘ldi. Ammo ko‘nglim notinch edi, ich-ichimdan
ezilardim, maktabni, kasbdoshlarimni, ayniqsa, qorako‘z o‘quvchilarimni sog‘inardim...
Shu orada talaba ukalaring kelib qolishdi, oldi qish, kiyim-kechak, yo‘lkira deganday, cho‘ntagimdagi borimni berdim, jo‘nab ketishdi. Yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi, orasta kiyinib maktabga bordim. Darslarimni yangi kelgan muallimaga berishgan ekan. O‘zimning o‘quvchim. Mayli, yil oxirigacha o‘qitaver, dedim.
Katta o‘g‘limning harbiydan qaytganiga olti yil bo‘ldi, yoshi ham yigirma oltida, mening shu yoshda ikkita bolam bor edi, haliyam insofli ekan, birortasini ergashtirib kelib o‘tirsa nima qilardim? Xullas, kelin olish harakatiga tushdim. Yana bozorga qaytdim. Amallab o‘g‘limni uylantirdim, keyin tomorqa olish, uy qurish kabi chiqimli muammolar chiqdi. Qisqasi, uka, mana besh yildan
buyon bozorda yuribmiz. Istalgan mol bozoriga borib so‘ra, darrov tanishadi.
To‘ng‘ichimni ishga joyladim, shahardan bir xonali uy olib berdim. Bu ishlar ham quruqqa bo‘lmadi. Yaxshiyamki, uchinchi o‘g‘lim enasiga tortgan, esligina, o‘qiyman demadi, maktabni bitirib yordamchimga aylandi. Endi, bu yog‘i yoshim ham ellikdan oshdi, oyog‘im og‘riydigan bo‘lib qolgan, shuning uchun unga eskiroq
“Matiz” olib berdim, hali zamon meni olib ketgani kelib qoladi. Hali yelkamda tashvishlar ko‘p, singillarini
uzatish, uy-joyni yangilash, nevaralarga to‘y qilish, eh, xullas, tirikchilik, tashvishlar hech ado bo‘lmaskan…
Ko‘p o‘tmay yonimizga bashanggina kiyingan yigitcha kirib keldi, Safar muallim cho‘ntagidan pul chiqarib stol chetiga qo‘ydi, o‘g‘il otasini yelkasidan suyab mashinaga o‘tqazdi.
Oshxona egasi pullarni sanab oldi, mening esa o‘y-xayolimda Safar muallimning so‘zlari aylanaverdi, aylanaverdi...
Bu voqeaning bo‘lganiga ham besh yildan oshdi. Shu orada Safar muallim o‘zining sevimli kasbiga qaytdi. Gʻayrat bilan ishlab anchagina muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Ertaga ustozni nafaqaga kuzatamiz, shu bahona jamoani uyiga taklif etgan. Maktabimiz direktori qutlov xatini yozishni menga topshirdi. Men esa qutlov o‘rniga shularni qoraladim.
O‘rolboy QOBIL